Layfstayl

Tavalludiga 119 yil to‘lgan “so‘z zargari” — Abdulla Qahhor uy-muzeyidan reportaj

17 cyentyabr — yozuvchi Abdulla Qahhorning tug‘ilgan kuni. Asarlari va tarjimalari haligacha qo‘lma-qo‘l o‘qilgani kabi, uning uy-muzeyi ham alohida qiymatga ega. Gazeta adibni xotirlash maqsadida Yakkasaroydagi uy-muzeyda bo‘ldi.

Tavalludining 119 yili to‘lgan “so‘z zargari” — Abdulla Qahhor uy-muzeyidan reportaj

1907-yil 17 cyentyabrda yozuvchi va tarjimon Abdulla Qahhor dunyoga kelgan edi. Hozir ham qo‘lma-qo‘l o‘qiladigan asarlari va tarjimalari qatorida adibning uy-muzeyi hamda undagi moddiy meros alohida qadrga ega. Gazeta yozuvchini xotirlash maqsadida uning Yakkasaroydagi uy-muzeyiga bordi.

Yakkasaroy tumanidagi “Kosmonavtlar” metrosidan 800 metr uzoqlikda, Yunus Rajabiy ko‘chasida daraxtlari ko‘p, sokin va fayzli yo‘lak bo‘ylab yurganingizda o‘ng tomonda Abdulla Qahhor uy-muzeyi joylashganini bildiruvchi belgi ko‘rinadi, biroz narida avval yozuvchining byusti, keyin esa muzeyga kirish eshigi ko‘zga tashlanadi.

Uy-muzey 1987-yil 6-mayda, Abdulla Qahhor tavalludining 80 yilligida, rafiqasi Kibriyo Qahhorova tashabbusi bilan tashkil etilgan. Yiliga 6 mingdan ortiq tashrifchi keladigan, 5 mingdan ortiq eksponati bor ikki qavatli muzey 4 ta xona, asosiy kirish yo‘lagi va hovlidan iborat. Avvallari asosan talabalar va o‘quvchilar mehmon bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi besh yilda turli yoshdagi mahalliy aholi va xorijliklar orasida ham muzeyga qiziqish oshgan.

Muzey xodimining aytishicha, Kibriyo Qahhorova uy va undagi buyumlarni shu qadar ehtiyot qilganki, ular hozirgacha jiddiy restavratsiyaga muhtoj bo‘lmagan. Faqat 2007-yilda amalga oshirilgan kichik ta’mirdan keyin uyning yuqori qavatidagi ijod xonalari ham tashrifchilar uchun ochilgan.

Muzey haftaning ilk besh kunida 10:00 dan 17:00 gacha, shanba kuni 15:00 gacha ishlaydi. 13:00 dan 14:00 gacha tushlik. Yakshanba — dam olish kuni. Kirish bepul.

Abdulla Qahhor Qo‘qonda temirchi oilasida tug‘ilgan. Ustaxonada otasiga yordam ham berib turgan. Shu sabab “Bolalik” zalidagi ilk eksponatlar temirchilik asboblari — dam, havo o‘tkazgich, charxlar bilan boshlanadi. Vitrinada o‘sha ish jarayonlari ham aks ettirilgan.

Abdulla Qahhorning bolaligi Farg‘ona vodiysining Yaypan, Nursuq, Qudash, Buvayda, Tolliq, Olqor, Yulg‘unzor, Oqqo‘rg‘on qishloqlarida o‘tgan. Oilaning bir hududdan boshqasiga tez-tez ko‘chib yurishi odatda usta Abduqahhorning temirchilik qilish uchun qayerda sharoit topsa, o‘sha tomonga yo‘l olgani bilan izohlanadi. Ammo Abdulla Qahhorning avtobiografik asari — “O‘tmishdan ertaklar”ni o‘qisangiz, ko‘chishlarning barchasi ham non topish tashvishi bilan bog‘liq bo‘lmaganini bilasiz.

Yaypanda yashayotgan paytda usta Abduqahhor Qo‘qondan velosiped olib keladi. Bugun oddiy transport vositasi bo‘lgan velosiped o‘sha davr qishlog‘i uchun yangilik va g‘alati hodisa sifatida qabul qilingan va odamlar uni “shayton arava” deb atay boshlagan.

Bir kuni qishloqdosh ayol velosipedning shamolidan qo‘rqib yiqiladi va keyinchalik olamdan o‘tadi. Uning oilasi bu voqeani “taqdir” deb qabul qilsa-da, odamlar orasida “Shayton arava qishloqdan fayzni qochirdi” degan qarash kuchayadi. Oxir-oqibat, oila Qo‘shariqqa ko‘chishga majbur bo‘ladi.

