Toshkent viloyatida bank xodimi mijozlarning milliard soʻmdan ortiq pulini oʻzlashtirib yubordi

Toshkent viloyatida bank xodimi mijozlarning milliard soʻmdan ortiq pulini oʻzlashtirib yubordi
Chirchiqdagi banklardan birining boʻlim boshligʻi mijozlarning 1,3 milliard soʻmlik mablagʻini talon-toroj qildi. Jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmatining xabar berishicha, gumonlanuvchi 13 nafar fuqarodan pullarni qabul qilib olgan, biroq ularni kassaga kirim qilmagan. Omonat daftarchalariga esa mablagʻlar kiritilgani haqida soxta maʼlumotlarni yozib qoʻygan.
Xodim pullarni oʻz ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Oʻzlashtirish yoki rastrata qilish moddasi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanida mansabdor shaxslar byudjetdan xuddi shuncha miqdordagi mablagʻni talon-toroj qilgan edi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament davlat subsidiyalari rasmiylashtirilgan soxta maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan bogʻliq sxemani aniqlagan edi.

