Mahalliy

Toshkent shahrida yashil hududlar saqlab qolinishi shart – Urbanizatsiya milliy qoʻmitasi

Qoʻmita shahar markazidagi yashil hududlar qisqarishi, jamoat joylari oʻrnida konstruktiv qurilishlar boʻlishi mutlaqo maqsadga muvofiq emasligini qayd etgan.

Toshkent shahrida yashil hududlar saqlanib qolishi lozim – Urbanizatsiya milliy qoʻmitasi

Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qoʻmitasi Toshkent shahridagi ayrim yashil hududlar oʻrnida avtoturargoh qurilishi hamda jamoat parki rejalashtirilgan hududlarning auksion savdolariga chiqarilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Qoʻmita shahar markazidagi mavjud yashil maydonlar kamayishi, aholi sayr qilishi va dam olishi uchun qulay jamoat joylari oʻrnida konstruktiv qurilishlar amalga oshirilishi mutlaqo maqsadga muvofiq emasligini taʼkidladi.

«Avtoturargohlar tashkil etishda koʻkalamzor maydonlar qisqarishiga hamda piyodalar uchun yaratilgan sharoitlar yomonlashishiga yoʻl qoʻyilmasligi kerak», – deyiladi bayonotda.

Shuningdek, «Navroʻz» bogʻiga tegishli koʻchmas mulk obyektlaridan birining yer maydonida hukumat qaroriga muvofiq jamoat parki barpo etilishini taʼminlash zarurligi qayd etilgan.

Milliy qoʻmita Toshkent shahridagi mavjud yashil hududlar qisqarishining oldini olish, jamoat parki uchun belgilangan hududni saqlab qolish, undan faqat belgilangan maqsadlarda foydalanish va aholi manfaatlarini taʼminlash shart, degan fikrda ekanini bildirgan.

Toshkent shahar hokimligi Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonaning orqa hududida joylashgan 1,3 gektarlik yer uchastkasida davlat-xususiy sheriklik asosida avtoturargoh qurishni rejalashtirmoqda. Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning tegishli qarori qabul qilingan.

Yer uchastkasi 514 mln soʻm bilan elektron auksionga chiqariladi. Yer uchastkasini 10 yil muddatga oladigan xususiy sherik 10 mlrd soʻmlik investitsiya kiritishi kerak boʻladi.

Shartlarga koʻra, avtoturargohda har bir avtomobildan olinishi lozim boʻlgan toʻlovlarning 15 foizi davlat sherigiga, 5 foizi esa «Pullik toʻxtash joyi» operatoriga oʻtkazib beriladi.

Hukumat yangi xususiylashtirish dasturi doirasida Toshkent shahri Yunusobod tumani Matonat mahallasi, Sharof Rashidov koʻchasidagi ikkita davlat obyektini sotuvga chiqargan. Bu yerlar ikkita lotda elektron savdoga qoʻyilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.