Mahalliy

Toshkentda maktab avtobuslariga ehtiyoj o‘rganilmoqda

Toshkentda maktab avtobuslariga bo‘lgan ehtiyoj o‘rganilmoqda

Toshkent shahrida o‘quvchilarning maktabga qatnashi qanday yo‘lga qo‘yilgani va maktab avtobuslariga ehtiyoj bor-yo‘qligi o‘rganilmoqda.

Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan 5-sentyabr kuni so‘rovnoma o‘tkazildi. Ushbu so‘rov poytaxtda maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini aniqlash, ularga ehtiyoj darajasini belgilash hamda zarurat tug‘ilsa, bu tizimni joriy etish masalasini ko‘rib chiqish maqsadida tashkil etilgan.

So‘rovnomada uy joylashuvi; bola o‘qiydigan maktab va sinf; maktabga chiqish vaqti; foydalaniladigan transport turi; maktab avtobusiga ehtiyoj bor-yo‘qligi ko‘rsatiladi.

Agar oilada bir nechta farzand bo‘lsa, ular haqidagi ma’lumotlar alohida kiritiladi.

“Undagi javoblaringiz farzandingiz uchun yanada qulay va xavfsiz maktab qatnovini tashkil etishda muhim ahamiyatga ega”, deyiladi markaz xabarida.

Qayd etilishicha, so‘rovnomada shaxsiy ma’lumotlar yig‘ilmaydi. Natijalar faqat umumiy tahlil uchun ishlatiladi.

Toshkentdagi maktablar va boshqa ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari boshlangach, ta’lim muassasalari atrofida transport vositalari va piyodalar harakati sezilarli darajada ortib, ayrim ko‘chalarda tirbandliklar yuzaga kelishi mumkin. Shu sababli poytaxt IIBB tirbandliklarning oldini olish va o‘quvchi hamda talabalarning ta’lim muassasalariga xavfsiz yetib borishini ta’minlash maqsadida fuqarolarga imkon qadar jamoat transportidan foydalanishni tavsiya etgandi.

2025-yil avgustida Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi sessiyasida poytaxtda maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilingandi.

O‘zbekistonning oliy va chekka hududlarda joylashgan 715 ta maktab o‘quvchilari uchun bepul maktab avtobuslari yo‘lga qo‘yilishi prezident farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.