Buvaydada esa usta yer-suv ishlariga qaraydigan ko‘k shapkali amaldorning cingan izvosh o‘qini tuzatib bergach, qishloqda “temirchining to‘ralardan oshnasi bor ekan” degan gap tarqaladi. Buvaydaga sho‘rolarga qarshi kurashayotgan Ergash qo‘rboshi yigitlari bilan kelgach, usta Abduqahhor “to‘ralar bilan oshna” ekan degan gap qo‘rboshiga yetib borishidan xavfsirab, oilasini bir muddat Tolliqqa ko‘chiradi.

Vaziyat tinchgach, yana ortga qaytadi. Bu safar Valixon so‘fi bilan ziddiyat kelib chiqadi. Usta o‘g‘li Abdullani so‘fining maktabiga olib chiqadi, ammo bolalarga harflarni to‘g‘ri o‘rgatmayotganini bilib, buni o‘ziga aytgach, so‘fining adovati kuchayib, odamlarga yomonlab, mahalladan ko‘chirtirish haqida aytib yuradi. Uning odamlari ustaning uyiga bostirib kirib, tahdid qilganidan ko‘p o‘tmay, oila Oqqo‘rg‘onga ko‘chadi.

Hayot iziga tushayotganda Ergash qo‘rboshi bilan sho‘ro hukumati o‘rtasida qishloq atrofida urush boshlanishi mumkinligi haqida xabar keladi. Ota oilasini shoshilinch tarzda Qo‘qonga olib ketadi.

Kichkina Abdulla endigina bir muhitga ko‘nika boshlaganida uni tark etaveradi. Yangi joylardagi bolalar ko‘pincha “kelgindi” yoki “qishloqi” deb o‘zlariga qo‘shishmaydi. O‘sha davr qishlog‘ining ijtimoiy munosabatlari va siyosiy notinchlik ana shu tarzda bir oilaning hayotiga tinimsiz ta’sirini o‘tkazadi.

“Uy-ro‘zg‘or buyumlari sifatida ishlatiladigan samovar, choynak, patnislar, Abdulla Qahhor bolaligida kiygan do‘ppisi, erkaklar chakmoni va ayollar paranjisi ham muzey sohibi yashagan davrdagi hayot tarzini ko‘rsatadi. Bekorga, muzeylar tarix ko‘zgusi deyilmaydi-da”, — deydi muzey xodimi Sanobar Matlubova.

Abdulla Qahhor “qop-qora qo‘ng‘iz”ga o‘xshatgan tikuv mashinasi ham bor. Uning otasi qishloqda bir boydan keyin ikkinchi bo‘lib tikuv mashina sotib oladi va “Zingerli boy” degan nom chiqaradi. Mashina qishloq ayollari orasida katta qiziqish uyg‘otadi. Abdullani safiga qo‘shmaydigan bolalar ham “Zinger”ingni bitta ko‘rsat deb, orqasidan ergashib yuradi. Ammo bu xursandchilik ham uzoqqa cho‘zilmaydi. Mahalla imomi bir to‘ydagi osh ustida “Zinger tikkan kiyim namozlikka yaramaydi” degandan keyin odamlarning munosabati o‘zgaradi. Shundan keyin sohibi mashinani eski qopga o‘rab, tandirning tagiga tiqib qo‘yadi.

Abduqahhor usta va Rohatoy ayaning 12 farzandidan faqat 8-farzandi Abdulla tirik qoladi. “Otalari temirchi bo‘lgani bilan, kitobga juda ishtiyoqmand inson bo‘lganlar. Kechalari turmush o‘rtog‘iga ertaklar, kitoblar o‘qib berganlar. Va bularni Abdulla Qahhor ham eshitgan”, — deydi muzey xodimi.

Rohatoy aya va Abdulla Qahhor.

Abdulla Qahhor “Istiqlol” va “Namuna” maktablarida tahsil oladi. Vitrinalarda uning o‘qish davriga oid suratlar — birinchi ustozi Muhammadjon G‘afurovning oilasi bilan, keyingi ustozi Qori Niyoziy bilan tushgan fotosuratlari ham bor.

“Abdulla Qahhor shunchalik iqtidorli yigit bo‘lganidan ustozlari unga maktublar yozgan. Hamma ustoz ham o‘zining shogirdiga maktub bitavermaydi”, — deydi Sanobar Matlubova.

Abdulla Qahhor o‘qish davrida qo‘lyozma jurnalida mashqlarini e’lon qilib borgan bo‘lsa, keyinchalik “Qizil O‘zbekiston” gazetasi tahririyatida muharrir bo‘ladi. Bir paytda O‘rta Osiyo davlat universitetining ishchilar fakultetini tamomlaydi. Qo‘qondagi o‘qituvchilarni tayyorlash kursida muallimlik qiladi. “Yangi Farg‘ona” gazetasida kotib, hajviy bo‘limida mudir sifatida ishlaydi. “Mushtum”, “Yangi yo‘l” jurnallari, “Qizil O‘zbekiston” gazetasida Norin Shilpiq va boshqa taxalluslar ostida hajviyalar e’lon qiladi.

