Tarixiy nutq. “Maqsadlar qanchalik oliyjanob bo‘lmasin, yovuzlik uning vositasi bo‘lolmaydi” — Vladimir Putin
Gazeta muhim nutqlarni o‘zbek tilida berib boruvchi 'Tarixiy nutq' ruknini davom ettiradi. Navbatdagi sonda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2001-yilda Germaniya parlamenti — Bundestag qarshisida so‘zlagan mashhur 'Berlin nutqini' havola qilamiz.

Tarixiy nutq. “Maqsadlar qanchalik oliyjanob bo‘lmasin, yovuzlik uning vositasi bo‘lolmaydi” — Vladimir Putin
2001-yil 25-sentabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Germaniya parlamenti — Bundestagda nutq so‘zlagan edi. Bu Rossiya davlat rahbarining ushbu minbarda tarixda ilk bor chiqishi bo‘ldi. O‘sha paytda Putin prezidentlik lavozimini egallaganiga atigi bir yarim yil bo‘lgan, u Germaniyada davlat tashrifi bilan edi.
Nutq AQShdagi 11-sentabr fojiasidan aynan ikki hafta o‘tib yangradi. Putin 11-sentabr kuni AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jorj Bushga birinchilardan bo‘lib qo‘ng‘iroq qilgan xorijiy davlatlar rahbarlaridan biri edi. Shu bilan birga, Berlinga yo‘l olishidan bir kun oldin, 24-sentabr kuni u televideniye orqali Rossiya terrorizmga qarshi kurashda AQShni qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi.
Moskva razvedka ma’lumotlarini almashishga va gumanitar yuk tashiydigan samolyotlar uchun havo yo‘lagini ochishga tayyorligini aytgan. Shuningdek, Afg‘onistonda “Tolibon”ga qarshi kurashayotgan Shimoliy alyansga yordam berishini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari AQShga harbiy baza bersa, Rossiya bunga qarshi bo‘lmasligini bildirgan. Bir so‘z bilan aytganda, Kreml Vashington yonida turishini ochiq namoyish qilgandi.
Rossiyaning o‘zi ham bu davrda terrorizm bilan yuzma-yuz kelgan edi. 1999-yil avgustida chechenistonlik qurolli guruhlar qo‘shni Dog‘iston respublikasiga bostirib kirgan, Ikkinchi Chechen urushi boshlangan edi. G‘arb davlatlari bu urushda inson huquqlari buzilayotganini tanqid qilib kelayotgan edi. 11-sentabrdan keyin esa Moskva Chechenistondagi urushni ham xalqaro terrorizmga qarshi umumiy kurashning bir qismi sifatida ko‘rsatishga intilgan.
O‘z navbatida, Rossiya va G‘arb o‘rtasida hal etilmagan masalalar ham ko‘p edi. 1991-yil avgustidagi davlat to‘ntarishiga urinish va Sovet Ittifoqining parchalanishidan beri o‘n yil o‘tgan, 1990-yillardagi umidlar o‘rnini asta-sekin o‘zaro ishonchsizlik egallay boshlagandi. 1999-yilda Polsha, Chexiya va Vengriya AQSh boshchiligidagi harbiy-siyosiy ittifoq — NATOga a’zo bo‘lgan. Keyingi kengayishda Boltiqbo‘yi davlatlari ham ko‘zda tutilayotgan edi. Moskva buni o‘z chegaralariga tahdid deb baholayotgandi. Xuddi shu yili NATO BMT Xavfsizlik kengashining ruxsatisiz Yugoslaviyani bombardimon qildi va Rossiya bunga keskin norozilik bildirdi.
Qurollanish masalasida ham kelishmovchilik bor edi. Rossiya strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha SNV-2 shartnomasini va yadro sinovlarini to‘liq taqiqlash shartnomasini 2000-yilda ratifikatsiya qilgan edi. AQSh Senati esa 1999-yilda yadro sinovlari haqidagi shartnomani rad etdi. Bundan tashqari, prezident Bush ma’muriyati raketaga qarshi milliy mudofaa tizimini qurmoqchi edi. 1972-yilda AQSh va SSSR o‘rtasida tuzilgan raketaga qarshi mudofaa (PRO) shartnomasi esa bunday tizimlarni cheklab turardi. Moskva bu shartnomani strategik muvozanatning asosi deb hisoblagan.
