Toshkentda qozog‘istonlik yosh futbolchilar zaharlanish gumoni bilan shifoxonaga yotqizildi
Toshkentda o‘tkazilayotgan «Doʼstlik Cup 2026» xalqaro futbol festivalida ishtirok etayotgan qozog‘istonlik yosh sportchilarning sog‘lig‘i yomonlashdi

Toshkentda qozog‘istonlik yosh futbolchilar zaharlanish gumoni bilan shifoxonaga yotqizildi
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan «Doʼstlik Cup 2026» xalqaro futbol festivalida qatnashayotgan qozog‘istonlik yosh sportchilarning ahvoli yomonlashdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 31-oktyabr kuni poytaxtdagi mehmonxonalardan birida nonushta qilgan Qarag‘anda shahridan kelgan yosh futbolchilarda qorin og‘rishi va tana haroratining ko‘tarilishi kuzatilgan. Bir sutka ichida 15 nafar bolada shu kabi alomatlar qayd etilgani aytilmoqda.
Ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, nonushtada tuxum iste’mol qilmagan 8 nafar bolada kasallik belgilari kuzatilmagan. Biroq zaharlanishga aynan qaysi mahsulot sabab bo‘lgani hozircha aniqlanmagan.
Toshkentdagi shifokor bolalarga dastlabki «zaharlanish» tashxisini qo‘ygani aytilmoqda. Hozircha laboratoriya tekshiruvlari natijalari ma’lum emas.
«Tibbiy yordamga muhtoj barcha Qozog‘iston fuqarolari O‘zbekistonning ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga yotqizilgan. Ularga zarur shifokorlik yordami ko‘rsatilmoqda. Qozog‘iston diplomatlari jabrlanganlarning yaqinlari va tibbiyot muassasalari bilan aloqada bo‘lib, vaziyatni doimiy nazoratda ushlab turibdi», – deyiladi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi axborotida.
Hozircha zaharlanish manbasi laboratoriya tahlillari bilan tasdiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, mazkur futbolchilar 2008-yilda tug‘ilgan bo‘lib, «Doʼstlik Cup 2026» turnirida ishtirok etish uchun kelgan. Musobaqa rasmiylariga ko‘ra, jabrlanganlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilgan va hodisa nima sababdan yuz bergani o‘rganilmoqda.

