BAA prokuraturasi: Flydubai piloti samolyotni aeroport terminaliga urishni rejalashtirgan
Dubaydan Tel-Avivga uchgan Flydubai samolyotining ikkinchi uchuvchisi laynerni Ben-Gurion aeroportining yoʻlovchilar terminaliga urishni rejalashtirgan. Bu haqda BAA bosh prokurori Hamad Saif Al-Shamsi tergov maʼlumotlariga tayanib bildirdi.

BAA prokuraturasi: Flydubai piloti samolyotni aeroport terminaliga urishni rejalashtirgan
DW xabariga ko‘ra, bosh prokuror 9-oktabr kuni gumonlanuvchi — 29 yoshli Ummon fuqarosi teraktni amalga oshirishni ko‘zlaganini aytgan.
AFP ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olingan uchuvchi tergovchilarga hujumni yolg‘iz tayyorlaganini va imkon qadar ko‘proq odamni o‘ldirishni maqsad qilganini bildirgan.
Al-Shamsining ta’kidlashicha, gumonlanuvchi Flydubai’ga ishga kirishdan oldin barcha zarur xavfsizlik tekshiruvlaridan o‘tgan. U uchuvchilik litsenziyasi va sudlanmaganlik haqidagi ma’lumotnomani taqdim etgan. Biroq tekshiruvlar uning ekstremistik qarashlari yoki terakt sodir etish niyatini aniqlamagan.
Hodisa 30-sentabr kuni Dubay - Tel-Aviv reysida yuz bergan. Samolyotni egallab olishga urinish haqidagi signaldan so‘ng Boeing 737 MAX 8 Saudiya Arabistonining Tabuk shahri aeroportiga favqulodda qo‘ngan.
Layner bortida 174 kishi, jumladan, 27 nafar bola bo‘lgan. Yo‘lovchilarning aksariyati Isroil fuqarolari ekani aytilgan.
Uchuvchilar kabinasidagi olishuv paytida samolyot 29 soniya ichida 9410 metrdan 5105 metrgacha — 4305 metr balandlikni yo‘qotgan.
Ayrim yo‘lovchilarning aytishicha, dastlab kabinadan baqiriqlar eshitilgan. Keyin eshik ochilib, uchuvchilardan biri jarohatlangani ma’lum bo‘lgan. Ekipaj a’zolari va yo‘lovchilar hujum qilgan shaxsni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan.
Samolyot komandiri, Hindiston fuqarosi Smit Machchxar hujumda og‘ir jarohatlangan va Saudiya Arabistonida shifoxonaga yotqizilgan.
U Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan videomuloqotda samolyot tez balandlik yo‘qotayotganini anglagach, kabina eshigini ochish uchun bor kuchini to‘plaganini aytgan.
«Men jarohatlangan holda polda yotardim. Lekin o‘zimga so‘nggi bor harakat qilib, eshikni ichkaridan ochishim kerakligini aytdim. Emaklashga urindim. Eshik juda yaqin edi. Uni ochishga muvaffaq bo‘ldim va boshqalar ichkariga kirdi», - deya uning so‘zlarini keltirgan The Telegraph.
Modi uchuvchining harakatlarini ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qolgan jasorat, sabr-toqat va tez qaror qabul qilish namunasi deb baholagan.
Jarohatlangan komandirga yo‘lovchilardan biri — stomatolog Shota Musayev yordam ko‘rsatgan.

