Tirik odam “vafot etgan” deya hujjatlashtirilsa, xatoni qanday tuzatish mumkin?

Tirik odam “vafot etgan” deb hujjatlashtirilsa, bu xatoni qanday to‘g‘rilash mumkin?
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida yashovchi ayol tirik bo‘lsa ham, hujjatlarda vafot etgan sifatida qayd etilgani haqida xabar tarqaldi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bergan izohga ko‘ra, ayolning shaxsiy identifikatsiya raqami — JSHSHIR texnik xato sabab nobud bo‘lgan homila ma’lumotlariga bog‘lab qo‘yilgan.
— Tibbiy ma’lumotnomaga boshqa odamning JSHSHIRi kiritilishi, elektron tizimda ma’lumotning noto‘g‘ri ulanib qolishi va FHDYda tirik odam nomiga o‘lim qaydi ochilishi — bular turli holatlar. Ularni bartaraf etish tartibi ham bir xil emas.
Samarqanddagi holat bo‘yicha berilgan izohda JSHSHIR noto‘g‘ri biriktirilgani aytilgan. Bu esa ayol nomiga FHDYda alohida o‘lim qaydi ochilganini anglatmaydi.
Shu sabab fuqaro avvalo “vafot etgan” degan ma’lumot qaysi manbadan chiqqanini aniqlashi kerak. Agar xato tibbiy ma’lumotnomada bo‘lsa, uni rasmiylashtirgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilinadi. Noto‘g‘ri ma’lumot FHDY qaydiga ham o‘tgan bo‘lsa, tegishli FHDY organiga ariza topshiriladi.
Bu farq juda muhim: faqat elektron tizimdagi bog‘lanishni tuzatish kerak bo‘lgan vaziyatda mavjud bo‘lmagan o‘lim qaydini bekor qilishni so‘rash muammoni hal qilmaydi.
Arizada fuqaro xatoni qachon va qanday aniqlaganini, qaysi hujjat yoki tizimda “vafot etgan” deb ko‘rsatilganini yozishi lozim. Shundan so‘ng ma’lumotni tekshirish, xatoning manbasini topish va uni bartaraf etishni so‘raydi.
Murojaatga shaxsni tasdiqlovchi hujjat hamda xato ma’lumot aks etgan hujjat yoki elektron xabar nusxasini ilova qilish tekshiruvga yordam beradi. Boshqa zarur hujjatlar xatoning mazmuniga qarab belgilanadi.
Arizaning ro‘yxatga olingan raqamini saqlab qo‘yish va natija bo‘yicha yozma javob olish maqsadga muvofiq. Bu keyinchalik xatoni tuzatishni talab qilish yoki rad javobi ustidan shikoyat qilishda muhim bo‘ladi.
Oila kodeksining 228-moddasi va FHDY qoidalarining 138-bandiga ko‘ra, yetarli asos bo‘lsa hamda manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lmasa, dalolatnoma yozuviga tuzatishni FHDYning o‘zi kiritadi. O‘zbekistonda rasmiylashtirilgan qayd uning yozuvi saqlanayotgan FHDY organi tomonidan tuzatiladi.
Biroq vafot etgan odamning ismida yo‘l qo‘yilgan xatoni tuzatish bilan tirik odam nomiga o‘lim qaydi ochilganini bartaraf etishni tenglashtirib bo‘lmaydi. Birinchi holatda qayddagi ma’lumot tuzatiladi. Ikkinchisida esa o‘lim fakti noto‘g‘ri shaxsga nisbatan rasmiylashtirilgan bo‘lishi mumkin. Bunda qaydni tuzatish yetarlimi yoki uni bekor qilish kerakmi — hujjatlar asosida aniqlanadi.
FHDY dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish yoki tuzatish kiritish haqidagi ariza, odatda, besh ish kunida ko‘rib chiqiladi. Zarur yozuvlar nusxasi olinmagani kabi asosli sabablar bo‘lsa, muddat 15 ish kunigacha uzaytirilishi mumkin.
Bu muddat aynan FHDY qaydini tuzatish haqidagi arizaga tegishli. Uni tibbiyot muassasasi yoki boshqa idora tizimidagi har qanday texnik xatoni bartaraf etish muddati deb tushunish to‘g‘ri emas.
FHDY dalolatnoma yozuvini tuzatishni rad etsa, bu qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilish mumkin. Buning uchun rad etish sabablari ko‘rsatilgan yozma javob olinishi kerak.
Sudga murojaatda qaysi ma’lumot noto‘g‘ri ekani, FHDYdan nima so‘ralgani va talab qanday asos bilan rad etilgani ko‘rsatiladi. Arizaga FHDY javobi hamda xatoni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Agar tirik odam nomiga ochilgan o‘lim qaydini butunlay bekor qilish zarur bo‘lsa, masala oddiy tuzatishdan farq qiladi. Qoidalarga ko‘ra, sudning dalolatnoma yozuvini bekor qilish haqidagi qarori asosida FHDY tegishli belgi qo‘yadi va arizachiga ma’lumotnoma beradi. Qaysi sudga va qanday talab bilan murojaat qilish esa xatoning xususiyati va nizoning mazmuniga qarab belgilanadi.
O‘lim haqidagi ma’lumot FHDYdan Pensiya jamg‘armasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimlariga ham yuboriladi. Shu bois xato dastlabki manbada bartaraf etilgach, uni qabul qilgan idoralarda ham ma’lumot yangilanganini tekshirish muhim.
Fuqaro tuzatish kiritilganini tasdiqlovchi yozma javob yoki ma’lumotnomani saqlab qo‘yishi kerak. Agar boshqa idorada eski ma’lumot sabab muammo davom etsa, shu hujjat asosida ma’lumotni qayta tekshirish va yangilashni so‘rash mumkin, deydi sudya Abduvaliyev.

