Tojikiston prezidenti Rog‘un GES qurilishini ko‘zdan kechirdi (foto)

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Rog‘un GES qurilishini ko‘zdan kechirdi.
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon 20-avgust kuni Rog‘un gidroelektr stansiyasi (GES) qurilish maydoniga tashrif buyurib, to‘g‘on bunyod etish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda “Xovar” agentligi xabar berdi.
Ayni damda GESda 20 mingdan ziyod ishchi va muhandis-texnik xodimlar mehnat qilmoqda, shuningdek, 4000 ga yaqin mashina va mexanizmlar ishga jalb etilgan. Bugungi kunda to‘g‘onning balandligi dengiz sathidan 1155 metrga yetgan.
Tojikiston hukumati 2025-yil uchun respublika byudjetidan GES qurilishiga jami 8,1 milliard somoni (taxminan 876 million dollar) ajratgan bo‘lsa, 2026-yilda yana 11,4 milliard somoni (1,23 milliard dollar) yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning dastlabki yetti oyida barcha moliyalashtirish manbalaridan qurilish-montaj ishlariga 8,4 milliard somoni (908 million dollar) sarflangan. 2008-yildan hozirgi kungacha Tojikiston hukumati davlat byudjeti va boshqa manbalar hisobidan Rog‘un GESni qurish va qayta tiklash ishlariga jami 60,3 milliard somoni (taxminan 6,51 milliard dollar) yo‘naltirgan. Loyihani to‘liq yakunlash uchun Tojikistonga taxminan 5,8 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha mablag‘ kerak bo‘ladi.
**Rog‘un GES: Tojikistonning “asr loyihasi”**
Dushanbedan 110 kilometr uzoqlikda, Vaxsh daryosi bo‘yida joylashgan Rog‘un GES mintaqadagi eng yirik inshootlardan biri hisoblanadi. Uning qurilishi 1976-yilda boshlangan, biroq SSSR parchalanganidan so‘ng ishlar to‘xtatib qo‘yilgan edi.
Keyinchalik Tojikiston o‘z mablag‘lari hamda xalqaro fondlar va tashkilotlarning moliyaviy ko‘magini jalb qilgan holda GES qurilishini davom ettirdi. Hozirda oltita agregatdan ikkitasi ishga tushirilgan. Ekologlar Rog‘un suv omboridan foydalanish Amudaryo quyi oqimidagi noyob ekotizimlarning degradatsiyasini yana 60–100 yilga cho‘zishidan xavotirda ekanliklarini bildirmoqdalar.

