Mahalliy

Toshkentda Telegram orqali narkotik sotgan ikki shaxs ushlandi

10 ming 700 dozaga teng giyohvandlik vositalari musodara qilindi

Toshkentda Telegram orqali giyohvand moddalar sotgan ikki shaxs qo‘lga olindi.

So‘nggi paytlarda dunyo bo‘ylab sintetik giyohvand moddalarning tarqalishi va internet orqali narkotrafikning tashkil etilishi tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonda ham bu tahdidlarga qarshi muntazam choralar ko‘rilmoqda.

Joriy yilning 3-avgust kuni IIV Tezkor qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari hamkorligida Yashnobod va Chilonzor tumanlarida tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbirlar davomida 1993-yilda tug‘ilgan shaxs va uning jinoiy sherigi, 1992-yilda tug‘ilgan, avval Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1 va 2-qismlari hamda 168-moddasi bilan sudlangan shaxs Yashnobod tumanida giyohvand moddalarni yashirin joylarga joylashtirish, ya’ni "zakladka" usuli bilan tarqatayotgan vaqtida ushlandi.

Voqea joyida ularga tegishli Nexia-3 rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, 20 gramm gashish yog‘i topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar 2025-yildan buyon Telegram platformasidagi narkotik do‘konida omborchi sifatida faoliyat yuritib, har oyda qariyb 10 kilogramm turli xil giyohvand moddalarni tarqatib kelgan.

Tezkor tadbirlar davomida ularning yashash manzillari ham tekshirildi. Natijada 2 kilogramm gashish yog‘i, marixuana va gashish, shuningdek, giyohvand moddalarni qadoqlash va tarqatish uchun mo‘ljallangan izolenta hamda boshqa ashyolar topildi.

"Xavfsiz va sog‘lom yurt" tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida o‘tkazilgan ushbu tezkor tadbir natijasida jami 2 kilogramm 170 gramm, ya’ni qariyb 10 ming 700 dozaga teng giyohvand moddalar noqonuniy muomaladan chiqarib olindi.

Mazkur holat yuzasidan giyohvand moddalarni noqonuniy sotish bilan bog‘liq jinoiy harakat sodir etgan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni giyohvand moddalar bilan bog‘liq shubhali holatlar haqida befarq bo‘lmaslikka chaqirmoqda. Bunday ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolar "Stopnarko_bot" Telegram boti yoki ekranda ko‘rsatilgan ishonch telefon raqamlari orqali xabar berishlari mumkin.