Dunyo

Toʻqayev: Ukrainadagi urush darhol toʻxtashini kutmayapman

Germaniya kansleri Fridrix Mers Rossiyaning Kiyevga zarbalari kuchaygan bir paytda Ukraina uchun qoʻshimcha havo hujumidan mudofaa vositalari izlanayotganini bildirdi. U bu haqda Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayevning Berlinga tashrifi vaqtida gapirdi.

Toʻqayev: Ukrainadagi urushning zudlik bilan yakunlanishini kutmayapman

DW xabariga koʻra, Mers 29-sentabr kuni jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Ukrainaga yordamni kuchaytirish masalasida Yevropa hamkorlari bilan faol maslahatlashuvlar olib borilayotganini aytgan.

Uning soʻzlariga koʻra, bu muhokamalar 15–16-oktabr kunlari Bryusselda boʻlib oʻtadigan Yevropa kengashi yigʻilishiga tayyorgarlik doirasida davom etmoqda. Asosiy eʼtibor Ukraina byudjetini qoʻllab-quvvatlash va havo hujumidan mudofaa tizimlariga qaratilgan.

Mers havo mudofaasini Ukraina mudofaasining «eng zaif nuqtasi» deb atagan. Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy harbiy xarajatlar uchun qariyb 27 milliard dollar yetishmayotganini maʼlum qilgan edi.

Kansler Kiyevga havo mudofaa vositalarini yetkazib berish masalasida jahon yetakchilari bilan shaxsan muzokara olib borayotganini bildirgan. Shuningdek, u Rossiyaning fuqarolik infratuzilmasiga zarbalari davom etishi mumkinligi sharoitida Ukraina energiya taʼminotini qishga tayyorlashga umid qilgan.

«Bular har kuni sodir etilayotgan harbiy jinoyatlardir», - degan Mers Rossiya hujumlari haqida.

Kansler Toʻqayev bilan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi batafsil muhokama qilinganini aytgan. U Qozogʻiston rahbariga Vladimir Putin bilan urushni tugatish haqida gaplashgani uchun minnatdorlik bildirib, Germaniya Kiyevni qoʻllab-quvvatlashni, jumladan, diplomatik saʼy-harakatlarni ham davom ettirishini taʼkidlagan.

Shu munosabat bilan Mers Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadefulning Nyu-Yorkda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan yaqinda oʻtkazgan uchrashuvini eslatgan. Kanslerning fikricha, Rossiyaning ushbu uchrashuvga munosabati Moskva hozircha «jiddiy muzokaralar»dan manfaatdor emasligini koʻrsatgan.

Toʻqayev esa Putin bilan «juda yaxshi munosabatlar»ga ega ekanini aytib, Ukrainadagi urush boʻyicha fikrlarini tinglagani uchun unga minnatdorlik bildirgan.

Qozogʻiston prezidenti urushning darhol toʻxtashini kutmayotganini, biroq uni «muzlatish»ni mojaroga barham berish va diplomatiyaga oʻtish yoʻlidagi birinchi qadam deb bilishini aytgan. U yozda ham shunday taklifni ilgari surgan edi.

Toʻqayev Qozogʻiston boshidanoq BMT nizomiga, jumladan, barcha davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyiliga sodiqligini taʼkidlab kelayotganini qayd etgan. Bu pozitsiya uning Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashuvi yakunidagi qoʻshma bayonotda ham aks etgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.