Tibbiyot xodimlari uchun uy-joy subsidiyasi bo‘yicha ilk tanlov 9-oktabr kuni o‘tkaziladi
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun uy-joy subsidiyasi bo‘yicha ilk tanlov 9-oktabr kuni o‘tkaziladi. Unda 125 nafar g‘olib aniqlanadi. Tanlovga uchinchi chorakda kelib tushgan 4728 ta arizadan 1657 tasi kiritilgan.

Tibbiyot xodimlari uchun uy-joy subsidiyasi bo‘yicha dastlabki tanlov 9-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun uy-joy subsidiyasi bo‘yicha ilk tanlov 9-oktabr kuni soat 10:00 da o‘tkaziladi. Unda belgilangan talablarga javob bergan 1657 nafar nomzod orasidan 125 nafar g‘olib avtomatik tasodifiy tanlash usuli orqali aniqlanadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
2026-yilning uchinchi choragi yakuniga ko‘ra, subsidiya olish uchun jami 4728 ta ariza kelib tushgan. Shulardan 1657 tasi belgilangan talablarga mos deb topilib, tanlovga kiritilgan.
Tanlov ins-subsidiya.imv.uz sayti orqali o‘tkaziladi. Jarayon Sog‘liqni saqlash vazirligining Facebook, Instagram va Telegram’dagi rasmiy sahifalarida jonli efirda ko‘rsatiladi. Natijalar ariza ID raqamlari bo‘yicha e’lon qilinadi. Ariza holatini my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinet orqali ham kuzatish mumkin.
Hukumatning 12-iyundagi 310-sonli qarori bilan tasdiqlangan tartibga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari subsidiya uchun nomzod bo‘lishi mumkin. Bunda nomzod hozirda davlat tibbiyot muassasasida ishlayotgan bo‘lishi shart. Moliyaviy ko‘mak bir oilaga — er yoki xotinga faqat bir marta beriladi.
Subsidiya birlamchi uy-joy bozoridan uy yoki kvartira xarid qilish uchun ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning 25 foizini qoplashga yo‘naltiriladi. Tibbiyot xodimlari doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’i nazar, respublikadagi istalgan hududdan uy-joy sotib olishi mumkin.
Arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz orqali topshiriladi. Tanlov har chorakda o‘tkaziladi. Talablarga to‘liq mos keladigan arizalar har chorak yakunida alohida reyestrga kiritiladi va ular orasidan shu chorak uchun belgilangan 125 nafar g‘olib avtomatik tasodifiy tanlash orqali aniqlanadi.
Subsidiya ajratish to‘g‘risida xabarnoma olgan tibbiyot xodimi uy-joyni ipotekaga sotib olish uchun qurilish tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzishi kerak bo‘ladi.

