OTMlarning birinchi bosqich talabalari uchun dars boshlandi. Gazeta Toshkent ko‘chalaridan reportaj tayyorladi
7-sentabrdan OTMning birinchi bosqich talabalari uchun dars boshlandi. Toshkent shahrida birinchi smenadagi o‘quv mashg‘ulotlari soat 8:00 ga ko‘chirildi. Jamoat transportlarida esa yo‘lovchilar oqimi biroz oshgan. Gazeta muxbiri talaba va haydovchilar bilan suhbatlashib, Toshkent ko‘chalaridan reportaj tayyorladi.

OTMlarning birinchi bosqich talabalari uchun darslar boshlandi. Gazeta Toshkent ko‘chalaridan reportaj tayyorladi
7-sentabrdan oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari yo‘lga qo‘yildi. Ammo bu hozircha faqat birinchi bosqich talabalari uchun. Yuqori bosqichdagilar esa darslarga 14-sentabrdan qatnay boshlaydi. Shu bilan birga, 2026/2027 o‘quv yilidan Toshkent shahridagi oliy ta’lim tashkilotlarida birinchi smenadagi mashg‘ulotlar soat 8:00 da boshlanadi.
O‘quv yili boshlanishi bilan odatda yo‘llarda uzun tirbandliklar, jamoat transportida esa tiqilinch kuzatiladi. Gazeta muxbiri Otabek Turdiyev Toshkent ko‘chalarini kezib, talabalar va haydovchilar bilan suhbatlashdi, OTMlarda ilk o‘quv kuni qanday kechayotganini kuzatdi.
Soat 07:00 lar atrofida metropolitenning Chilonzor yo‘li, “Choshtepa” bekatiga chiqdim. Yo‘lovchilar odatdagidan sal ko‘proq ekani sezildi. Ularning orasida oq-qora formalilar ko‘proq edi. Ikki poyezdni o‘tkazib yuborib, uchinchisiga chiqdim.
Shu tarzda “Paxtakor”da tushib, “Alisher Navoiy” bekati oralig‘idagi yo‘lovchilar oqimini kuzatdim. Soat 08:00 ga yaqinlashib qolgan edi. Har ikkala bekatda ham harakat tinmasdi. Eskalatordan odam oyog‘i uzilmasdi.
Yer ustida, Botir Zokirov va Alisher Navoiy ko‘chalarida ham qatnov serqatnov edi. Svetofor ishlayotgan bo‘lsa-da, chorraha o‘rtasida YPX xodimi harakatni tartibga solib turardi.
Talabalar ortidan ergashib, 91-avtobusga chiqdim. Uning haydovchisi Ruslan Saidahmedov tong sahar 07:15 da yo‘lga chiqqanini, shu zahoti avtobus talabalar bilan to‘lib ketganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, soat 08:00 dan keyin avtobusdagi tiqilinch biroz kamaygan.
Avtobus to‘xtadi va men TATU ro‘parasida tushdim. Bu yerda birinchi bosqich talabalari yo‘nalishlari bo‘yicha saralanayotgan ekan. Uzoqdan kelgan yigit-qizlarning ota-onalari ham ular bilan birga edi.
Buxoro viloyati Olot tumanidan kelgan Eldor Sahatovning o‘g‘li marketing yo‘nalishiga kontrakt asosida qabul qilingan. Ota-bola bir kun avval kechqurun avtobusda yo‘lga chiqib, ertalab Toshkentga kirib kelishgan. Universitetga esa metro orqali yetib kelishgan.
“Hozir o‘g‘lim universitet muhiti bilan tanishyapti. Yotoqxonasini tayin qilib, keyin Buxoroga qaytaman. Lekin maktab vaqtida o‘g‘limning ma’lumotlarini xususiy universitetlar olib qo‘ygan ekan, shuning uchun yotoqxonaga joylashish uchun ma’lumotlari chiqmayapti. Hozir telefon orqali u yoqdagi ma’lumotlarni o‘chirib, bu universitetga o‘tkazishni hal qilishyapti. Bu bir mening o‘g‘lim bilan bo‘lmayapti, shekilli, boshqalar ham shu masalani hal qilib yuribdi”, — deydi Eldor Sahatov.
Soat 10:00 lar atrofida “Minor” metro bekatiga tushdim. Bu yerda odamlar nisbatan kamroq edi. Poyezd ichi ham uncha tiqilinch emasdi.
Keyin “Yunus Rajabiy” va “Amir Temur xiyoboni” bekatlarida bo‘ldim. Bu bekatlar odatda gavjum va serqatnov bo‘ladi. Soat 10:30 larda ham ahvol shunday edi.
Amir Temur xiyobonini aylanib chiqdim, u yerda asosan turistlar bor edi. Brodvey tomonda esa Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari uchradi. Ular universitet muhiti bilan tanishib yurishgan ekan.
Samarqandlik Aziz Ismoilov TDYUUning “Jinoyat huquqi” yo‘nalishiga super-kontrakt asosida o‘qishga kirgan. U birinchi yil uchun 270 mln so‘m, keyingi yildan 23 mln so‘m to‘laydi. Azizga hozir 270 mln so‘mning 50 foizini to‘lasa, oktabrdan darsga kirishi mumkinligi aytilgan.
U bir kun avval Samarqanddan 250 ming so‘m evaziga taksida kelgan. Toshkentga kelishdan oldin o‘zi va ikki do‘sti uchun internet orqali kvartira topgan: “Novza” metro bekati yonida, ikki xonali, barcha sharoiti bor, narxi 700 AQSh dollari.
