Rog‘un GES qurilishini yakunlash uchun yana 5,8 mlrd dollar kerak bo‘ladi — S&P

**S&P ma’lumotiga ko‘ra, Rog‘un GES qurilishini yakunlash uchun 5,8 milliard dollar talab etiladi**
S&P Global Ratings kompaniyasining yangi hisobotida qayd etilishicha, Tojikistonga Rog‘un gidroelektr stansiyasini (GES) to‘liq qurib bitkazish uchun taxminan 5,8 milliard dollar miqdorida mablag‘ zarur bo‘ladi.
Agentlikning prognozlariga ko‘ra, loyiha 2035-yilga qadar to‘liq yakunlanadi. Qolgan xarajatlarni qoplash uchun xalqaro moliyalashtirish, davlat byudjeti va GESning o‘z daromadlari manba sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Ushbu yangi prognoz S&P tomonidan ilgari e’lon qilingan ko‘rsatkichlardan pastroqdir. Avvalroq, 2026-yil fevralida agentlik qolgan xarajatlarni taxminan 6 milliard dollarga, 2025-yil avgustida esa 6,4 milliard dollarga baholagan edi. Shu bilan birga, Tojikiston moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda yakuniy summani faqat qurilish tugagandan so‘ng aniqlash mumkinligini ta’kidlagan.
Xarajatlarga inflyatsiya, materiallar va uskunalar narxining o‘zgarishi, murakkab geologik sharoitlar hamda qo‘shimcha xavfsizlik talablari ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, xalqaro ekspertlar qo‘shimcha himoya to‘g‘onini qurish zaruratini muhokama qilmoqdalar.
Uchinchi agregatni 2027-yilning uchinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan. Hozirda Rog‘un GESda 2018 va 2019-yillarda ishga tushirilgan ikkita agregat faoliyat ko‘rsatmoqda. 2025-yilda ular 1,6 milliard kVt/soatdan ortiq, 2026-yilning birinchi yarmida esa 675 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqargan.
Qurilish yakunlangach, Rog‘un GESning umumiy quvvati 3780 MVtni, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa qariyb 14,4 milliard kVt/soatni tashkil etadi.
**Rog‘un GES: Tojikistonning "asr loyihasi"**
Dushanbedan 110 kilometr uzoqlikda, Vaxsh daryosida joylashgan Rog‘un GES mintaqadagi eng yirik inshootlardan biri hisoblanadi. Uning qurilishi 1976-yilda boshlangan, biroq SSSR parchalanganidan so‘ng to‘xtatib qo‘yilgan edi.
Keyinchalik Tojikiston o‘z mablag‘lari, shuningdek, xalqaro fondlar va tashkilotlarning moliyaviy ko‘magini jalb qilgan holda GES qurilishini davom ettirdi. Hozirda oltita agregatdan ikkitasi ishga tushirilgan. Ekologlar Rog‘un suv omboridan foydalanish Amudaryo quyi oqimidagi noyob ekotizimlarning degradatsiyasini yana 60-100 yilga cho‘zishidan xavotirda.

