Samarqandda tirik ayol o‘lik deb hujjatlashtirilgani yuzasidan izoh berildi

Samarqandda tirik ayol o‘lik deb hujjatlashtirilgani bo‘yicha izoh berildi
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur holat yuzasidan o‘rganish olib bordi.
Aniqlanishicha, Bulung‘ur tumanida yashovchi, 2001-yilda tug‘ilgan M.M. 2022-yil 18-avgust kuni og‘ir ahvolda, bachadondan qon ketishi sababli tug‘uruq bo‘limiga murojaat qilgan.
Tibbiy ko‘riklarda homilaning ona qornida nobud bo‘lgani ma’lum bo‘lgan. Shundan keyin ayolga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan va nobud bo‘lgan homila tug‘dirib olingan. Holat belgilangan tartibda antenatal o‘lim sifatida qayd etilgan.
Biroq ma’lumotlar elektron bazaga kiritilayotganda davolovchi shifokor Ra’no G‘ofurova tomonidan texnik xatoga yo‘l qo‘yilgan. Oqibatda ayolning pasportidagi JSHSHIR raqami nobud bo‘lgan homila ma’lumotlariga biriktirib qo‘yilgan.
2023-yilda M.M. ikkinchi farzandi uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish jarayonida aynan shu xatolik sabab muammoga duch kelgan. Tuman tibbiyot mas’ullari va FHDYO organlari xodimlari elektron bazadagi xatolikni bartaraf etgan.
Shuningdek, 2023-yil oxirida M.M.ga yangi ID-karta rasmiylashtirilishida hech qanday muammo yoki to‘siq yuzaga kelmagan.
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lum qilishicha, holat yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda elektron ma’lumotlar bazasidagi Face ID tizimi bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish choralari ham ko‘rilgan.

