Mahalliy

Shavkat Mirziyoyev ToshTech texnika universiteti faoliyati bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev ToshTech texnika universiteti faoliyati bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumaniga tashrifi davomida ToshTech texnika universiteti faoliyati bilan tanishdi.

Davlat rahbarining 2025-yil 8-sentabrdagi tegishli qarori asosida tashkil etilgan ushbu universitet oliy muhandislik taʼlimini transformatsiya qilish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Loyihaning umumiy qiymati 69,5 milliard soʻmni tashkil etadi.

Ajratilgan mablagʻlar hisobiga Toshkent davlat texnika universitetining 7 qavatli oʻquv binosi toʻliq rekonstruksiya qilinib, eng zamonaviy laboratoriya va oʻquv jihozlari bilan taʼminlandi.

Mazkur oliygoh akademik, moliyaviy hamda tashkiliy-boshqaruv jihatdan mustaqil davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Belgilangan dasturga muvofiq, 2030-yilga qadar Toshkent davlat texnika universitetining tegishli fakultet va kafedralari bosqichma-bosqich ushbu yangi innovatsion ekotizimga transformatsiya qilinadi.

2026/2027-oʻquv yili uchun jami 1654 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Eng bilimli va iqtidorli deb topilgan 400 nafar talaba saralanib, oʻqishga qabul qilindi. Qabul qilingan ilk talabalarning barchasi 100 foiz davlat granti asosida taʼlim olmoqda. Bu imtiyoz saqlanib qoladi va 2029/2030-oʻquv yiligacha qabul qilinadigan talabalar ham toʻliq grant bilan qamrab olinadi.

Universitetda oʻquv jarayoni toʻliq ingliz tilida olib boriladi, darslarni mahalliy olimlar bilan birga yuqori malakali xorijlik mutaxassislar ham oʻtadi.

Talabalar sanoat muhandisligi va menejment, elektr muhandisligi, energetika muhandisligi, materialshunoslik va nanotexnologiyalar kabi toʻrtta yoʻnalishda taʼlim oladi.

ToshTech xalqaro maydonda tan olingan taʼlim brendlari bilan integratsiyalashgan. Universitet dunyoning eng nufuzli oliygohlari, jumladan, Shanxay Szyao Tong (Xitoy), Milan politexnika universiteti (Italiya), Bremen konstruktor universiteti (Germaniya) hamda dunyoga mashhur Boston Consulting Group konsalting kompaniyasi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi.

Universitetning asosiy maqsadi quruq nazariyadan voz kechib, talabalarni ilk kurslardanoq real sanoat loyihalari va murakkab muhandislik muammolari ustida ishlashga oʻrgatishdir. Shu bois talabalar oʻqish davridayoq amaliyot oʻtashi va kelajakda kafolatlangan ish oʻrniga ega boʻlishi uchun mamlakatimiz va dunyo sanoati gigantlari bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Ular orasida ACWA, UzAuto Motors, “Issiqlik elektr stansiyalari” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi yirik kompaniyalar bor.

Davlat rahbariga universitetning kelgusi rejalari haqida maʼlumot berildi. Oʻqituvchi va talabalar bilan muloqotda ToshTech texnika universiteti mamlakat sanoat salohiyatini yangi bosqichga olib chiquvchi muhandislarning yangi avlodini yetishtirib beradigan innovatsion maskanga aylanishi zarurligi taʼkidlandi.

“Yana bir bor takrorlayman, insonning mol-mulki, mavqeyi yoki boshqa moddiy boyliklari vaqtinchalik boʻlishi yoki yoʻqolishi mumkin, ammo uning ongidagi, qalbidagi bilim va tajribani hech kim va hech qanday kuch tortib ololmaydi. Bilim insonning eng xavfsiz va eng foydali sarmoyasidir”, dedi mamlakat yetakchisi.

Prezident universitet talabalari bilan suratga tushdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.