30-yillarda Toshkentga qaytib, avval o‘qigan universitetining pedagogika fakultetiga o‘qishga kiradi. Ayni paytda “Sovet adabiyoti” jurnalida mas’ul kotib vazifasini bajaradi. 1954−1956-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi bo‘ladi.

Keyingi vitrinalardan birida Abdulla Qahhorning o‘zi ishlatgan kundaliklari, dars jadvallari, shogirdlari bilan hamda universitetda tushgan suratlari joy olgan.

Abdulla Qahhor suratga olishni yaxshi ko‘rgan. Do‘stlari davrasi, tadbirlar yoki xorijiy safarlarda — qayerda bo‘lmasin, muzeyda saqlanayotgan fotoapparatini yonida olib yuradi. Muzey arxivida o‘zi suratga olib, tahrir qilgan ko‘plab fotosuratlar mavjud. “Zamonaviy fotoapparatlar bo‘lmagan bir davrda Abdulla Qahhor negativlar bilan ishlagan, xonalarni qoraytirib, har bir suratni o‘zi tayyorlagan”, — deydi muzey xodimi.

“Bolalik” zalidan Abdulla Qahhorning turmush o‘rtog‘i — Kibriyo Qahhorovaga oid buyumlar va suratlar ham o‘rin olgan.

Kibriyoxonim Samarqandda Maxsum Lutfullayev oilasida tug‘ilgan. Buxoroning “Ko‘kaldosh” madrasasida ta’lim olgan qizini avval o‘zi, keyin mahalladagi maktabda o‘qitadi. Eski arab yozuvi va alifbosini, fors-tojik, tatar hamda rus tillarini o‘rganganidan so‘ng, uyda uni “Mullo Kibriyo” deb chaqirishni boshlashadi.

Arab tilini bilishi Tojikiston davlat nashriyotining Samarqand filialida Sadriddin Ayniy qo‘l ostida ishlash imkonini beradi. Ko‘p o‘tmay, Leningrad universitetining sharqshunoslik fakultetiga o‘qishga kiradi. Shu chog‘da Tojikiston davlat nashriyotining Leningrad shahri bo‘limi boshlig‘i sifatida ham faoliyat olib boradi.

1943−1945-yillarda Sovet armiyasida xizmat qilib, leytenant unvonini oladi. Xizmat paytida Toshkent harbiy okrugi muassisligidagi “Frunzevets” gazetasida harbiy tarjimon sifatida ishlaydi. Aynan shu davrda Abdulla Qahhor bilan tanishadi.

Birinchi suhbatdan so‘ng Abdulla Qahhor Kibriyoxonim haqida kitob yozishga qaror qiladi. Shundan keyin ular tez-tez ko‘rishib, adabiyot va hayot haqida suhbatlashib, keyinchalik turmush quradi.

Mehmonxonadagi barcha mebel va jihozlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari hamda televizor Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova qanday yashagan bo‘lsa, o‘shandayligicha, o‘zgarmagan holda saqlanmoqda.

O‘rtadagi yetti kishilik stol ham bejizga dumaloq emas. Abdulla Qahhor shogird-do‘stlari mehmonga kelganda birining yuqorida, boshqasining pastda qolishini istamay, shu dumaloq stolni olgan ekan.

Stol ustidagi ruchka va yondaftar ham yozuvchiga tegishli. Unga kundalik hayotida uchragan ayrim so‘zlar, iboralar, tasvirlar, tashbehlar, faktlar, turli-tuman voqea-hodisalar va adabiyot haqidagi o‘ylarini yozib borgan. Yangi asar boshlaganda esa shu qaydlardan foydalangan.

To‘rda rassom Aziza Mamatova tomonidan chizilgan Kibriyo Qahhorova portreti osig‘liq turadi. Yonidagi stol atrofida ikki ijodkor Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanini tarjima qilishgan.

Kibriyo Qahhorovaning tarjimonlikka kirib kelishida Abdulla Qahhorning o‘rni katta bo‘lgan. Yozuvchilar uyushmasining Do‘rmondagi ijod bog‘iga ko‘chib o‘tishganda, Abdulla Qahhor rafiqasiga “Qani, bir mashq qilib ko‘rasizmi?” deb “Qo‘shchinor chiroqlari” romanining qo‘lyozmasini beradi. Qo‘lyozma arab alifbosida, ustiga-ustak, xonim o‘sha paytda o‘zbek tilini hali mukammal bilmagan. Shunga qaramay, qiynalib bo‘lsa-da, roman qo‘lyozmasi ustida ishlash jarayonida o‘zbek tilini ancha yaxshi o‘rganib olgan.

“Bir kuni qandaydir so‘zni noto‘g‘ri yozib qo‘yganimda Abdulla Qahhor „Ha, bechora, o‘zi tojik bo‘lsa, yana qo‘lyozma arab alifbosida, bitta-yarimta xato qilgandir“, deyish o‘rniga: „Savod bormi?“ dedilar. O‘shanda yig‘lamagan bo‘lsam ham, yig‘lagandan battar bo‘lganim hamon esimda”, — deb yozadi xonim “Chorak asr hamnafas” kitobida.

Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, Kibriyoxonim “tuppa-tuzuk tarjimon” bo‘lgach, “Urush va tinchlik”ni tarjima qilishga jur’at etadi. “Ona bolasining tetapoya bo‘lishi, mustaqil qadam tashlashi uchun nechog‘lik jon kuydirsa, Abdulla Qahhor ham mening o‘zbek tilini mukammal o‘rganishim, yaxshi tarjimon bo‘lishim uchun shunchalik sabr-u matonat bilan harakat qilganlar”, — deb eslaydi Qahhorova.

“Urush va tinchlik”ning birinchi jildi tarjimasiga Kibriyoxonim deyarli ishtirok etmaydi. Ikkinchi jildini esa avval qo‘lidan kelgancha xonim tarjima qiladi, Abdulla Qahhor esa xatolarini tuzatib, oq qog‘ozga yozadi. Uchinchi jildni — kunduzlari Kibiriyoxonim tarjima qiladi, kechqurunlari tayyor qismini Abdulla Qahhor peshma-pesh ko‘rib, tahrir qilib chiqadi. To‘rtinchi jildini birgalikda tarjima qilish nasib etmaydi, ishni xonimning o‘zi tugallab qo‘yadi.

Zinadan yuqoriga ko‘tarilganda ijod zali kutib oladi. Unda 1925-yilda Abdulla Qahhor “Qizil O‘zbekiston” gazetasining muharriri bo‘lgandagi ishxona maketini ko‘rish mumkin.

Abdulla Qahhor “Sarob”, “Qo‘shchinor chiroqlari” romanlari, “Sinchalak”, “O‘tmishdan ertaklar”, “Muhabbat” qissalari orqali o‘zbek nasrini boyitgan. O‘zbek adabiyotida kichik hikoya janrini yuksak cho‘qqiga olib chiqib, hikoyalaridagi ixchamlik va o‘tkir mahorati uchun “o‘zbek Chexovi” deb atala boshlagan.

“Chorak asr hamnafas”da yozilishicha, Abdulla Qahhor qishda ijod bilan shug‘ullanib, yozda Farg‘ona vodiysi va respublikaning boshqa vohalarini kezib yurish odatiga ega bo‘lgan. Qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni ko‘zi bilan ko‘rib, yoziladigan asarlarining qahramonlari bilan uchrashib, ularning fe’l-atvori, mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishishni yaxshi ko‘rgan.

50-yillar boshida Mirzacho‘lga qilgan katta safarida “Yangi yer” (“Shohi so‘zana”) komediyasidagi Mavlon, “Sinchalak”dagi Eshon obrazlarning prototiplarini uchratadi.

Rus shoiri Stepan Shchipachyov “Sinchalak”ni o‘qib, yozuvchiga yozgan xatida uni Gogolga o‘xshatadi. Bir necha hikoya va feletonlarini rus tiliga tarjima qilgan mashhur hajvchi Leonid Lench “Sinchalak”ning ichiga kirgan “To‘yda aza” hikoyasiga shunday baho beradi:

“Abdulla Qahhor mahoratini kichkinagina „To‘yda aza“ hikoyasi misolida ko‘rsatish mumkin. Insonning o‘limi haqida kulgili qilib hikoya yozish nihoyatda murakkab.

Bu ish faqat Chexovning qo‘lidan kelar edi, fransuzlar eplashar edi. Qarangki, Abdulla Qahhor shunga muvaffaq bo‘libdi. Kichik bir hikoyada siyqasi chiqib ketgan o‘lim voqeasi yangicha hayotiy bo‘yoqlar bilan yarqirab, jilolanib turibdi”.

Kinorejissyor Latif Fayziyev “Sinchalak” povesti asosida film yaratmoqchi bo‘ladi va odatdagidek, Kibriyoxonim borib kinostudiyaning o‘sha vaqtdagi bosh muharriri, shoir Turob To‘la bilan sakkiz ming so‘mga shartnoma tuzib keladi. Qoidaga ko‘ra, povest ekranizatsiya qilinsa, besh ming, u yoq-bu yog‘i o‘zgartirilsa — sakkiz ming so‘m to‘lanar ekan. Ular filmning nomini “Sinchalak” deb atamaslik shartini qo‘yishadi. Xonim uyga kelib, masalaning bu tomonini Abdulla Qahhorga tushuntiradi.

“Uch ming so‘m ortiqcha pul olaman deb ham hukumatni, ham tomoshabinni aldaymanmi, dedilar u kishi. Boring, shartnomani bekor qilib, besh mingga tuzib keling. Ertasiga yangidan shartnoma tuzish uchun kinostudiyaga bordim. Abdulla Qahhorning talabini eshitib, hamma hangu mang bo‘lib qoldi. Turob To‘la jilmayib, “Ajabo, odamlar qalam haqini picha oshiring, deb iltimos qilib keladiyu, Abdulla akam ozaytirishni so‘rabdilar-a! dedi”, — deb eslaydi Qahhorova.