Bir so‘z bilan aytganda, 2001-yilgi Berlin nutqi Rossiya bilan G‘arb bir-biriga eng yaqinlashgan pallada yangragan. Keyingi yillarda esa bu yaqinlik asta-sekin yo‘qolib bordi.
Bundestag minbaridan so‘zlash imkoniyati berilgani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Rossiya davlati rahbariga bunday imkoniyat Rossiya-Germaniya munosabatlari tarixida ilk bor yaratildi. Bugun menga ko‘rsatilgan bu yuksak ehtirom Rossiya va Germaniyaning o‘zaro muloqotdan birdek manfaatdor ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Rossiya-Germaniya munosabatlari, mamlakatim va birlashgan Yevropa o‘rtasidagi aloqalarning istiqboli hamda xalqaro xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar haqida aynan shu yerda — Berlinda so‘z yuritish imkoniga ega bo‘lganimdan behad mamnunman. Bu shahar murakkab taqdirni boshdan kechirib, insoniyatning eng yangi tarixida bir necha bor deyarli butun dunyo bilan yuzma-yuz kelgan ziddiyatlar markaziga aylangan; shunga qaramay, hatto eng mash’um lahzalarda ham bu yerda Vilgelm fon Gumboldt va Lessing asos solgan ozodlik va insonparvarlik ruhini hech kim bo‘g‘a olmagan.
Gitler zulmining og‘ir yillarida ham buning uddasidan chiqa olishmadi. Mamlakatimizda antifashist qahramonlar xotirasi hamisha yuksak ehtirom bilan yod etiladi.
Rossiyada Germaniyaga nisbatan doim o‘zgacha munosabat bo‘lgan. Mamlakatingizga Yevropa madaniyatining eng muhim markazlaridan biri sifatida qarab kelingan — bu madaniyatning ravnaqi yo‘lida Rossiya ham kam hissa qo‘shmagan. Sarhad bilmas ushbu madaniyat hamisha umumiy boyligimiz bo‘lib kelgan va xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirgan.
Shu bois bugun ma’ruzamning asosiy qismini Gyote, Shiller va Kant tilida — nemis tilida bayon etishga ijozat bergaysiz.
Shundan so‘ng Putin o‘z nutqini nemis tilida davom ettirgan.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Men hozirgina Yevropa madaniyatining mushtarakligi haqida gapirdim. Biroq o‘z vaqtida bu mushtaraklik qit’ada ikkita dahshatli urush — bir asr ichida ikkita jahon urushi boshlanishiga to‘sqinlik qila olmadi. Shuningdek, Yevropadagi chuqur parokandalikning mash’um ramziga aylangan Berlin devorining qad ko‘tarishiga ham monelik qilmadi.
Bugungi kunda Berlin devori yo‘q. U yer bilan yakson qilingan. Bugun buning qanday amalga oshganini yana bir bor eslash ayni muddao bo‘lardi.
Ishonchim komilki, asosiy shart-sharoitlarsiz dunyoda, Yevropada va sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi ulkan o‘zgarishlar yuz bermagan bo‘lardi. Aniqroq aytganda, bundan 10 yil avval Rossiyada yuz bergan voqealarsiz bular amalga oshmasdi. Mazkur voqealar mamlakatimizda aynan nimalar kechganini va kelajakda Rossiyadan nimalar kutish mumkinligini anglab yetishda g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Aslida javob oddiy. Axborot jamiyati rivojlanish qonunlari ta’sirida stalincha andazadagi totalitar mafkura endilikda erkinlik va demokratiya g‘oyalariga qarshi tura olmasdi.
Ushbu g‘oyalar ruhi Rossiya fuqarolarining mutlaq ko‘pchiligi ongini qamrab olgan edi.
Aynan Rossiya xalqining siyosiy tanlovi SSSRning o‘sha paytdagi rahbariyatiga pirovardida Berlin devorining qulashiga olib kelgan qarorlarni qabul qilish imkonini berdi. Aynan mana shu tanlov Yevropa gumanizmi chegaralarini necha barobar kengaytirdi va bugun hech kim hech qachon Rossiyani o‘tmishga qaytara olmasligini dadil ta’kidlashimizga asos bo‘la oladi.
