Toshkentda Davlat soliq boshqarmasi sobiq boshligʻi va Bosh prokuratura shahar departamenti sobiq rahbari ustidan sud boʻlib oʻtadi
Toshkentda soliq boshqarmasining sobiq rahbari Yunusjon Nasimjonov va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning shahar boshqarmasi boshligʻi sobiq oʻrinbosari Alisher Gʻaniyev ustidan sud kutilmoqda. Prezident yanvar oxirida ularning qonunbuzarliklar uchun ishdan boʻshatilganini maʼlum qilgan edi.

Toshkentda 21 sentyabr kuni poytaxt bosh soliq boshqarmasining sobiq rahbari Yunusjon Nasimjonov va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti shahar boshqarmasi boshligʻining sobiq oʻrinbosari Alisher Ganiyevga nisbatan jinoyat ishi boʻyicha sud majlisi tayinlandi.
Yunusjon Nasimjonov Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilish — bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) va 205-moddasi 2-qismi «a» bandi (juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishida gumonlanuvchi sifatida ishtirok etmoqda. U 2021 yildan buyon Toshkent shahar DSB boshligʻi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Alisher Ganiyev ham JKning 205-moddasi 2-qismi «a» bandi va 223-moddasi 2-qismi «v», «g» bandlari (takroran, shuningdek chiqishi uchun maxsus kelishuv talab qilinadigan mansabdor shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda chet elga chiqish) boʻyicha jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
27 yanvar kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtda soliq organlari va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish organlari faoliyatini mutlaqo qoniqarsiz deb atab, har ikki amaldorning ishdan boʻshatilganini eʼlon qilgan edi. Oʻsha kuni tuman soliq inspektsiyalarining barcha rahbarlari lavozimidan ozod etilib, vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.
Davlat rahbari soliq organlarining ayrim rahbarlari soliq tushumlarini koʻpaytirish oʻrniga, ayrim «tirnoq ichidagi tadbirkorlar»ga homiylik qilish bilan shugʻullanayotganini koʻrsatib oʻtgandi. Tekshiruvlar natijasida poytaxtda 70 milliard soʻmlik hisobga olinmagan soliqlar aniqlangan.

