Iqtisodiyot

Soliq to‘lash muddatini o‘zgartirish bo‘yicha yangi tartib taklif qilindi

O‘zbekistonda soliqlarni to‘lash muddatini kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibini soddalashtirish taklif etilmoqda. Loyihaga ko‘ra, bunday imkoniyatni berishda sug‘urta polisidan ham foydalanish, arizalarni elektron tarzda taqdim etish va ularni ko‘rib chiqish muddatini 30 kundan 20 kunga qisqartirish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi loyiha ishlab chiqildi. Unda, jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq to‘lovchilarning soliq to‘lash muddatlarini o‘zgartirish tartibini yangilash taklif qilingan.

Loyihaga muvofiq, amaldagi tartib aylanmadan olinadigan soliqlar bilan bir qatorda, ushbu soliqlar bo‘yicha soliq tekshiruvlari natijasida qo‘shimcha hisoblangan soliq va moliyaviy sanksiyalarga ham tatbiq etilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berishda mavjud ta’minlash vositalari qatoriga sug‘urta polisi ham qo‘shilishi taklif etilgan. Bunda soliq to‘lovchining moliyaviy holati va istisno etuvchi holatlar mavjudligidan qat’i nazar, vakolatli organ tomonidan soliqlarni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishi nazarda tutilmoqda.

Yana bir muhim o‘zgarish - arizalarni topshirish jarayoniga taalluqli. Manfaatdor shaxslar arizalarni soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali orqali taqdim etishi belgilanmoqda. Ayrim holatlarda esa soliq solish ob’yekti joylashgan hududdagi tuman yoki shahar hokimligiga qog‘oz yoki elektron shaklda murojaat qilish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, soliq to‘lash muddatini o‘zgartirish bilan bog‘liq ayrim vakolatlar hududiy darajaga tushirilishi taklif qilinmoqda. Xususan, jarayonda tuman va shahar hokimliklari hamda xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining ishtiroki nazarda tutilgan.

Hujjat loyihasida tegishli qarorlarni qabul qilish uchun belgilangan 30 kunlik muddatni 20 kunga qisqartirish ham ko‘zda tutilgan.

Mazkur o‘zgartishlar hozircha loyiha bo‘lib, ular qabul qilinganidan keyingina amaldagi tartibga kiritiladi.