Yevropa integratsiyasiga keladigan bo‘lsak, biz bu jarayonlarni nafaqat qo‘llab-quvvatlaymiz, balki ularga umid bilan qaraymiz. “Sovuq urush” saboqlarini hamda bosqinchilik mafkurasining naqadar halokatli ekanini yaxshi anglab yetgan xalq sifatida qaraymiz. Biroq shu o‘rinda qo‘shimcha qilish joizki, nazarimda, bunday parokandalikdan Yevropaning o‘zi ham hech qanday naf ko‘rmadi.
Qat’iy ishonamanki, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan, jiddiy demografik siljishlar yuz berayotgan va ayrim mintaqalarda iqtisodiyotning misli ko‘rilmagan darajada o‘sishi kuzatilayotgan bugungi dunyoda Yevropa ham Rossiya bilan munosabatlarni rivojlantirishdan bevosita manfaatdor.
Hech kim Yevropaning AQSh bilan munosabatlari yuksak qiymatga ega ekanini shubha ostiga olmaydi. Shunchaki, agar Yevropa o‘z imkoniyatlarini Rossiyaning imkoniyatlari — inson, hududiy va tabiiy resurslari, uning iqtisodiy, madaniy hamda mudofaa salohiyati bilan birlashtira olsa, jahon siyosatining qudratli va chinakam mustaqil markazi sifatidagi o‘z mavqeyini uzoq muddatga mustahkamlab oladi, degan fikrdaman.
Bu boradagi dastlabki qadamlarni siz bilan birgalikda tashlab ulgurdik. Endi esa yagona va xavfsiz Yevropa butun dunyoda osoyishtalik hamda birdamlik o‘rnatilishining debochasiga aylanishi uchun nimalar qilish zarurligi haqida o‘ylab ko‘rish vaqti keldi.
Muhtaram xonimlar va janoblar!
So‘nggi yillarda xavfsizlik sohasida ko‘p ishlarni amalga oshirdik. O‘tgan o‘n yilliklar mobaynida biz yaratgan xavfsizlik tizimi yanada takomillashdi. O‘tgan o‘n yillikning asosiy yutuqlaridan biri — Markaziy Yevropa va Boltiqbo‘yi mintaqasida qurolli kuchlar hamda qurol-yarog‘larning misli ko‘rilmagan darajada kam to‘planganidir.
Rossiya — tinchlikparvar Yevropa mamlakati.
Bir asrlik harbiy halokatlarni boshidan kechirgan mamlakatimiz uchun qit’ada barqaror tinchlik o‘rnatilishi bosh maqsaddir.
Ma’lumki, biz Yadroviy sinovlarni tamoman taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma, Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma, Biologik qurolni taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiya, shuningdek, SNV-2 shartnomasini ratifikatsiya qildik. Afsuski, NATOga a’zo barcha davlatlar ham bizdan o‘rnak olmadi.
Hurmatli xonimlar va janoblar, modomiki xavfsizlik haqida so‘z ochgan ekanmiz, avvalo o‘zimizni kimdan va qanday himoya qilishimiz lozimligini aniq tushunib olishimiz kerak. Shu o‘rinda, 11-sentabr kuni AQShda yuz bergan fojiani eslamay o‘tolmayman. Butun dunyoda odamlar haqli ravishda: “Bu qanday sodir bo‘ldi va bunga kim aybdor?” degan savolni bermoqda. Men ushbu savollarga javob beraman.
Nazarimda, yuz bergan fojiada barchamiz aybdormiz. Eng avvalo, davlatlarimizning oddiy fuqarolari o‘z xavfsizligini ishonib topshirgan biz, siyosatchilar aybdormiz. Bu holat, birinchi navbatda, so‘nggi 10 yil ichida dunyomizda sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni hanuzgacha anglab yetmaganimiz sababli. Biz hali ham eski qadriyatlar tizimida yashayapmiz: hamkorlik haqida gapiramiz, biroq amalda shu paytgacha bir-birimizga ishonishni o‘rganmadik.
Og‘izdan bol tomib so‘zlangan ko‘plab nutqlarga qaramay, biz hali ham bir-birimizga pinhona qarshilik ko‘rsatib kelyapmiz. Goh NATOga sodiqlikni talab qilamiz, goh uning kengayishi qay darajada maqsadga muvofiqligi haqida bahslashamiz. Raketaga qarshi mudofaa tizimi masalalarida esa hali-hanuz bir to‘xtamga kela olmayapmiz.
