Toshkent viloyatida prokuror yordamchisi qoʻlga olindi
Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumani prokurori yordamchisi fuqarodan 4 700 AQSH dollari olayotgan vaqtda ushlandi. DXX maʼlumotiga koʻra, u mashina oldi-sotdisi bilan bogʻliq masalani hal qilish va 600 mln soʻmlik imtiyozli kredit olishga koʻmaklashish evaziga jami 12 ming dollar talab qilgan.

Toshkent viloyatida prokuror yordamchisi qoʻlga olindi
Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuraturaning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
Xabarda qayd etilishicha, prokuror yordamchisi xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning avtomobil oldi-sotdisiga doir masalasini hal qilib berish hamda bankdan imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashish uchun pul talab qilgan.
Tadbir chogʻida u soʻralgan mablagʻning 4 700 dollarini olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tergovga qadar tekshiruvda mazkur fuqarodan avval ham 1 300 dollar olgani aniqlangani ma’lum qilingan.
Ayni paytda holat yuzasidan prokuror yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish choralari koʻrilmoqda.
DXX fuqarolardan shunday qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishni soʻragan. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlangan.