Abdulla Qahhor, shuningdek, Gogol, Chexov, Lermontov, Pushkin asarlarining tarjimoni hisoblanadi. Yozuvchining o‘z asarlari ham 20 dan ortiq xorijiy tillarga tarjima qilingan.

Abdulla Qahhorning talabchanligi va tanqidlaridan o‘sha davrdagi har bir ijodkor ehtiyot bo‘lib yurgan. Asarlari nashrdan chiqqach, Abdulla Qahhor nima derkan, deb kutishgan. Agar ijobiy fikr bildirsa, demak, u asar yaxshi deb hisoblangan.

Said Ahmad o‘zining “Yo‘qotganlarim va topganlarim” asarida yozishicha, Abdulla Qahhor “Ufq” romani nashridan oldin Ikrom ota urushdan qochib kelgan o‘g‘lini otgan epizodini eshitganda “Bunday qila ko‘rmang, o‘z o‘g‘lini o‘ldirgan otani o‘quvchi la’natlaydi. Odam o‘ldirgan kishini ijobiy qahramon deb bo‘lmaydi”, deya boshqa yo‘l tutishni aytadi.

O‘tirganlar orasida chapdan ikkinchida — Abdulla Qahhor, uning o‘ng tomonida — Said Ahmad.

Said Ahmad butun asardagi voqealar va detallarni shu epizodga moslab yozganini eslab, endi qanday o‘zgartiraman, butun asarni qayta yozib chiqamanmi, nima bo‘lsa ham otishi kerak deb o‘ylanib, hatto bu haqda Qahhorga aytganidan afsuslanib ham qo‘yadi. Ammo tongotar mahal “xayriyat, tegmadi-ya” degan jumlani qo‘shadi. Abdulla Qahhor “Mana bu boshqa gap. Ikkita so‘z bilan bir dunyo ish qilibsiz”, deb oq fotiha beradi. Said Ahmadning o‘zi esa bundan keyinchalik ko‘p minnatdor bo‘ladi.

Kibriyo Qahhorovaga ko‘ra, Abdulla Qahhor minbarga chiqqanda aytadigan so‘zlarining zamirida, albatta, til masalasi yotgan. Biror yozuvchi yoki shoir o‘zbek tilining nazokatini buzsa, ming yaqin, ming jonajon do‘stlari bo‘lsa ham, ayab o‘tirmagan. Talabalar uchrashuvlarda ham o‘zbek tilining boyligini ta’kidlab, avvalo ona tiliga muhabbatli bo‘lish haqida ko‘p so‘zlagan. “Chorak asr hamnafas” kitobida radio va televideniye xodimlari bilan bo‘lgan bir yig‘ilishda ularning ish jarayonini tanqid qilgan nutqidan quyidagi parcha keltiriladi:

“Juda boy, chiroyli tilimiz bor. Bu tilda ifoda etib bo‘lmaydigan fikr, tuyg‘u yo‘q! Afsuski, radiomiz ko‘pincha xalq bilan mana shu boy, chiroyli, purqudrat tilda gaplashmaydi. Odamlar borki, bisotidagi bir hovuch so‘zni aylantirib, oyligini olaveradi, o‘qish-o‘rganish bilan o‘zbek tilining imkoniyatidan to‘laroq foydalanishni istamaydi yoki bunga farosati yetmaydi.

Mana shu odamlarning dangasaligi yoki farosatsizligi, chala mulla “olim”larning ilmiy faoliyati oqibatida shundoq bir til vujudga kelganki, na muomalada, na suhbatda, na oilada hech kim bu tilda gapirmaydi…

Bu tilni faqat mikrofon ko‘taradi, bunga faqat mikrofon toqat qiladi…

Bizning matbuot va radio tili nima uchun kundan-kunga xalq tilidan uzoqlashib boryapti?

Nima uchun tilimizning qonun-qoidalari buzilyapti? Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotganlarga hech kim hushtak chalmaydi…”

Abdulla Qahhor dramaturgiyada ham o‘z davrining eng oldi yozuvchilaridan bo‘lgan. Bu yo‘nalishdagi “Ayajonlarim”, “Tobutdan tovush”, “Shohi so‘zana” asarlari anchayin mashhurlikka erishgan. “Shohi so‘zana” komediyasi 1949-yili respublika miqyosida o‘tkazilgan yopiq konkursda “Mirzacho‘llik” imzosi bilan qatnashib, yuksak mukofotga sazovor bo‘ldi. O‘sha yili o‘zbek sahnasining otaxoni Yetim Bobojonov bu asarni Hamza nomidagi teatr sahnasida qo‘yadi.

