Dunyo

Tojikiston prezidenti o‘zbekzabon aholi uchun o‘zbekcha maktablar qurishni buyurdi

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Tursunzoda shahriga tashrifi chog‘ida o‘zbek tilida ta’lim beruvchi maktablar qurish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu maktablar o‘zbekzabon aholi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularni o‘zbek tilidagi darsliklar va o‘quv materiallari bilan ta’minlash ham topshirildi. Bu haqda “Xovar” agentligi xabar berdi.

Prezident Tursunzodadagi 21-sonli umumta’lim maktabining ochilish marosimida qurilish ishlarining sifatini yuqori baholadi. Shuningdek, rasmiylar va o‘qituvchilarni ta’lim-tarbiya darajasi va sifatini oshirishda yanada mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi.

Emomali Rahmon pedagoglarni zamonaviy fanlarni rivojlantirishga va yangi texnologiyalardan samarali foydalanishga e’tibor qaratishga undadi. U aniq va tabiiy fanlar hamda xorijiy tillarni o‘rganish muhimligini ta’kidladi.

Davlat rahbarining Tursunzodaga tashrifi doirasida jami 60 ta inshoot foydalanishga topshirildi. Bular orasida ikki smenada 18 200 o‘quvchiga mo‘ljallangan 20 ta umumta’lim maktabi, 950 o‘rinli 5 ta xususiy bog‘cha, 4 ta sanoat korxonasi va 1 ta turizm obyekti mavjud.

Shuningdek, 5 ta xizmat ko‘rsatish obyekti, 6 ta sport maydonchasi, 5300 tonna mahsulot saqlashga mo‘ljallangan 3 ta muzlatkich majmuasi, 9 ta ko‘p qavatli uy, ma’muriy va madaniy binolar, Davlat bayrog‘i maydoni hamda istirohat bog‘i ham ishga tushirildi. Ushbu inshootlar tufayli 1220 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Mas’ul shaxslarning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Tursunzoda shahrida 132 ta umumta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 78 863 nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda.

Tojikiston Mustaqilligining 35 yilligi bayramiga tayyorgarlik doirasida Tursunzoda shahrida 24 ta ta’lim muassasasini qurish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Hozirgacha 8185 o‘quvchiga mo‘ljallangan 19 ta ta’lim binosi foydalanishga topshirib bo‘lindi.

Mart oyida Emomali Rahmon O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan edi. Ikki davlat prezidentlari huzurida bir qator hujjatlar imzolangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.