Toshkentda avtobus eshiklarini ochiq qoldirib harakatlanish haydovchiga jarima bilan yakunlandi

Toshkentda avtobus eshiklarini ochiq qoldirib harakatlanish haydovchining jarimaga tortilishi bilan yakunlandi
Toshkentda avtobus eshiklarini ochiq qoldirib harakatlangani uchun haydovchi ish haqining 10 foizi miqdorida jarimaga tortildi. Qoidabuzarlik ijtimoiy tarmoqlarda yoʻlovchilar xavfsizligi talablariga rioya qilinmagani haqidagi xabar tarqalganidan keyin aniqlandi.
«Toshshahartransxizmat» xabariga koʻra, voqea 4 oktyabr kuni sodir boʻlgan. Haydovchi harakat davomida texnik soz boʻlgan avtobusni eshiklarini yopmasdan boshqargan va shu tariqa lavozim yoʻriqnomasi talablarini buzgan.
Tekshiruv natijalariga koʻra, haydovchiga nisbatan intizomiy chora koʻrildi. 5 oktyabrdagi buyruqqa asosan, uning ish haqidan 10 foiz miqdorida jarima ushlab qolinadi.
Kompaniyada yoʻlovchilar xavfsizligi va avtobuslardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi doimiy nazoratda ekani taʼkidlandi. Bundan tashqari, bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida haydovchilar tomonidan oʻz vazifalari bajarilishi ustidan nazorat kuchaytirildi.
12-avtobus saroyi rahbariyati yoʻlovchilardan yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr soʻradi.