Keyingi yili rus tilida ham tarjima qilinib, nashr qilingach, SSSR Davlat mukofotiga sazovor bo‘ladi. Bir qator xorijiy mamlakatlar, Sovet Ittifoqining 74 teatrida sahnalashtiriladi. “Bu bilan Abdulla Qahhor birinchi bo‘lib o‘zbek dramaturgiyasini Umumittifoq sahnasiga olib chiqdi”, — deb yozadi Kibriyo Qahhorova.

Memorial xonalardan birida Abdulla Qahhorning minglab kitoblardan iborat kutubxonasi joylashgan.

“Bu yerdagi barcha kitoblarni Abdulla Qahhorning o‘zlari sotib olganlar va uch-to‘rt marta qayta o‘qib chiqqanlar. „Sarob“ romanidan gonorar olganlarida Moskvaga borib, Chexovning 22 tomlik kitobini keltirib, besh marta qayta o‘qiganlar. Ehtimol, shunday odatlari Qahhorni buyuk yozuvchi, buyuk tarjimon qilgandir”, — deydi muzey xodimasi.

Shuningdek, yozuvchining ish stoli ham shu yerdan o‘rin olgan. Kibriyo Qahhorovaning yozib qoldirishicha, Abdulla Qahhorning ish kunlari ertalab soat sakkizdan boshlanib, nonushta qilib bo‘lgach, stolga o‘tirib, to soat o‘n ikkigacha o‘rnidan turmagan. Bu vaqt ichida hech kim yozuvchini bezovta qilmay, o‘zi ham kabinetga hech kimni qo‘ymagan. Lekin “Kori shabu xandai ro‘z” — kechasi qilingan ishga kunduzi kulasan, deb kechqurunlari ishlamagan.

“Abdulla Qahhor uchun kabinet yangi asar tug‘iladigan muqaddas joy edi.

U yerdagi telefonning zangi olingan, telefon orqali bo‘ladigan barcha muomala mening bo‘ynimda edi. Juda muhim odam bo‘lsa, telefon yonidagi tugmachani bosardim, shunda u kishi telefon go‘shagini ko‘tarar edilar”, — deb eslaydi Kibriyoxonim.

Shuning uchun u Abdulla Qahhor ishlayotgan paytda, xayollari bo‘linmasin, deb qanchalik muhim ishi bo‘lsa ham, ko‘chaga chiqmagan.

“Bir-ikki kunlik komandirovkaga borib, bitta ocherk yozib keladigan yozuvchilarga havaslari kelib, men tovuqqa o‘xshayman, tovuq ham faqat o‘rgangan joyida tuxum qiladi, men ham to siz-u yozuv stolim bo‘lmasa, yozolmayman, der edilar”, — deb yozadi rafiqasi.

Abdulla Qahhor biror asarni bugun yozib, ertasiga nashriyotga olib bormagan. Yozib bo‘lgach, uch-to‘rt kun tashlab qo‘yib, keyin yana bir karra ko‘zdan kechirib, qanoat hosil qilgach, mashinkadan chiqargan. Yozuvchi hatto birovga yozadigan maktubini ham avval qo‘lda yozib, keyin mashinkada ko‘chirgan.

Kibriyo Qahhorova “Chorak asr hamnafas” kitobida eslashicha, Abdulla Qahhor ilhom kelsa-kelmasa, qog‘oz qoralash kerak, deb hisoblagan. Ilhom kelib qolsa, yarim kechasi ham o‘rnidan turib, kabinetga kirib ketgan. Ba’zan tumbochkadagi yondaftariga xayoliga kelgan fikrlarni yozib qo‘ygan.

“Har kuni ko‘pi bilan bir yarim-ikki sahifa yozardilar. Bordiyu, bir kunda uch sahifa yozsalar, bugun uch sahifa yozdim, ertaga yarmi bракka chiqadi, deb qo‘yardilar. Bir yarim-ikki sahifani yozish uchun to‘rt-besh soat o‘tirardilar.

Ba’zi sahifalar o‘n-o‘n besh, ba’zida esa o‘n olti-o‘n to‘qqiz martadan qayta yozilar edi.

Mabodo sahifaning oxirida biror so‘zni o‘zgartirish lozim bo‘lsa, o‘sha sahifani butunlay qaytadan yozib chiqardilar. Men u kishining mehnatiga achinib, ustiga yozib qo‘ya qolsangiz bo‘lmaydimi, desam, yo‘q, boshqatdan yozib chiqqanda yangi ibora, yangi tashbehlar esga keladi, asar sayqallanadi, ixcham bo‘ladi, derdilar”, — deb yozadi xonim.

Ikkinchi qavatga chiqish zali va xonalardan yozuvchining asarlarida rol ijro etgan aktyorlarning suratlari ham o‘rin olgan. Eng yorqin namunalaridan biri, albatta, “Mahallada duv-duv gap”.

