Shohjahon Jo‘rayevdan Izzat Shukurovgacha: Toshkentda bo‘lib o‘tadigan konsertlarga kirish qanchaga tushadi?

Shohjahon Jo‘rayevdan Izzat Shukurovgacha: Toshkent konsertlariga kirish narxlari qancha?
Kuz mavsumida Toshkent yana yirik sahnalar va unutilmas konsertlarning markaziga aylanadi. O‘zbekiston estradasi vakillari bilan bir qatorda Rossiya va Turkiyaning taniqli san’atkorlari ham o‘z muxlislari uchun maxsus dasturlarini taqdim etishadi. Xo‘sh, sevimli ijodkoringizni sahnada ko‘rish uchun qancha mablag‘ sarflash kerak bo‘ladi?
**Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan gala-konsert**
6-sentyabr kuni O‘zbekiston milliy kino san’ati saroyida Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan gala-konsert bo‘lib o‘tadi. Ikki seansda o‘tkaziladigan dasturda Rayhon, Shohruxxon, Ziyoda, Nilufar Usmonova, Dilfuza Ismoilova kabi o‘zbek estradasi yulduzlari chiqish qiladi. Chipta narxlari 250 ming so‘mdan 400 ming so‘mgacha.
**Og‘abek Sobirov**
8-9-sentyabr kunlari O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Og‘abek Sobirov “Xalqlar do‘stligi” saroyida yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi. Chiptalarni 50 ming so‘mdan 600 ming so‘mgacha sotib olish mumkin. Qo‘shiqlar fonogramma orqali ijro etiladi.
**Yulduzlar ishtirokidagi gala-konsert**
20-sentyabr kuni “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida Shahriyor, Dilnoz, Jenisbek Piyazov, “Benom” guruhi, Mashhur Muhammad kabi xonandalar ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tadi. Ikki seansda o‘tkaziladigan dastur chiptalari narxi 50 mingdan 300 ming so‘mgacha. Qo‘shiqlar fonogramma orqali ijro etiladi.
**Sergey Lazarev**
Rus estradasi yulduzi Sergey Lazarev “Shoumen” konsert turi doirasida 24-sentyabr kuni “Xalqlar do‘stligi” sahnasida yangi dasturini muxlislariga taqdim etadi. Chiptalarni 300 ming so‘mdan 2 million so‘mgacha xarid qilish mumkin.
**Anvar Sobirov**
Xorazm xalqining sevimli xonandasi Anvar Sobirov 29-30-sentyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” saroyida uzoq kutilgan konsert dasturini muxlislari e’tiboriga havola etadi. Chipta narxlari 50 mingdan 400 ming so‘mgacha etib belgilangan. Qo‘shiqlar fonogramma orqali ijro etiladi.
**Akmal**
Rossiyalik xonanda Akmal 1-oktyabr kuni “Humo arena” muz saroyida yakkaxon konsert dasturini o‘tkazadi. Jonli ijroda o‘tadigan dastur chiptalari 300 ming so‘mdan 1 million 200 ming so‘mgacha.
**Mustafo Jejeli**
Turk pop san’ati yulduzi Mustafo Jejeli 4-oktyabr kuni “Xalqlar do‘stligi” saroyida yakkaxon konsert dasturini o‘tkazadi. Dastur chiptalarini 100 ming so‘mdan 1 million 200 ming so‘mgacha xarid qilish mumkin.
**Izzat Shukurov**
Muhabbat kuychisi deya ta’riflanuvchi xonanda Izzat Shukurov 10-oktyabr kuni “Humo arena” muz saroyida o‘zining “Devonangman” nomli ilk yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi. To‘liq jonli ijroda bo‘lib o‘tadigan konsert chiptalari 50 ming so‘mdan 600 ming so‘mgacha belgilangan.
**“Dizayn” kulgi jamoasi**
“Dizayn” kulgi jamoasi 14—18-oktyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” saroyida Dilshodbek Musabekovsiz ilk konsertini o‘tkazadi. Besh kunlik dastur chiptalari narxi 52 ming 500 so‘mdan 420 ming so‘mgacha sotilmoqda.
**Shohjahon Jo‘rayev**
Jo‘rayevlar sulolasi vakili Shohjahon Jo‘rayev 22—24-oktyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi. Chiptalar 84 ming so‘mdan 420 ming so‘mgacha. Qo‘shiqlar jonli ijroda kuylanadi.
**Valeriy Meladze**
Rus estradasi yulduzi Valeriy Meladze 30-oktyabr va 1-noyabr kunlari o‘zbekistonlik muxlislariga yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi. “Xalqlar do‘stligi” saroyida bo‘lib o‘tadigan dastur chiptalari narxi 250 mingdan 2 million 800 ming so‘mgacha etib belgilangan. Qo‘shiqlar jonli ijroda kuylanadi.
**Leonid Agutin**
31-oktyabr kuni “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida rossiyalik xonanda Leonid Agutinning bir kunlik konserti bo‘lib o‘tadi. To‘liq jonli ijroda o‘tadigan konsert chiptalarini 350 ming so‘mdan 3 million 500 ming so‘mgacha xarid qilishingiz mumkin.
**Jamshid Normatov**
Yakkaxon qiziqchi Jamshid Normatov 2027-yilning 1—5-fevral kunlari konsert dasturini o‘tkazadi. Chiptalar 50 mingdan 300 ming so‘mgacha qilib belgilangan.

