Mahalliy

“Hozir yangi universitet ochishga ehtiyoj yo‘q”. Oliy taʼlim vaziri xususiy oliygohlar, imtihonlar va qabul kotalari haqida

“Hozir yangi universitet ochishga hojat yo‘q”, — dedi Oliy taʼlim vaziri xususiy oliygohlar, imtihonlar va qabul kvotalari haqida.

O‘zbekistonda mavjud oliy taʼlim muassasalarining sigʻimi barcha ehtiyojlarni toʻliq qoplaydi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov 14-avgust kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan xalqaro anjuman doirasida “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Oliy taʼlim xizmatlarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan xalqaro anjumanda vazir oliy taʼlim sohasida raqobat kuchaygani, biroq so‘nggi yillarda xususiy universitetlarga litsenziya berish toʻxtatilgani haqidagi savolga javob berar ekan, bugungi kunda mavjud oliygohlar barcha ehtiyojni qoplashini ta’kidladi.

“Hozirda mavjud universitetlarimizning sigʻimi mehnat bozoridagi barcha ehtiyojni qoplashga yetarli. Mana, 56,7 balldan yuqori olganlar oliy taʼlimga kiryapti. Bugun 256 mingdan koʻproq talaba-yoshlarimiz bor. Bor universitetlarimizning sigʻimi buni taʼminlab bera oladi. Bugungi kunda yana universitet ochishga ehtiyoj yoʻq, deb hisoblayman. Chunki yangi ochilaversa, sifatsiz taʼlim beradigan universitetlar ko‘payib qolishi mumkin. Bizga universitetlar joy toʻlib boʻlgandan keyin, haligi 56,7 balldan past olgan yoshlarni majburlab oʻqitish uchun kerak emas”, dedi vazir.

Shuningdek, u mamlakatda kasbiy taʼlimga koʻproq urgʻu berish zarurligini, texnikumlar xalqaro darajadagi muassasalarga aylantirilayotganini qayd etdi.

Xususan, bu yil Oʻzbekistonda 100 ta texnikum shunday darajaga olib chiqilishi, bitiruvchilar nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijda ham yuqori maoshli ish topishi mumkinligini bildirdi.

“Ertaga bitirib chiqqandan keyin diplomi asosida nafaqat Oʻzbekistonda, balki dunyoning 70 dan ortiq davlatlarida ishlashi mumkin. Mana payvandchilarning hozirgi maoshi kamida 1,5 ming dollar. Xalqaro darajada esa ikki ming dollargacha. Santexniklarga ham juda yuqori maosh taklif qilishyapti. Elektriklarga yuqori maosh taklif etilmoqda. Bizda oliy maʼlumotlilardan ham koʻproq maosh oladigan kasblar bor.

Bu bir umr santexnik boʻlib qolasan, degani emas. Ikki yoki uch yildan keyin oliy taʼlimda oʻqiyman desa, suhbat asosida universitetga kirib taʼlimni ikkinchi bosqichdan davom ettirishi mumkin. Shuning uchun hozir uzluksiz taʼlim tizimi yaratilgan”, deya tushuntirdi Qo‘ngʻirotboy Sharipov.

Qo‘ng‘irotboy Sharipov mandat chiqishidan keyin ko‘pchilikda imtihondan yiqilish bilan bog‘liq xavotirlar boshlanishini aytib, joriy yilda birdaniga beshta universitetga kirish imkoniyati yaratilgani, yana bitta qoʻshish taklifi bo‘lganini ma’lum qildi.

Vazir agar yoshlar shuncha imkoniyatdan foydalanib ham o‘qishga kira olmasa, albatta, kasbiy ta’limni tanlashi zarurligini va shu tariqa 1-2 yildan keyin o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’limga o‘tib ketsa bo‘lishini qoʻshimcha qildi.

Vazir abituriyentlarning imtihonlardagi minimal ballni yig‘a olmayotgani va imtihonlarni takomillashtirish masalasiga to‘xtalib, barcha maktab bitiruvchilari oliy maʼlumotli boʻlishi shart emasligini, butun dunyo mehnat bozorida ham asosiy ehtiyoj oʻrta maxsus taʼlim olgan kadrlarga toʻg‘ri kelishini ma’lum qildi.

“Biz minimal 56,7 ball olgan yoshlarimizni tahlil qilib koʻrdik. Bundan toʻrt yil oldin ularning ulushi 46 foiz boʻlgan ekan. Bugun 34 foiz. Past ball olish ulushi yildan-yilga kamaymoqda. Mana, bugun abituriyentlarning 74 foizi 56,7 dan yuqori ball olgan. Bu yaxshilikka, past ball oladigan yoshlarimiz soni qisqaryapti. Demak, maktabda ta’lim sifati yaxshilanyapti degan xulosa qilish mumkin”, dedi Oliy taʼlim vaziri.

Shu bilan birga, ertaga yoshlar ishsiz yurmasligi uchun bugun mehnat bozoriga mos kadrlar tayyorlash zarurligini taʼkidlab, bu yil davlat byudjetidan 36 mingta grant o‘rni va 200 mingga yaqin kontrakt o‘rinlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi ehtiyojidan kelib chiqib belgilanganini qoʻshimcha qildi.

Xususiy va davlat universitetlariga qo‘yiladigan talablar hamda teng sharoit yaratish masalasiga to‘xtalarkan, Qoʻngʻirotboy Sharipov raqobat deganda har bir oliy taʼlim muassasasi mutaxassisni kafolatli ish bilan taʼminlashi tushunilishini qayd etdi.

“Raqobat deganda har bir oliy taʼlim muassasasi bozorga mos kadr tayyorlab, ertaga mutaxassisni kafolatli ish bilan taʼminlashi kerak. Bizning oldimizda turgan eng katta mezon — bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishi. U yaxshi oʻqityaptimi yoki yomonmi, bunga bahoni xalq yoki ish beruvchilar beradi”, deya xulosa qildi vazir.

Unga ko‘ra, bitiruvchilarning bandlik ko‘rsatkichi ma’lum foizdan past bo‘lgan oliygohlarni boshqa universitetlarga qoʻshib yuborish yoki yopish boʻyicha chora ko‘riladi.

Vazirga ko‘ra, hozirda xususiy va davlat oliygohlariga qabul, yo‘nalishlar hamda baholash bo‘yicha talablar bir xil bo‘lishi ta’minlanmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.