Toshkent davlat texnika universitetining yuzlab talabalari kechasi koʻchaga haydaldi
Poytaxtdagi bir nechta oliygoh, xususan texnika universitetiga viloyatdan kelib oʻqiyotgan 300 nafar talaba yotoqxona uchun pul toʻlagan boʻlsa-da, bir kun ichida binodan chiqarib yuborilgan. Bu talab huquq idoralari va universitet maʼmuriyati tomonidan qoʻyilgan. Vazirlik izohiga koʻra, davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan TTJning hali kadastr hujjati yoʻq va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagan.

Toshkent davlat texnika universitetining yuzlab talabalari tunda ko‘chaga chiqarib yuborildi
Ular universitet hududida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar yotoqxonasida yashab kelishgan va buning uchun to‘lov ham qilishgan. Biroq 5-oktabr kuni talabalarga yotoqxonani bo‘shatish topshirilgan, 6-oktabr kechqurun esa 300 nafar talaba binodan chiqarib yuborilgan. Ko‘chaga haydalganlar orasida qizlar ham bor.
“Biz viloyatdan kelib o‘qiymiz. Yotoqxona uchun pulni oldindan to‘laganmiz. Lekin kecha bizga yotoqxonani bir kun ichida bo‘shatish haqida aytildi. 6-oktabrda esa hamma talabani chiqarib yuborishdi. Bu yotoqxona davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgani, lekin hali litsenziya olmagani aytildi. Yotoqxona uchun pulni to‘lagan bo‘lsak, endi qayerga borishimizni so‘raganimizda, “bizga tepadan buyruq berilgan”, deyishdi.
Kech soatda bizdan taxminan 300 nafar talabani chiqarib yuborishdi. Universitet prorektori, prokuratura xodimi va uchastka inspektori kelib, yotoqxonani bo‘shatishimiz kerakligini aytdi. Biz “borib turadigan joyimiz yo‘q, ko‘chada qolamizmi?” deb so‘radik. Ammo aniq yechim taklif qilinmadi. Puli borlar xostelga, tanishi borlar tanishinikiga ketdi. Oramizda qizlar bor, ular qayerga boradi tunda?
Biz pul to‘laganmiz. Agar yotoqxonaning litsenziyasi bo‘lmagan bo‘lsa, bu masala nega talabalar joylashtirilib, ulardan pul olingandan keyin aniqlanyapti? Endi biz qayerda yashaymiz, to‘lagan pulimiz nima bo‘ladi?
Bu masalani Oliy ta’lim vazirligi orqali hal qilishga harakat qildik. Ammo ular bu masalani hal qila olmasligini, litsenziya bo‘lmasa, buni ichki ishlar organlari hal qilishini aytdi. Biz esa hozir qayerga borishimizni bilmaymiz”, – deydi talabalar.
Vazirlik quyidagicha izoh berdi:
“Toshkent shahri Talabalar shaharchasida Toshkent davlat texnika universiteti bilan davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joyi hozircha rasman foydalanishga topshirilmagan.
Mazkur obyektning kadastr hujjatlari hali rasmiylashtirilmagan hamda undan foydalanish uchun zarur tegishli ruxsatlar olinmagan. Shu sababli obyektga talabalarni rasmiy tartibda joylashtirish imkoni mavjud emas.
Amaldagi tartibga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun talaba Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali ariza topshiradi hamda belgilangan tartibda yo‘llanma olganidan so‘ng turar joyga joylashtiriladi.
Biroq tadbirkor tomonidan mazkur obyektda ayrim talabalar belgilangan tartibga rioya etilmagan holda, tegishli yo‘llanmasiz joylashtirilgani aniqlandi. Shuningdek, Toshkent davlat texnika universitetiga tegishli bo‘lmagan boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining ham ushbu obyektga joylashtirilgan holatlari kuzatilgan.

