Toshkentda futbol musobaqasiga kelgan qozog‘istonlik 17 kishi ovqatdan zaharlandi
Toshkentdagi Do’stlik Cup 2026 festivalida qatnashish uchun Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidan kelgan 11 nafar bola va 6 nafar katta yoshli kishi ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Hozirda ularning ahvoli barqaror va zarur muolajalar ko‘rsatilmoqda.

Toshkentda futbol musobaqasiga kelgan qozog‘istonlik 17 kishi ovqatdan zaharlandi
Toshkent shahridagi Do’stlik Cup 2026 xalqaro yosh bolalar futbol turnirida qatnashish uchun Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidan kelgan sportchilar ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, 1-noyabr kuni elchixonaga festival ishtirokchilarining sog‘lig‘i yomonlashgani haqida ma’lumot kelib tushgan. Shundan so‘ng konsul Saken Perdebekov zudlik bilan 5-sonli shahar klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borgan.
Tibbiy yordam so‘rab jami 19 kishi murojaat qilgan, ulardan 17 nafari kasalxonaga yotqizilgan. Diplomatik vakolatxona ma’lumotiga ko‘ra, barcha bemorlarning ahvoli hozir barqaror, ularga zarur muolajalar ko‘rsatilmoqda.
Qozog‘iston elchixonasi vakillari bemorlar holidan xabar olgan va ularning ota-onalari bilan uchrashgan. Zaharlanish sabablari hamda davolash jarayoni ikki mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirliklari mas’ullari nazoratiga olingani bildirilgan.
Davolash jarayoniga Toshkent tibbiyot akademiyasi professorlari hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari jalb etilgan.
3-noyabr kuni musobaqaning Instagram sahifasida yuz bergan hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berilib, jamoalar va ota-onalardan uzr so‘raldi. Tashkilotchilardan birining aytishicha, holat ular to‘rt yildan ortiq vaqtdan beri hamkorlik qilib kelayotgan mehmonxonada sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Bolalar avval Uchtepa tumanidagi shifoxonaga olib borilgan, keyin kechqurun shahar klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazilgan.
“Ko‘pchilik rasmiy munosabatni vaqtliroq kutganini tushunamiz. Murojaat ushlanib qolgani uchun uzr so‘raymiz, bu vaqt davomida butun diqqat-e’tiborimizni bolalarning salomatligi, tibbiy yordamni tashkillashtirish va yuzaga kelgan masalalarni hal etishga qaratdik. Eng avvalo, butun jamoamiz nomidan samimiy afsusda ekanimizni bildiramiz. Gap biz to‘rt yildan ortiq vaqt davomida hamkorlik qilib kelayotgan mehmonxona haqida bormoqda. Biz bir chetda qarab turmoqchi emasmiz, barcha zarur choralarni ko‘ryapmiz, sodir bo‘lgan voqeaga oydinlik kiritish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilmoqdamiz”, — deyiladi tashkilotchilar xabarida.
Tashkilotchilar, shuningdek, bemor bolalarning ahvoli yaxshilangach, ularni samolyotda uylariga xavfsiz qaytarishni tashkillashtirayotganini va vaziyat sabab musobaqaning birinchi bosqichi taqdirlash marosimi bekor qilinganini, ikkinchi bosqichni ko‘chirish yoki bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilayotganini qo‘shimcha qilgan.

