Mirziyoyev va Aliyev Nizomiy nomidagi milliy pedagogika universitetining yangi kampusini ochib berdi (foto)
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi milliy pedagogika universitetining yangi kampusini ochib berdi. 40 gektarda qurilayotgan, 20 ming talabaga mo‘ljallangan majmuada davlat rahbarlari daraxt ekdi hamda axborot-resurs markazi va Nizomiy Ganjaviy muzeyi bilan tanishdi.

Mirziyoyev va Aliyev Nizomiy nomidagi milliy pedagogika universitetining yangi kampusini ochib berdi (foto)
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda joylashgan Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusining tantanali ochilish marosimida ishtirok etishdi.
Davlat rahbarlari Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekishdi. Ularga universitet majmuasining qurilish jarayonlari, ta’lim infratuzilmasi va kampusni rivojlantirish rejalari haqida ma’lumot berildi.
40 gektar maydonda barpo etilayotgan kampus qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bu yerda jami 20 ming nafar talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari hamda 5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Birinchi bosqich doirasida 12 ming o‘rinli besh qavatli o‘quv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi qurildi.
Davlat rahbarlari kampusda yaratilgan o‘quv va ilmiy muhit, axborot-resurs markazi hamda Nizomiy Ganjaviy merosiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdilar.
Muzeyda buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning hayoti va ijodi, uning boy ma’naviy merosi, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy hamda adabiy aloqalar aks ettirilgan.
Xabarda aytilishicha, yetakchilar ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi aloqalar ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirish, yosh avlodni umumiy ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Yangi Toshkentni barpo etish direksiyasida uning bosh rejasi va qurilish ishlari bilan tanishgandi.
20 ming gektarda 2 million aholiga mo‘ljallangan loyihaning birinchi bosqichida OTM kampuslari, “yashil” muhandislik infratuzilmasi hamda yangi transport tarmoqlari quriladi.

