Mahalliy

Toshkentda 20 ta avtobus yo‘nalishining harakatini soat 23:00 gacha uzaytirish reja qilinmoqda

1-dekabrdan boshlab Toshkentda vokzallar, aeroport, metro va aholi gavjum mavzelarni bog‘lovchi 20 ta avtobus yo‘nalishi bo‘yicha kechki soat 21:00 dan 23:00 ga qadar qatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Tungi qatnovlarda harakat intervali 15−20 daqiqadan oshmaydi.

Toshkentda 20 ta avtobus yo‘nalishining harakatini soat 23:00 gacha uzaytirish rejalashtirilmoqda

Toshkentda 20 ta avtobus yo‘nalishining qatnov vaqti soat 23:00 gacha cho‘zilishi mumkin. Bu 30-oktabr kuni qabul qilingan Xalq deputatlari Toshkent shahri Kengashining qarorida belgilangan.

Kengash yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan sotsiologik so‘rovnoma tahlillari shuni ko‘rsatdiki, poytaxtda soat 21:00 dan keyin jamoat transporti qatnovining keskin kamayishi yoki butunlay to‘xtashi fuqarolarning kundalik hayotida jiddiy noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Bu holat ayniqsa kechki smenada ishlovchilar, talabalar hamda shahar mehmonlari uchun qiyinchilik tug‘dirib, Toshkentning kechki va tungi iqtisodiy faolligini rivojlantirishga bevosita to‘sqinlik qilayotgani qayd etilgan.

Yuzaga kelayotgan ushbu uzilishlarni bartaraf etish maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJ hamda Toshkent shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasiga 2026-yil 1-dekabrga qadar kechki va tungi qatnovlarni izchil yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Yangi tartibga ko‘ra, temiryo‘l va avtovokzallar, xalqaro aeroport, metro stansiyalari hamda aholi zich yashaydigan mavzelarni bog‘lovchi 20 ta avtobus yo‘nalishida kechki soat 21:00 dan 23:00 ga qadar harakatlanish ta’minlanadi. Bunda 15 tasi magistral va 5 tasi bog‘lovchi yo‘nalishlar sifatida ajratilgan.

Kechki va tungi qatnovlar davomida avtobuslarning harakatlanish intervali 15−20 daqiqadan oshmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Tungi qatnov jadvallari barcha bekatlarda hamda raqamli ilovalarda ochiq e’lon qilinadi, ularning o‘z vaqtida bajarilishi esa markazlashgan dispetcherlik xizmati tomonidan kundalik nazoratga olinadi.

Aholiga aniq ma’lumotlar uzatilishini ta’minlash maqsadida 20-noyabrga qadar 3TM, ATTO va Yandex kabi onlayn monitoring ilovalariga uzatilayotgan real GPS ma’lumotlaridagi vaqtlar nomuvofiqligi va tizimdagi texnik kamchiliklar to‘liq bartaraf etiladi. Shuningdek, avtobuslardagi naqd pulsiz to‘lov validatorlari va bank tarmoqlari aloqasining barqaror ishlashi ta’minlanib, terminallardagi uzilishlar tezkorlik bilan hal etib boriladi.

Turizm ko‘chalari bo‘ylab umumiy hisobda 15 ta yo‘nalish ikki bosqichda, oraliq intervali dastlab 30 daqiqani tashkil etgan holda tashkil etiladi. Buning uchun jami 33,3 mlrd so‘m sarflanishi kutilgandi. Biroq amaliyot hayotga tatbiq etilmadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.