Mahalliy

Toshkent shahar hokimligi va SSPga dizayn-kodning keng jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish topshirildi

Hukumat Toshkent shahri hokimligi va SSPga 10 dekabrga qadar poytaxtning dizayn-kodini keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazishni topshirdi. Uni tasdiqlanganidan uch oy oʻtgach joriy etish mumkin boʻladi. shuningdek, tashqi reklama demontaj qilinganda majburiy xabardor qilish tartibi joriy etildi, ishlar esa ish vaqtida olib borilishi kerak.

Toshkent hokimligi va SSPga dizayn-kodning keng jamoatchilik muhokamasini tashkil etish topshirildi

Reklama sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi hududiy dizayn-kodlar faqat keng jamoatchilik muhokamasidan, jumladan, normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida muhokama qilingandan keyingina ishlab chiqilishi va yangilanishi kerak. Bunday talab Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining 13 oktyabrdagi qarori bilan belgilandi.

Hujjatda, shuningdek, dizayn-kodlar eʼlon qilinganidan uch oy oʻtgachgina kuchga kirishi mumkinligi nazarda tutilgan. Toʻzatishlar hukumatning 2020 yil 20 fevraldagi tashqi reklama bozorini tartibga solish toʻgʻrisidagi qaroriga kiritildi.

Toshkent shahar hokimligiga Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda joriy yilning 10 dekabriga qadar tadbirkorlar va OAV ishtirokida poytaxt dizayn-kodi qoidalarining keng muhokamasini oʻtkazish topshirildi.

Dizayn-kodni yangilash boʻyicha takliflar kelib tushgan eʼtirozlarni hisobga olishi va shahar xalq deputatlari Kengashiga tasdiqlash uchun kiritilishi kerak.

Dizayn-kodni ishlab chiqishda korxona va tashkilotlarning roʻyxatdan oʻtkazilgan tovar belgilaridan foydalanish imkoniyati majburiy tartibda hisobga olinishi lozim.

Qaror bilan, shuningdek, tashqi reklama obʼyektlarini majburiy demontaj qilish tartibiga talablar joriy etiladi.

Demontaj qilishni faqat ish kunlarida va ish vaqtida — soat 9:00 dan 18:00 gacha oʻtkazishga ruxsat beriladi.

Demontaj vaqtida egasining ishtirokida dalolatnoma tuzilib, unda demontaj qilingan sana, vaqt va sababi koʻrsatiladi, fotosuratlar ilova qilinadi hamda konstruktsiya saqlash uchun yuboriladigan manzil keltiriladi.

Maʼlumotlar «Tashqi reklama» tizimiga kiritiladi.

Agar obʼyekt egasi nomaʼlum boʻlsa, demontaj qilish toʻgʻrisidagi xabarnoma bevosita reklama obʼyektning oʻziga joylashtiriladi.

Tashqi reklama obʼyektlarini joylashtirish ustidan jamoatchilik nazorati «Xalq nazorati» portali orqali amalga oshirilishi kerak.

Fevral oyida Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi dizayn-kodni joriy etish toʻgʻrisidagi hujjatni tasdiqlagan edi, u jamoat joylarining turlari va chegaralarini, ularni rejalashtirish boʻyicha koʻrsatmalarni, shahar dizayni elementlari va tijorat koʻchmas mulki obʼyektlarini joylashtirish qoidalarini, vizual identifikatsiyani shakllantirishni va hatto daraxtlar hamda butalarni tanlashni belgilaydi («Gazeta» aprel oyida oʻtkazilgan taqdimot haqida yozgan edi).

Hujjat 17 maydan kuchga kirdi, ammo 2025 yilning noyabr oyidayoq shahardagi biznes subʼyektlarining peshlavhalari olib tashlana boshlandi. Sabab sifatida reklama joyi pasportining yoʻqligi (vaholanki, hajmi 1 kv. m gacha boʻlgan peshlavhalar tashqi reklama obʼyekti hisoblanmaydi), shuningdek, savdo va xizmat koʻrsatish korxonalari fasadlarini dizayn-kodga muvofiqlashtirish zarurligi koʻrsatilgan (ushbu qaror bilan kompaniya va tashkilotlar peshlavhalari uchun pasport mavjudligi talabi bekor qilingan).

Mart oyidan boshlab hokimliklar reydlarni kuchaytirdi, bu esa biznesning ommaviy noroziligiga sabab boʻldi. Tadbirkorlar bosim, peshlavhalarni majburiy demontaj qilish bilan bogʻliq zararlar, elektr energiyasidan uzib qoʻyishlar haqida shikoyat qilishdi, buni keyinchalik Oʻzbekiston Biznes-ombudsman ofisi tasdiqladi. Aprel oyida ofis shahar Kengashining dizayn-kod toʻgʻrisidagi qarorini qayta koʻrib chiqish boʻyicha xulosa taqdim etdi.

Biznes-hamjamiyat konstruktiv muloqot, oldindan xabardor qilish, shuningdek, konstruktsiyalarni joylashtirishning aniq belgilangan qoidalari yoʻqligini asosiy muammolar sifatida atadi. Tadbirkorlardan biri uni bir kecha-kunduzda uch marta fasadni oʻzgartirishga majbur qilishganini aytib bergan edi.

May oyi boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida oʻtkazilgan yigʻilishda kompaniya nomi va uning faoliyat turi koʻrsatilgan peshlavhalarni reklama kategoriyasidan chiqarish masalasi muhokama qilindi.

Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov oktyabr oyida «Gazeta»ga bergan intervyusida jamoatchilik noroziligiga olib kelgan yoʻl qoʻyilgan xatolarni tan oldi. U bu aholi bilan muloqotning yetishmasligi oqibati boʻlganini taʼkidladi.

«56 ta koʻchada odamlar bilan dizayn-kod boʻyicha ishlashni boshlaganimizdan soʻng, 98 foizi oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatladi, buni qilish kerakligini aytdi. Men aytdim: 2 foiziga hozircha tegmanglar, oʻsha 98 foizi bilan ishlanglar, qolganlari vaqt oʻtishi bilan natijani oʻzlari koʻrishadi. Nimaga? Dizayn-kodni joriy etayotgan joylarimizda hududning qiymati, kuzatishlarimizga koʻra, taxminan 2 baravarga oshmoqda», — dedi hokim.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.