“Tayyor bo‘lmasang, mamlakatdan ket!”: Medvedev migrantlar ustidan nazorat kuchaytirilishini aytdi

“Tayyor bo‘lmasang, mamlakatdan ket!”: Medvedev migrantlar ustidan nazorat kuchaytirilishini aytdi
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev 2027-yildan boshlab migrantlar ustidan nazorat choralari kuchaytirilishini ma’lum qildi.
Medvedev ayrim hududlarda muhojirlar soni oshayotganini bildirdi.
“Avvalo, yirik aglomeratsiyalardagi migrantlarning to‘planishi fuqarolarimizni haqli ravishda tashvishga solmoqda. Bu ko‘pincha ular oila a’zolari bilan kelishi, rus tilini past darajada bilishi, bizning me’yorlarimiz va an’analarimizga rioya etishni istamasligi, shuningdek, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari bilan ham bog‘liq. Bunday jinoyatlarning ba’zilari juda jiddiy aks-sado beradi”, dedi Medvedev.
U 2027-yil yanvaridan xorijiy ishchilar o‘zi va oilasini yashash minimumidan kam bo‘lmagan darajada ta’minlashi kerakligini aytdi. Bunda hududiy koeffitsiyent ham hisobga olinadi.
“Agar soliq organlari migrantning daromadi borligini tasdiqlamasa yoki uning daromadi belgilangan miqdorga mos kelmasligini aniqlasa, migrantning patenti yoki ishlash uchun ruxsatnomasi bekor qilinadi. Shuningdek, uning o‘zi va oila a’zolari Rossiyada qolish huquqidan mahrum bo‘ladi ”.
Medvedev migratsiya sohasida, jumladan, ularning biometrik ma’lumotlari va genomi bo‘yicha nazorat kuchaytirilishini bildirdi. Shuningdek, endi xorijliklar 30 kun ichida nafaqat xavfli yuqumli kasalliklar, balki giyohvand moddalarni iste’mol qilish holatlari mavjudligi bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shartligini aytdi.
“Fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritildi. Olingan fuqarolikni bekor qilish uchun asoslar ro‘yxati sezilarli darajada kengaytiradi. Bu boradagi pozitsiya aniq: ishlash uchun keldingmi — urf-odatlarimizni hurmat qil, Rossiya qonunchiligiga rioya et. Tayyor bo‘lmasang, mamlakatdan ket! ”, deya xulosa qildi Medvedev.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiyada 1-sentyabrdan e’tiboran xorijliklar uchun yangi qonuniy o‘zgartirishlar kuchga kirdi. Endi mamlakatda 90 kundan ortiq qolmoqchi bo‘lgan chet elliklar OIV (OITS) va giyohvandlik bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Bu qoida ish, o‘qish va boshqa maqsadda kelgan barcha shaxslarga tegishli.
Ular chegaradan o‘tganidan keyin bir oy ichida maxsus ma’lumotnomani olishi shart. Keyinchalik bu jarayon har yili takrorlanadi. Aks holda 50 ming rublgacha (7 million so‘mgacha) jarima solinadi.

