Saida Mirziyoyeva Qatarda “O‘zbekiston: harakatdagi meros” ko‘rgazmasi ochilishida qatnashdi (foto)

Saida Mirziyoyeva Qatarda "O‘zbekiston: harakatdagi meros" ko‘rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etdi (foto).
2-sentyabr kuni Saida Mirziyoyeva Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy bilan birga Qatar Islom san’ati muzeyida ochilgan "O‘zbekiston: harakatdagi meros" ko‘rgazmasining ochilishida qatnashdi.
Ushbu ko‘rgazma O‘zbekiston muzeylari va Qatar kolleksiyalaridan olingan noyob eksponatlarni o‘z ichiga oladi. Unda Islomgacha bo‘lgan davrlar, Somoniylar va Temuriylar davridan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy bosqichlarni aks ettiruvchi nodir yodgorliklar, an’anaviy hunarmandchilik va to‘qimachilik san’ati namunalari namoyish etilmoqda.
Prezident administratsiyasi rahbari ta’kidlashicha, "Bu – Qatar xalqi va uning mehmonlarini boy tariximiz hamda merosimiz bilan yaqindan tanishtirish uchun qulay imkoniyat, shuningdek, O‘zbekiston—Qatar madaniy aloqalarini yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir".
Shu kuni, shuningdek, yetti nafar qatarlik hunarmandning Toshkent, Samarqand va Buxoro bo‘ylab ijodiy safari natijalariga bag‘ishlangan "Ektashif O‘zbekiston" ko‘rgazmasi ham ish boshladi.
Ushbu ko‘rgazmada O‘zbekistonning boy madaniyati va an’analaridan ilhomlangan ustalar tomonidan yaratilgan nozik zargarlik buyumlari, xattotlik san’ati namunalari, nafis gilamlar hamda safar taassurotlarini aks ettiruvchi fotosuratlar to‘plami namoyish etilmoqda.

