Toshkent rasmiylari avtobuslarda yoʻl haqini toʻlashni soddalashtirish boʻyicha takliflarni inobatga olishga vaʼda berdi
Toshkent rasmiylari yoʻlovchilarning avtobuslarda yoʻl haqini toʻlashni osonlashtirish boʻyicha takliflarini inobatga olishga vaʼda berishdi. Oktyabr oyi boshidan buyon nazoratchilar yoʻl haqi toʻlanganini tekshirish vaqtida validatorlarni bloklashga kirishdilar. «Nazorat adolatli boʻlishi kerak», — deb yozdi mahalliy aholi vakillaridan biri yangilikka izoh berib.

Toshkent hokimligi avtobuslarda yoʻl haqini toʻlashni osonlashtirish boʻyicha takliflar inobatga olinishini maʼlum qildi
Toshkent rasmiylari gavjum avtobuslarda yoʻl haqini toʻlashda yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar boʻyicha yoʻlovchilarning fikr-mulohazalarini inobatga oladi.
«Validatorlarning soz ishlashini, ulardan erkin foydalanishni taʼminlash va yoʻl haqini toʻlash uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha takliflar inobatga olinadi», — deyiladi xabarda.
Oy boshida «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi yoʻl haqi toʻlanishini nazorat qiluvchilar avtobuslardagi validatorlarni bloklashni boshlashi va chiptasiz yoʻlovchilarni jarimaga tortishi haqida xabar bergan edi (yangi qoidalarga koʻra, yoʻl haqini chiqishdanoq toʻlash kerak, aks holda yoʻlovchi chiptasiz hisoblanadi). Shu bilan birga, kompaniya odat tusiga koʻra yoʻl haqini chiqishda toʻlaydigan yoʻlovchilarni «bahona qilish»da aybladi.
«Validatorlarni vaqtinchalik bloklashdan asosiy maqsad — yoʻlovchilarni jarimaga tortish emas, balki avtobusga kirishda yoʻl haqini toʻlash talabiga rioya etilishini taʼminlash va toʻlov madaniyatini yuksaltirishdir», — deya maʼlum qildi poytaxt transport boshqarmasi.
«Gazeta» avtobus saloni toʻla boʻlishi mumkinligi va QR-kod orqali toʻlov qilish vaqt talab qilishi bilan bogʻliq toʻlovdagi qiyinchiliklar haqida yozgan edi. Kuzatuvlarga koʻra, koʻplab yoʻlovchilar hali ham yangi qoidalardan bexabar.
Facebook foydalanuvchilaridan biri shunday deb yozdi: «Agar yoʻlovchidan aynan kirishda toʻlov qilish talab etilsa, unda avvalo buni toʻsiqlarsiz amalga oshirish uchun real imkoniyat yaratish kerak… Nima uchun yoʻlovchi toʻlov qurilmasiga yetib olish uchun olomon orasidan suzilib oʻtishi kerak?»
U alohida taʼkidlashicha, koʻplab yoʻlovchilarning eshik oldida turish odati ham validatorga yaqinlashishni qiyinlashtiradi.
«Nazorat nafaqat nazoratchi uchun qulay, balki yoʻlovchiga nisbatan ham adolatli boʻlishi kerak», — deya taʼkidladi u.