“Uni rus tilida yozishadi. Abdulla Qahhor o‘zbek tiliga o‘girganda qizil bilan ko‘p joylarini o‘zgartirib tashlaydi. Buni o‘qigan Shuhrat Abbosov avvaliga asabiylashib, keyin “bu asar tarjima orqali qayta tug‘ildi”, deb kulib qo‘yadi.

“Filmning asl nomi „Syurpriz“ bo‘lgan. Undagi har bir jumla Abdulla Qahhor tomonidan qayta talqin qilingan desa ham bo‘ladi. Lutfixonim Sarimsoqova o‘g‘lim lip etib chiqarib qo‘yardi, lip degani shu ekan-a, degan so‘z o‘yinlari ishlatishi Abdulla Qahhorning so‘z zargari ekanini yana bir bor ko‘rsatadi”, — deydi muzey xodimasi.

50-yillar boshida Abdulla Qahhorda qand kasali aniqlanadi. 1968-yil yanvarida vannaxonada yuvinayotgan chog‘i chap oyog‘ining bosh barmog‘i ozgina shilinadi.

“Ranglari quv uchgan holda vannaxonadan chiqdilar-u, „Tamom!“ deb o‘zlarini karavotga tashladilar. Darhol doktor chaqirdim. U tezlik bilan kasalxonaga yotqizishni tavsiya qildi. Lekin dori-darmon kor qilmadi. Fevral oyida uyga olib keldim. Xastalik, uyqusizlikka qaramasdan „Muhabbat“ qissasini yozib, tugatdilar”, — deb yozadi Kibriyoxonim.

Xonaki dori-darmonlar, mumiyo muolajasidan keyin ham natija bo‘lmaydi. Tangaday yara bitavermagach, doktorlarning maslahatiga ko‘ra, o‘zi qarshi bo‘lishiga qaramay, Moskvaga olib borishadi.

Ammo u yerda ham davolanishlar natija beravermaydi. O‘sha paytlarni Kibriyo Qahhorova shunday eslaydi: “Shuncha kundan beri biron marta „voy“ demagan odam kechasi bir bor „voy“ deb qo‘ydilar-u, xuddi o‘zlaridan o‘zlari xijolat bo‘lganday, men olamdan o‘tib ketayotganim uchun oh chekayotganim yo‘q, dedilar. Uy-joyim, bog‘-u hovlim turib, shu qafasday uyda, temir karavotda, yana yor-u do‘stlarim bilan vidolashmay ketayotganimga „oh“ chekdim dedilar”.

O‘limoldi kuni esa shogirdi Shuhratni chaqirtirib, o‘zidan keyin Kibriyo Qahhorovaga g‘amxo‘rlik qilish haqida ko‘p vasiyatlar qiladi. “Agar men Abdulla Qahhor bo‘lgan bo‘lsam, siz tufayli bo‘ldim. Boshqa ayol bo‘lganda, mening xarakterimga bir haftadan ortiq chidamas edi. Siz bo‘lmaganingizda, men ehtimol bundan yigirma yil burun o‘lib ketgan bo‘lardim”, — deydi yozuvchi. 1968-yil 25-may kuni 61 yoshida Moskvada joni uziladi.

Yozuvchining 60, 80, 100 yilligiga bag‘ishlab nashrdan chiqarilgan kitoblari hamda unga atalgan turli hadyalar “Sovg‘alar” zalidan o‘rin olgan.

O‘zbekiston xalq artisti Yunus Rajabiy va Abdulla Qahhor qo‘shni bo‘lishgan. Muzey xodimasining aytib berishicha, bu uyda o‘tadigan har bir tadbirda Yunus Rajabiy kelib, qo‘shiq aytib bergan. Bir kuni Abdulla Qahhorga “Men har safar dutor ko‘tarib kelaman, o‘zing bitta dutor buyurtirsang bo‘lmaydimi?” deganida Abdulla Qahhor “Baribir o‘zing chalasan, shuning uchun o‘zingning ustangga buyurtma bergin”, degan ekan.

“Dutor tayyor bo‘lganda Yunus Rajabiy olib kelib, 100 so‘m deganlarida Abdulla Qahhor birpas jim turib bir ustaga, bir dutorga qarab „Ustasi bilan birgami?“, degan ekanlar. Bu ham so‘z zargarining bir o‘xshatmasi-da. Hozir tadbirlarimizda ustozning farzandi Hasan Rajabiy kelib, shu dutorda qo‘shiqlar aytib beradilar-da, o‘sha hangomani eslab, „lekin otam pulni olmagan“ deb qo‘yadilar”, — deydi muzey xodimasi Sanobar Matlubova.

Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorovaning farzandlari bo‘lmagan. Ammo yozuvchining birinchi turmushidan Po‘lat va Suyar ismli ikki o‘g‘li bo‘ladi.

