To‘rt tildagi yangi qo‘shiq, aka-uka dueti: “Xorazm bulbuli” Og‘abek Sobirovning yangi konserti qanday o‘tdi?

To‘rt tildagi yangi qo‘shiq, aka-uka dueti: “Xorazm bulbuli” Og‘abek Sobirovning yangi konserti qanday o‘tdi?
8-9-sentyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Og‘abek Sobirov yakkaxon konsert dasturini muxlislar e’tiboriga havola qilmoqda. “Daryo” jamoasi konsertning ilk kunida ishtirok etib, san’atkor hamda uning duetdoshlari bilan konsert oldidan suhbatlashdi.
Konsertga xonandani qo‘llab-quvvatlash maqsadida xorazmlik ijodkor Rohila Ro‘zimova, qiziqchi Shukurullo Isroilov va aktyor Mehriddin Rahmatov tashrif buyurdi.
Uch qismdan tashkil topgan bu yilgi dasturda Og‘abek Sobirov yangi qo‘shiqlarga alohida e’tibor qaratdi.
— Bugungi konsertda uchta duet qo‘shig‘im bor, lekin ayol san’atkorlar bilan emas. Bundan tashqari, qardosh xalqlarning tilida — turkman, qoraqalpoqcha, ozarbayjoncha hamda turk tillarida qo‘shiqlar bor. Bu konsertning rang-barangligiga xizmat qiladi, deydi xonanda.
Avvalgi konsertda el sevgan raqqosalar Dilnoza Ortiqova, Dilorom Madrahimovalar bilan ishladik. Bu yilgi dasturda ham ularning raqslarini ko‘rishingiz mumkin. Biz yaxshi tayyorgarlik ko‘rib keldik, bahoni endi muxlislar beradi.
Xonanda hozirgi kunda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan holat — marhum ijodkorlarning qo‘shiqlariga ularning farzandlari mualliflik huquqi talab qilayotgani haqida ham o‘z fikrini bildirdi.
— Shaxsan men qo‘shiqlarimni hamma kuylashini xohlayman. Siz qo‘shiqni yaratgach, u shundoq xalqning mulkiga aylanadi. Bizning ijodimiz shogirdlar uchun dasturi amalga aylanishi kerak. Ular qo‘shiqlarimizni aytib yursa, bizni eslashadi, qo‘shig‘imizning umri ham bardavom bo‘ladi. Qo‘shiqlarimni boshqalar kuylamasin deb man etib qo‘yishga mening haqqim yo‘q. Xonandalar uni o‘zining talqinida aytaverishi mumkin, faqat qo‘shiqning negizi, o‘zligi yo‘qolmasa bas. Har kimning o‘z qochirimi, nolasi, dardi bor, deydi u.
Og‘abek Sobirovning ukasi, xonanda Anvar Sobirov konsertda mezbon san’atkor bo‘libgina qolmay, vatan haqida yangi qo‘shiq bilan sahnaga chiqdi.
— Og‘am ikkimiz yaxshi niyatlarda, biz ham bir kun katta bayram sahnalarida shu qo‘shiqni kuylarmiz deya, “Yangi O‘zbekiston” nomli yangi tarona yaratdik. Shuni bugun muxlislar uchun premyera qilamiz. Og‘abek akam bilan avval ham xorazmcha qo‘shiqlar aytganmiz, lekin yurt haqida bu birinchsi. G‘oya ham Og‘abek akamning o‘zidan chiqdi, deydi xonanda.
O‘zbekiston xalq artistining o‘g‘li Ibrohim Karim otasi bilan birgalikda vatanni madh etuvchi qo‘shiq kuyladi. Shuningdek, u otasining qo‘l ostida ekanidan faxrlanishini aytdi.