Aziz ertalablari odatda soat 10:00 da uyg‘onishini yashirmadi. U birinchi o‘qish kunida o‘z vaqtida, ya’ni 08:00 ga borish uchun soat 05:00 da uyg‘ongan, 06:00 da yo‘lga chiqqan, 07:30 da universitetga yetib kelgan. Azizning aytishicha, endi 06:00 da turib ham darsga vaqtida kelishi mumkin ekan. Lekin oq ko‘ylak, kostyum-shim kiymasa, galstuk taqmasa, qancha barvaqt kelsa ham darsga kirolmaydi. Chunki qoidasi shunaqa ekan.
Soat 11:30 lar atrofida Sharof Rashidov shoh ko‘chasini biroz aylanib chiqdim. Mashinalar va piyodalar harakatida deyarli o‘zgarish yo‘q, hammasi odatdagidek edi.
Soat 12:00 dan o‘tgach “Chilonzor” metro bekatiga yo‘l oldim. Bu paytda OTMlarda birinchi smena darslari tugaydi. Bunyodkor shoh ko‘chasi va Kichik halqa yo‘llari kesishgan chorrahada Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti joylashgan. Bu chorraha har doim ham serqatnov bo‘lgan.
“Chilonzor” avtobus bekatida ham odatdagidan ko‘ra yo‘lovchilar ko‘proq edi. E’tiborimni ayni shu bekatda ishlayotgan chamasi 5–6 nafar avtobus nazoratchilari tortdi. Ular avtobusdan tushayotgan yo‘lovchilarning to‘lov qilgan-qilmaganini tekshirib yurishardi.
1-sentabrdan barcha jamoat avtobuslarida yo‘lovchilar yo‘l haqini safar boshidayoq to‘lashi shart qilib qo‘yilgan. Nazoratchilar endi avtobus ichida ham yo‘lkira to‘lash bo‘yicha monitoring olib boradi.
Nazoratchilar ikki smenada — 07:00 dan 13:00 gacha, 13:00 dan 21:00 gacha ishlaydi. Agar yo‘lovchi kam bo‘lsa, nazoratchi avtobus ichida ham yo‘lovchilar orasida tekshiruv o‘tkazishi mumkin.
“Nega avtobusga chiqqanda to‘lov qilish kerak? Chunki biz yo‘lovchining kartasini planshet orqali tekshirganda, to‘lov ma’lumoti chiqishi uchun kamida 2–3 daqiqa, uzog‘i 4–5 daqiqa vaqt o‘tishi kerak. Shunda tushunmovchilik bo‘lmaydi. Qolaversa, to‘lov amalga oshirilgan kartani validatorga ikkinchi bor tekkizganda, ekranda yana to‘lov qilasizmi degandek savol ko‘rinadi. Avtobusdagi barcha validatorlar bitta „miya“ bilan ishlaydi”, — deydi nazoratchi Ja’far Qodirov.
Nazoratchi kartangizni tekshirganda planshetda bir oy davomida jamoat transportiga qilgan to‘lovlaringiz tarixi ham ko‘rinadi. Shuningdek, xodimlar bodi-kamera bilan ham ta’minlangan.
Yo‘llardagi tirbandliklarni bilish uchun 13:50 larda taksiga chiqdim. Haydovchi asli jizzaxlik bo‘lib, Toshkentga kelib, bugun birinchi bor kira qilayotgan ekan. Jizzaxdan kelib, Toshkentga kirgunicha “yaxshigina tirbandlik” bo‘lganini aytdi.
Taksistning so‘zlariga ko‘ra, u 1,5 yil Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi dengiz portiga yaqin joyda ishlagan. U yerda Ukraina dronlari hujum qilaverib, uyga qaytishga qaror qilgan.
“Mening hujjatlarim joyida edi. Hujjati yo‘q yigitlarni 500–1000 dollargacha bermasa, urushga olib ketishayotgandi. Melisalari juda natsist. O‘zbekistonga kelib, o‘zimizning melisalarni quchoqlab olgim kelib ketdi. Endi qaytib bormayman unaqa joylarga”, — deydi suhbatdoshim.
U bilan “Beruniy” metro bekati oldida xayrlashdik. Sentabr boshida ushbu bekatda odam qimirlolmaydigan darajada tiqilinch bo‘lgani aks etgan video tarqaldi. Keyin metropoliten bu 2024-yilgi holat ekanini ta’kidladi.
Soat 14:35 larda videodagidek bo‘lmasa-da, odam juda ko‘p edi. Platforma oldida bir necha qator bo‘lib navbat kutishardi. Nazarimda, bunga asosiy sabab yo‘lovchilarning poyezd kelishini uzoq kutishida. O‘sha paytda poyezd 7 daqiqadan keyin kelganiga guvoh bo‘ldim. Qarama-qarshi tomondan kelgan poyezddan tushgan yo‘lovchilar hisobiga metro bir zumda gavjum bo‘lib ketdi.
14-sentabrdan OTMlarning 2-, 3-, 4-bosqich talabalari uchun ham darslar boshlanadi. Bu esa hozirgi tirbandliklarni 3 hissa oshirsa ajab emas.
Kech kira boshlagach, soat 19:00 da uyga qaytish uchun taksi chaqirdim. Parkent ko‘chasidan Beshyog‘och mahallagacha 19:50 larda yetib bordik. Yo‘llarda bir necha bor uzun-uzun tirbandliklarda ham qolib ketdik.