“Shu bolalar tufayli kundoshim bilan tez-tez uchrashib turar edim. Ba’zan qo‘ni-qo‘shnilar kundoshimga nisbatan bo‘lgan munosabatimni ko‘rib hayron qolishardi. Axir u biz turmush qurguncha boshqa erga tegib ketgan va erim u bilan umr kechirishni istamagandan keyin mening rashk qilib yurishim o‘rinsiz edi. Bundan tashqari, u kishining tinchligi — mening tinchligim. Shuning uchun bolalarning tug‘ilgan kuni bormi, bayram, yangi o‘quv yili boshlanadigan kun bormi, ulardan xabar olar, yozgi ta’tilda bog‘da, biz bilan birga bo‘lishardi”, — deb yozadi Kibriyo Qahhorova.

“Chorak asr hamnafas”da yozilishicha, katta o‘g‘il Po‘lat Moskva aviatsiya-texnologiya institutida o‘qiydi. Texnika fanlari nomzodi unvonini olib, Toshkent politexnika institutida dars berib yurgan kezlari to‘satdan 37 yoshda infarkt bo‘lib olamdan o‘tadi. Kichigi Suyar universitetning yuridik fakulteti kechki bo‘limida tahsil olib, kunduzi Toshkent viloyati ichki ishlar bo‘limida ishlagan kunlaridan birida to‘satdan 33 yoshida fojiali tarzda vafot etadi.

Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova bu uyda o‘n yil yashagan. Unga ko‘chib o‘tish ortida ham qiziq hikoya bor. Qahhorning dovrug‘ini Ittifoqqa taratgan “Shohi so‘zana”ga mukofot olgan kezlari uylariga mehmon keladi. Ular orasida partiya va hukumat rahbarlari ham bo‘ladi. Mehmonlar ular yashab turgan uyni ko‘rib hayratda qoladi. Katta xona durust bo‘lsa ham kichkinasining eniga ikkita karavot arang sig‘adi. Ularga uy bermoqchi bo‘lishadi. Oradan sal o‘tib, uch-to‘rt yozuvchi qatori Usta Shirin ko‘chasidan yangi uy qurib berildi.

“O‘sha yillar tarjimon Ma’ruf Hakim opasi bilan Kurant ro‘parasidagi binoda, bitta xonada istiqomat qilardi. Ko‘chish arafasida Abdulla Qahhor „Shu imorat biz uchun solingan, demak, nima qilsak, bizning ixtiyorimiz, shundoqmi? Keling, shu uyni Ma’rufjonlarga beraylik: yetti jon, bitta katalakday xonada qiynalib o‘tiribdi“, dedilar. O‘zimiz yana o‘sha „bir yarimta“ xonada yashayverdik”, — deb yozadi Kibriyo Qahhorova.

Yoz oylarida Do‘rmonga ko‘chib chiqqanlari uchun uyning torligi unchalik bilinmaydi. Oradan sal o‘tmay, ishchilar shaharchasida hukumat ularga atab yangi uy qura boshladi. O‘sha yillar shogirdlaridan biri uy masalasida qiynalib yuradi.

“Menga qarang, shu hovlini unga bera qolsak-chi? Kerak bo‘lsa, men istagan joydan uy ololaman”, dedilar bir kuni oqshom maslahat ohangida. U kishining taklifi menga ham ma’qul tushdi. Chala imoratni o‘sha yozuvchining nomiga o‘tkazdilar. Birov bilan do‘st bo‘lsalar, jonajon do‘st bo‘lar, do‘stlariga hamisha sodiq, oqibatli edilar. Ammo birovni yomon ko‘rsalar, o‘z iboralari bilan aytganda, “botinkasining uchigacha” yomon ko‘rardilar", — deb eslaydi Kibriyoxonim.

Muzey xodimining aytishicha, Abdulla Qahhor 50 yoshga to‘lganida Sharof Rashidov “Abdulla Qahhordek inson bunaqa uyda turishi kerak emas”, deb navbatdagi qurilayotgan uylardan birini yozuvchiga atab qo‘yadi.

1957-yilda uylar bitgach, Qahhor ulardan eng kichigini — hozirgi uy-muzey joylashgan hovlini tanlaydi. “Sizga hammadan birinchi ko‘rsatyapmiz, nega kichkinasini tanlaysiz?” deb so‘rashganda “Kibriyoxonim ikkalamizga shu yetadi, baribir yoz bo‘yi Do‘rmonda bo‘lamiz”, — deb javob beradi.

Muzey xodimi Sanobar Matlubovaning aytishicha, yozuvchining 80 yillik yubileyi arafasida Kibriyo Qahhorovaga Madaniyat vazirligi ikki xonali uy bermoqchi bo‘lganda ham buni xohlamay “Abdulla Qahhor bilan shuncha yil shu uyda yashadim, endi boshqa joyda yashay olmayman”, — deydi va umrining oxiri — 1996-yil 26 cyentabrigacha shu yerda yashaydi.

Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova 1964-yilda ekkan xurmolari hovliga hanuz fayz berib turadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.