Toshkentda Igor Savitskiyning hayoti va merosiga bag‘ishlangan multimedia ko‘rgazmasi ochildi
Tashkent City Mall’da 'Savitskiy kundaliklari: Qadimiy va navqiron' multimedia ko‘rgazmasi ochildi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etgan loyiha Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi asoschisi Igor Savitskiyning hayoti va ijodiy merosiga bag‘ishlangan. Payshanba kunlari kirish bepul.

Toshkentda Igor Savitskiyning hayoti va merosiga bag‘ishlangan multimedia ko‘rgazmasi ish boshladi
Tashkent City Mall’da “Savitskiy kundaliklari: Qadimiy va navqiron” nomli multimedia ko‘rgazmasi ochildi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan loyiha rassom, kolleksioner hamda Nukusdagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi asoschisi Igor Savitskiyning hayoti va badiiy merosiga bag‘ishlangan.
Tasviriy san’at, musiqa, yorug‘lik va harakat uyg‘unlashgan ekspozitsiya kuratori Aziza Izamova bo‘lib, u tashrif buyuruvchilarga XX asr Markaziy Osiyo san’atiga yangicha nigoh bilan qarash imkonini beradi.
Loyihada Igor Savitskiyning O‘zbekiston badiiy merosini asrab-avaylashdagi o‘rni alohida ta’kidlangan.
Muassasadagi ko‘p yillik faoliyati natijasida Nukusda rus va Turkiston avangardi vakillari asarlari, shuningdek, Markaziy Osiyo rassomlari ijod namunalari jamlangan noyob san’at to‘plami shakllangan. Bugungi kunda ushbu kolleksiya mintaqaning madaniy merosida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, xalqaro san’at hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Ko‘rgazma 2027-yil 24-yanvargacha davom etadi.
Dushanbadan chorshanbagacha chiptalar 40 ming so‘m, jumadan yakshanbagacha esa 60 ming so‘m turadi. Payshanba kunlari kirish bepul bo‘lib, tashrif jonli navbat asosida amalga oshiriladi.
Maktab o‘quvchilari, talabalar va pensionerlarga iTicket kassalarida chipta xarid qilganda 50 foizlik chegirma beriladi. Maxsus bilim yurtlari va internat o‘quvchilari uchun kirish bepul.
2024-yil mart oyida “Savitskiy kundaliklari. Qadimiy va navqiron” multimedia ekspozitsiyasi poytaxtdagi “O‘zekspomarkaz”da namoyish etilgan edi.

