Toshkentda BRT qurilishi sababli 13 ta avtobus yo‘nalishi harakati o‘zgartirildi
Ta’mirlash ishlari yakunlanguniga qadar Amir Temur ko‘chasidagi asosiy qayrilish joyi vaqtincha yopilgan

Toshkentda BRT qurilishi tufayli 13 ta avtobus yo‘nalishining harakati o‘zgartirildi
Toshkentning Yunusobod tumanida BRT tizimi uchun yo‘l qurilishi va montaj ishlari olib borilayotgani sababli ayrim avtobus yo‘nalishlari harakatiga vaqtinchalik o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, 2026 yil 26 oktyabrdan ta’mirlash ishlari yakunlanguniga qadar Amir Temur ko‘chasidagi asosiy qayrilish joyi vaqtincha yopilgan.
Shu sababli 5, 82, 83, 123 va 124-sonli avtobuslar Ahmad Donish ko‘chasidan Amir Temur ko‘chasi orqali qayrilmasdan, to‘g‘ri yo‘nalishda harakatini davom ettiradi.
3, 6, 7, 25, 96, 119, 149 va 175-sonli avtobuslar esa Ahmad Donish ko‘chasidan Amir Temur ko‘chasiga burilib, yo‘lini davom ettiradi va Shahriston metro bekati yonidagi qayrilish joyi orqali ortga qaytadi.
Mas’ullar yo‘lning yopilishi sababli vaqtinchalik tirbandliklar yuzaga kelishi, shuningdek, avtobuslar harakat intervallari o‘zgarishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Yo‘lovchilarga safarlarini oldindan rejalashtirish tavsiya etildi.

