Toqayev Qozog‘istonda boylar uchun soliq joriy etishni taklif qildi
Qozog‘iston prezidenti Toqayev yirik boylik egalari uchun oshirilgan soliq stavkasini joriy qilishni taklif etdi. Uning ta’kidlashicha, gap qonuniy yo‘l bilan orttirilgan aktivlarni cheklash haqida emas, balki fuqarolarning mamlakat taraqqiyotiga qo‘shadigan 'mutanosib va halol hissasi' haqida ketmoqda.

Toqayev Qozog‘istonda badavlatlar uchun soliq joriy etishni taklif qildi
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hukumat va parlamentga yirik boylik egalari uchun yuqoriroq soliq stavkasini joriy etish masalasini o‘rganib chiqishni topshirdi.
“Yirik boylik egalari uchun oshirilgan stavkani joriy qilishni muhokama etish vaqti keldi deb hisoblayman”, — dedi Toqayev 28-oktabr kuni xalqqa yo‘llagan murojaatida.
“Ta’kidlab o‘taman, hech kim qonuniy orttirilgan aktivlarni qandaydir tarzda cheklamoqchi emas. Buning o‘zi Konstitutsiyaga zid bo‘lar edi. Gap har bir fuqaroning mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shadigan mutanosib, halol hissasi haqida ketmoqda. Gap adolat haqida ketmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.
2026-yildan boshlab Qozog‘istonda jismoniy shaxslarning daromad solig‘i bo‘yicha progressiv shkala amal qiladi. Yiliga 36 million tengegacha (taxminan 79 ming dollar) bo‘lgan daromadga 10 foizli stavka qo‘llanadi, ushbu miqdordan oshgan qismiga esa 15 foizli stavka tatbiq etiladi.
Qozog‘iston rahbari, shuningdek, soliqqa tortish jarayonini to‘liq raqamlashtirish zarurligini qayd etdi. “Soliqlarning yig‘iluvchanligini oshirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiya xavflarini kamaytirish uchun ilg‘or texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellektdan foydalanish zarur”, — dedi u.
Bundan tashqari, Toqayev hukumatga yangi Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishni topshirdi. “Soliq kodeksi dogma yoki muqaddas bitik emas, u hayotdan uzilib qolmasligi lozim. Shu sababli qarama-qarshiliklarni bartaraf etish, normalarning turlicha talqin qilinishiga barham berish, nomutanosibliklar va tadbirkorlarga ortiqcha yuklamani olib tashlash zarur”, — dedi u.

