Toshkent metrosida tigʻiz vaqtlarda poyezdlar harakati oraligʻi yana qisqartirildi

Toshkent metrosida tigʻiz vaqtlarda poyezdlar harakati oraligʻi yana qisqartirildi
15 sentyabr kuni Toshkent metropolitenida yuqori yoʻlovchi oqimi qayd etildi — yer osti transporti xizmatlaridan 1,16 million kishi foydalandi. Eng katta tirbandlik "Chinor", "Olmazor", "Chilonzor", "Buyuk ipak yoʻli", "Xalqlar doʻstligi" va "Beruniy" bekatlarida kuzatildi.
Ortib borayotgan yoʻlovchilar oqimini tartibga solish va qulay sayohat sharoitlarini taʼminlash maqsadida tigʻiz vaqtlarda poyezdlar harakati qisqartirilgan oraliqlarda tashkil etildi. Chilonzor yoʻnalishida bu oraliq 1,5–2 daqiqani, Oʻzbekiston yoʻnalishida — 3 daqiqani, Yunusobod yoʻnalishida — 4 daqiqani, Yer usti halqa yoʻnalishida esa — 7–8 daqiqani tashkil etmoqda.
Metropoliten xodimlari bekatlardagi vaziyatni doimiy ravishda kuzatib bormoqdalar va mavjud sharoitdan kelib chiqib, poyezdlar harakatiga tezkorlik bilan tuzatishlar kiritmoqdalar. Ushbu chora-tadbirlar yoʻlovchilarni uzluksiz tashishni taʼminlash va barcha zarur xavfsizlik talablariga rioya qilishga qaratilgan.
Eslatib oʻtamiz, bir kun avval — 14 sentyabr kuni metropoliten 1 165 550 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatib, yangi kunlik rekordni oʻrnatgan edi.

