Mahalliy

Toshkent hokimligi dizayn kodni joriy etishdagi xatolarni tan oldi

Toshkent hokimligi dizayn kodni joriy etishda 'talab, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi va ishlar ketma-ketligi barcha holatlarda ham o‘z vaqtida hamda tushunarli izohlanmaganini'ni tan oldi. Hokimlik biznes manfaatlari ustuvor ekanini ma’lum qildi. Bayonotda jarayonning aholiga ta’siri haqida gap yo‘q.

Toshkent shahar hokimligi dizayn kodni joriy etish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolarni tan oldi. Hokimlikning ma’lum qilishicha, tadbirkorlarning "konstruktiv, jumladan, tanqidiy" fikr-mulohazalaridan so‘ng, ko‘chalarning dizayn kod talablarini yetkazish va tushuntirish bo‘yicha yondashuv qayta ko‘rib chiqilgan.

Shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida aytilishicha, "teskari aloqa natijalari shuni ko‘rsatdiki, ayrim hollarda talablar, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi va bajariladigan ishlar ketma-ketligi o‘z vaqtida va yetarlicha tushunarli tarzda izohlanmagan. Bu e’tirozlar o‘rinli deb topildi va kelgusi ishlarda inobatga olinadi".

Qolgan masalalar tuman hokimliklari va mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda individual tarzda ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.

11-maydan 26-iyulga qadar dizayn kodni joriy etish loyihasi poytaxtning 56 ta ko‘chasidagi 3230 ga yaqin tadbirkorlik subyektini qamrab oldi. Ulardan 509 nafari fasadlar ko‘rinishini o‘zgartirib bo‘lgan, yana 2627 nafari esa bu ishni yakunlamoqda.

Bundan tashqari, Tashkent Invest kompaniyasi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda hokimlik huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti ekspertlari ishtirokida 18 ta reklama-ishlab chiqarish kompaniyasi mutaxassislari o‘qitildi.

Hokimlikning qayd etishicha, "vazifamiz shunchaki fasadlarni yagona talablarga moslashtirish emas, balki bu jarayonni tadbirkorlar uchun tushunarli va adolatli tashkil etishdir. Dizayn kod biznes uchun asossiz qiyinchiliklar yaratmasdan, poytaxtimiz qiyofasini yaxshilashi lozim".

Bayonotda dizayn kod joriy etilishining aholiga ta’siri haqida to‘xtalinmagan. Holbuki, ko‘p hollarda fasadlarni o‘zgartirish jarayoni (jumladan, ikkinchi qavat derazalarini qisman to‘sib qo‘yadigan panellarni o‘rnatish, birinchi qavatlarga platforma va qo‘shimcha xonalar qurib olish kabilar) to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholi manfaatlariga daxl qilmoqda.

Fevral oyida xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi dizayn kodni joriy etish to‘g‘risidagi hujjatni tasdiqlagan edi. Unda jamoat joylarining turlari va chegaralari, ularni rejalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar, shahar dizayni elementlari hamda tijorat ko‘chmas mulk obyektlarini joylashtirish qoidalari, vizual yaxlitlikni shakllantirish va hatto daraxtlar hamda butalarni tanlash ko‘zda tutilgan.

Hujjatning kuchga kirishi 17-maydan kutilayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning noyabr oyidayoq shahardagi tadbirkorlarning peshlavhalari olib tashlana boshlagan edi. Bunga sabab sifatida reklama joyi pasportining yo‘qligi (garchi maydoni 1 kv metrgacha bo‘lgan peshlavhalar tashqi reklama obyekti hisoblanmasa-da), shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari fasadlarini dizayn kodga muvofiqlashtirish zarurati ko‘rsatildi.

Mart oyidan boshlab hokimliklar "reydlar"ni kuchaytirdi, bu esa biznesning ommaviy noroziligiga olib keldi. Tadbirkorlar bosimlar, peshlavhalarning majburiy demontaj qilinishi tufayli ko‘rilgan zararlar va elektr energiyasining o‘chirib qo‘yilishidan shikoyat qildi. Bu holatlarni keyinchalik O‘zbekiston biznes-ombudsmani devoni ham tasdiqladi. Aprel oyida devon shahar kengashining dizayn kod to‘g‘risidagi qarorini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha xulosa kiritdi.

Biznes hamjamiyati konstruktiv muloqotning, oldindan ogohlantirishlarning hamda konstruksiyalarni joylashtirish bo‘yicha aniq belgilangan qoidalarning yo‘qligini asosiy muammolar sifatida ko‘rsatdi. Tadbirkorlardan biri uni bir kecha-kunduzning o‘zida fasadni uch marta o‘zgartirishga majbur qilishganini aytib bergandi.

May oyi boshida Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda korxona nomi va uning faoliyat turi yozilgan peshlavhalarni reklama toifasidan chiqarish masalasi muhokama qilingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.