DXX kubogi: Toshkent viloyatining “Oq ovul” jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi (fotogalereya)

DXX kubogi: Toshkent viloyatining “Oq ovul” jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi
2021-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasining joriy yilgi mavsumi yakunlandi.
Toshkentdagi “Jar” stadionida bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha final bahsida Buxoro va Toshkent viloyati jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Unda Toshkent viloyatining “Oq ovul” jamoasi 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Toshkent shahri jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi mini-futbol musobaqasida Qashqadaryo viloyati jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Toshkent shahri jamoasi ikkinchi, Namangan viloyati jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqa reglamentiga ko‘ra, g‘oliblarining mahallasida zamonaviy mini-futbol maydoni barpo etiladi. Ikkinchi o‘rin sohiblariga universal sport maydoni, uchinchi o‘rin egalariga esa stritbol maydoni qurib beriladi.
Qizlar o‘rtasidagi bahslarda Toshkent viloyati jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Samarqand viloyati jamoasi ikkinchi, Toshkent shahri vakillari esa uchinchi o‘rindan joy oldi.
G‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
2026-yil O‘zbekiston futboli uchun tarixiy voqealarga boy bo‘ldi. Milliy terma jamoa ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etdi.
Respublika yoshlari o‘rtasida tobora ommalashib borayotgan futbol va mini-futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqasi ham yosh iste’dodlarni aniqlash va ularni katta sport sari yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilgi bahslar ham keng ko‘lamda tashkil etildi. Aprel-may oylarida tuman va shahar bosqichlari, iyun-iyul oylarida esa viloyat bosqichlari o‘tkazildi. Musobaqalarda jami 262 ming nafardan ortiq yosh ishtirok etdi.
O‘z hududlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 42 ta jamoa 17–22-avgust kunlari “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlarida Respublika bosqichida bahs olib bordi.
Murosasiz kechgan uchrashuvlarda jamoalar o‘z mahallalari va hududlari sharafi uchun kurashdi. Ishtirokchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Toshkent shahrining diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar ham uyushtirildi. Bu tashriflar yoshlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamladi.

