Toshkentda yana 4 ta uchastkada BRT liniyalarini qurish rejalashtirilmoqda
Toshkent hokimligi avtomobillardan voz kechish siyosatini davom ettirish va yana to‘rtta uchastkada BRT liniyalarini qurish rejalari haqida ma’lum qildi. Bular — Muqimiy, Qoratosh va Ko‘kcha Darvoza, Parkent hamda Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari (ilgari ulardan tramvay o‘tgan). Hozirda BRT Shahrisabz ko‘chasida qurilmoqda.

Toshkentda yana 4 ta uchastkada BRT liniyalarini barpo etish rejalashtirilmoqda
Toshkent shahar hokimligi “jamoat transporti harakati ustuvorligini oshirish va avtomobillardan voz kechish siyosatini amalga oshirish” bo‘yicha ishlar davom ettirilishini ma’lum qildi.
Mazkur siyosat doirasida ko‘chalar o‘rtasi bo‘ylab avtobuslar uchun alohida ajratilgan bo‘laklar (BRT turidagi) umumiy uzunligi 17,9 km bo‘lgan yana to‘rtta uchastkada qurilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, avval bu uchastkalarda tramvay harakatlangan. U 2016-yil may oyi boshida yopilgan edi.
Xabarga ko‘ra, mutaxassislar jamoat transporti yo‘nalishlari o‘tadigan, umumiy uzunligi 150 km dan ortiq bo‘lgan ko‘cha uchastkalarini tahlil qilib, aynan ko‘rsatilgan yo‘nalishlarni tanlab olgan.
“Loyihaning asosiy maqsadi — avtobusda yurish shaxsiy avtomobilga jozibador muqobil bo‘lishi uchun jamoat transportini tez, qulay, xavfsiz va ommabop qilishdan iborat. Bu Yo‘l harakatini tashkil etish markazi strategiyasiga hamda shaharning shaxsiy avtotransportga qaramligini kamaytirish yo‘nalishiga mos keladi”, — deyiladi xabarda.
Poytaxt hokimining qarori imzolanib bo‘lingan, hozir esa loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun budjet shakllantirilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu maqsadlar uchun taxminan 6,5 mlrd so‘m kerak bo‘ladi. Xarajatlarni Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplash rejalashtirilgan, deya qayd etdi hokimlik.
Loyihalar buyurtmachisi “Toshkent invest kompaniyasi” bo‘ladi. Loyiha tashkilotlari, pudratchilar va texnik nazorat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar qonunchilikda belgilangan tartibda tanlov asosida aniqlanadi, deyiladi hokimlik xabarida.
Qurilish ishlari boshlanguniga qadar muhandislik kommunikatsiyalari va kommunal infratuzilma tarmoqlari tekshiruvdan o‘tkaziladi. Nosozliklar aniqlansa, tarmoqlar ta’mirlanadi, ko‘chiriladi yoki almashtiriladi.
“Loyihaga qo‘yiladigan talablar piyodalar uchun qulay yo‘nalishlar, sifatli yo‘l ko‘rsatkichlari, bekat majmualari va yoritish tizimini o‘z ichiga oladi. Yo‘l qoplamasining sifatiga alohida e’tibor qaratiladi. Talab o‘zgarishsiz qolmoqda: polimer bilan modifikatsiyalangan bitum va tog‘ jinslaridan olingan mustahkam chaqiqtoshli MA (shag‘al-mastikali asfaltbeton) qorishmasini qo‘llash. Ushbu qoplama 2023-yildan buyon poytaxtning iqlim sharoitida o‘zini yaxshi oqladi”.
Hokimlik aholiga “rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar va loyihaning har bir bosqichi haqida ochiq-oshkora ma’lumot berib borishga” va’da berdi.
Hozirda BRT liniyasi Shahrisabz ko‘chasi bo‘ylab (3,2 km) qurilmoqda — bu Shota Rustaveli ko‘chasidagi liniyaning (6,5 km) davomi. Keyinchalik u Amir Temur shohko‘chasi (7,6 km) va Yangi Sergeli ko‘chasi (5,5 km) bo‘ylab davom etadi. Hokimlik ushbu loyihani aprel oyida taqdim etgan edi.

