Tel-Avivdan uchgan samolyot yoʻnalishini oʻzgartirdi - uni qiruvchi kuzatib bordi
Tel-Avivdan Venaga yoʻl olgan Austrian Airlines aviakompaniyasining Airbus A320 samolyoti portlash tahdidi haqidagi xabardan soʻng Sofiyaga favqulodda qoʻndi. Bortda 51 nafar yoʻlovchi va olti nafar ekipaj aʼzosi boʻlgan. Qoʻnish oldidan laynerni Bolgariya harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyoti kuzatib borgan.

Tel-Avivdan uchgan samolyot yoʻnalishini oʻzgartirdi — uni qiruvchi kuzatib bordi
DW xabariga ko‘ra, hodisa 18-oktabr kechqurun yuz bergan. Aviakompaniya Avstriyaning APA axborot agentligiga tahdid haqida xabar kelib tushganini va samolyot Bolgariya poytaxtida tekshirilayotganini tasdiqlagan.
Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, layner avval odatdagi yo‘nalish bo‘ylab uchgan. Ammo Ruminiyaning janubi osmonida keskin burilib, Sofiyaga yo‘nalgan.
Sky News telekanaliga Bolgariya rasmiylari samolyot qo‘nishidan oldin uni milliy harbiy-havo kuchlari qiruvchisi kuzatib borganini ma’lum qilgan. Aeroportda barcha yo‘lovchilar samolyotdan tushirilgan va layner ko‘zdan kechirilgan.
Taxminan uch soatdan so‘ng layner Sofiyadan yana havoga ko‘tarilgan. U Venaga 19-oktabrga o‘tar kechasi yetib borgan.
Xabarda tahdid kim tomonidan va qanday yo‘l bilan yuborilgani, shuningdek, tekshiruvning batafsil natijalari oshkor etilmagan.

