Toshkentda harakatdagi mashina ustiga daraxt quladi
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida daraxt sinib, harakatlanib ketayotgan avtomobil ustiga tushdi. Voqea joyiga qutqaruvchilar jalb etilgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yoʻq.

Toshkentda harakatlanayotgan mashina ustiga daraxt qulab tushdi
2026-yil 1-oktabr kuni soat 23:59 da Chilonzor tumanidagi Kichik halqa yoʻli koʻchasida ushbu hodisa yuz bergan. Maʼlumotlarga koʻra, yoʻlda ketayotgan avtomobil ustiga daraxt sinib qulagan.
Voqea ortidan hududga darhol qutqaruv ekipajlari va hamkor xizmatlar yuborilgan. Ular hodisa oqibatlarini bartaraf etish hamda yoʻlni harakat uchun ochish bo‘yicha choralar ko‘rgan.
Tezkor amalga oshirilgan ishlar natijasida yoʻldagi toʻsiqlar olib tashlanib, mazkur hududda avtomobillar harakati qayta yoʻlga qoʻyilgan.
Xabarda alohida taʼkidlanishicha, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Avtomobilda nechta odam boʻlgani, transport vositasining rusumi va unga yetgan zarar miqdori haqida maʼlumot berilmagan.
Daraxtning nima sababdan sinib qulagani ham hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda.

