Toshkent metrosida yo‘lovchilar soni bo‘yicha yangi rekord qayd etildi

Toshkent metrosida yo‘lovchilar soni bo‘yicha yangi rekord qayd etildi
Toshkent metropolitenida yo‘lovchi tashish bo‘yicha 14-sentyabr kuni rekord daraja qayd etildi.
O‘sha kuni barcha oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili boshlangan edi. Shu sababli, kutilganidek, jamoat transportiga, ayniqsa Toshkent metropoliteni xizmatlariga talab sezilarli ravishda oshdi. Ma’lumotga ko‘ra, 14-sentyabr kuni davomida metropoliten xizmatlaridan 1 165 550 nafar yo‘lovchi foydalangan. Oldingi eng yuqori ko‘rsatkich 2026-yil 8-may kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘sha kuni Toshkent metropoliteni xizmatlaridan 1 117 061 nafar yo‘lovchi foydalangandi.
Yo‘lovchilar oqimining yuqoriligi “Chinor”, “Sergeli”, “Choshtepa”, “Olmazor”, “Chilonzor”, “Buyuk ipak yo‘li”, “Do‘stlik” va “Beruniy” metro bekatlarida kuzatilgan.
Mutaxassislar olib borayotgan kuzatuv va tahlillarga ko‘ra, yo‘lovchilar oqimining o‘sish tendensiyasi kelgusida ham davom etishi kutilmoqda. Xususan, oktyabr oyida kunlik yo‘lovchilar soni 1 200 000 nafarga yetishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Toshkent metropoliteni tomonidan 1 200 000-yo‘lovchini alohida aniqlash va ushbu yo‘lovchiga maxsus imtiyoz yoki sovgʻa taqdim etish rejalashtirilmoqda. Mazkur tashabbus yo‘lovchilar uchun o‘ziga xos rag‘bat va ramziy voqea sifatida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Xabarda ta’kidlanishicha, yo‘lovchilar oqimi tobora ortib borayotgan sharoitda aholiga yanada qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida metropolitenning harakat tarkibini bosqichma-bosqich yangilash ishlari ham davom ettirilmoqda. Poyezdlar harakati yo‘lovchilar oqimining real holatidan kelib chiqqan holda tezkor ravishda muvofiqlashtirib borilmoqda.

