Layfstayl

“Televideniyeni hayotimdan o‘chirdim”. Turk aktyori O‘zjan Deniz teleseriallarda boshqa suratga tushmasligini ma’lum qildi

54 yoshli aktyor ushbu qarorini Antaliya xalqaro kinofestivali doirasida bo‘lib o‘tgan “So‘nggi kechki ovqat” filmining premyerasida bildirgan.

“Televideniyeni hayotimdan o‘chirdim”. Turk aktyori O‘zjan Deniz endi teleseriallarda suratga tushmasligini aytdi

Mashhur turk aktyori va xonandasi O‘zjan Deniz teleseriallar yo‘nalishidagi faoliyatini butunlay yakunlaganini bildirdi. U ijodi davomida ko‘plab loyihalarda, jumladan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan “Istanbullik kelin” va “Alvon g‘unchalar” seriallarida bosh rollarni ijro etgan.

54 yoshli aktyor bu qarorini Antaliya xalqaro kinofestivali doirasida o‘tkazilgan “So‘nggi kechki ovqat” filmining premyerasida ma’lum qildi. Yangi badiiy filmda u aktrisa Oyku Karayel bilan birga suratga tushgan.

Turk aktyorining teleseriallarni tark etish sababi

O‘zjan Denizning aytishicha, bugungi kunda televideniyeda erkin kontent yaratish tobora qiyinlashib bormoqda, mualliflar va aktyorlar esa doimiy ravishda cheklovlarni hisobga olishga majbur bo‘lmoqda.

“Men televideniyeni butunlay tark etdim, chunki u yerdagi vaziyatni tartibsiz deb bilaman. Qolaversa, bugungi kunda talab qilinayotgan kontentni yaratishning ortiq imkoni yo‘q. Kino esa teleseriallardan ko‘ra samimiyroq va haqiqiyroq, televideniye esa ancha ehtiyotkorlikni talab qiladigan maydondir”, deydi aktyor.

Uning aniqlashtirishicha, bu qaror faqat televideniyega taalluqli bo‘lib, u aktyorlik faoliyatini umuman to‘xtatmagan. U e’tiborini kinematografiyaga qaratib, katta ekranlarda yangi rollar ijro etishni rejalashtirmoqda.

O‘zjan Deniz o‘z mehnat faoliyatini dastlab 1990-yillarning boshlarida pop qo‘shiqchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik aktyorlikka o‘tib, bir qator teleseriallar va filmlarda suratga tushdi.

2002-yilda efirga uzatilgan “Ishkomli uy” seriali uning aktyorlik faoliyatidagi muhim burilish nuqtalaridan biri bo‘ldi. Shundan so‘ng u “Iyun oqshomi” loyihasida va xalqaro miqyosda mashhurlik keltirgan “Istanbullik kelin” serialida Faruk Boran obrazini gavdalantirdi. Aktyor qatnashgan ushbu seriallar nafaqat Turkiyada, balki bir qator xorijiy davlatlarda ham namoyish etilgan.

“Alvon g‘unchalar” seriali aktyorning televideniyedagi so‘nggi chiqishi bo‘ldi. Endilikda u faqat kinolarda suratga tushishni davom ettirishni maqsad qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.