XX asrning o‘nlab yillari davomida dunyo haqiqatan ham ikki tizim qarama-qarshiligi sharoitida yashadi — bu qarama-qarshilik insoniyatni bir necha bor halokat yoqasiga keltirib qo‘ydi.
Bu shunchalik dahshatli ediki va biz bu halokatni kutib yashashga shu qadar ko‘nikib qolganmizki, hali ham bugungi dunyoda yuz berayotgan o‘zgarishlarni anglash va munosib baholashga qodir emasmiz. Dunyo endilikda ikki dushman lagerga bo‘linmayotganini sezmayotgandekmiz.
Dunyo esa, muhtaram xonimlar va janoblar, ancha murakkablashdi.
O‘tgan o‘n yilliklar davomida shakllantirilgan hamda o‘sha davrdagi xavf-xatarlarni bartaraf etishda samarali bo‘lgan xavfsizlik tizimi bugungi kunda yangi tahdidlarga qarshi tura olmasligini tan olishni istamaymiz yoki buni anglay olmaymiz. Ko‘p hollarda hali ham ahamiyatlidek tuyulayotgan masalalar ustida bahslashishda davom etyapmiz. Ehtimol, ular haqiqatda muhimdir.
Biroq ayni paytda yangi real tahdidlarni payqamayapmiz va teraktlarning oldini olishga ojizlik qilyapmiz. Boz ustiga, naqadar vahshiyona teraktlarning!
Moskvada va Rossiyaning boshqa yirik shaharlaridagi turar joy binolarida sodir etilgan portlashlar oqibatida yuzlab tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Diniy mutaassiblar Chechenistonda hokimiyatni egallab, oddiy fuqarolarni garovga olgani holda, qo‘shni Dog‘iston Respublikasiga surbetlarcha keng ko‘lamli qurolli hujum uyushtirdi. Xalqaro terrorchilar Qora va Kaspiy dengizlari oralig‘idagi hududda fundamentalistik davlat tuzish niyatini ochiqchasiga — mutlaqo ochiqdan-ochiq e’lon qildi. Ya’ni, “islom qo‘shma shtatlari” deb nomlangan xalifalik tuzmoqchi bo‘ldilar.
Shuni darhol ta’kidlashni istardimki, qandaydir “sivilizatsiyalar to‘qnashuvi” haqida gapirishni mutlaqo asossiz deb hisoblayman.
Umuman musulmonlar va diniy mutaassiblar o‘rtasiga tenglik belgisini qo‘yish xato bo‘lar edi. Masalan, bizda 1999-yilda tajovuzkorlarning tor-mor etilishi, Rossiya respublikasidagi aynan aholisining deyarli 100 foizini musulmon xalqlari tashkil etuvchi Dog‘iston xalqining mardonavor va qat’iy zarbasi bilan ta’minlangan edi.
Berlinga jo‘nab ketishimdan bir muddat avval Rossiya musulmonlarining diniy yetakchilari bilan uchrashdim. Ular Moskvada “Islom terrorizmga qarshi” shiori ostida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surdilar. O‘ylaymanki, biz ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim.
Bugun bizga avvaldan ma’lum bo‘lgan xalqaro muammolarning keskinlashuviga emas, ko‘proq yangi tahdidlarning paydo bo‘lishiga duch kelyapmiz. Rossiya amalda MDHning ayrim davlatlari bilan birgalikda Afg‘onistondan Markaziy Osiyo va Kavkaz orqali Yevropaga giyohvand moddalar kontrabandasi, uyushgan jinoyatchilik va fundamentalizm yo‘liga haqiqiy to‘siq qo‘ymoqda. Terrorizm, milliy murosasizlik, separatizm va diniy ekstremizm hamma joyda bir xil ildizga ega va bir xil zaharli mevalarni beradi. Shu bois bu muammolarga qarshi kurash vositalari ham universal bo‘lishi lozim.
Biroq avvalo asosiy masala bo‘yicha kelishib olishimiz kerak: biz narsalarni o‘z nomi bilan atashdan qo‘rqmasligimiz lozim. Shuningdek, siyosiy maqsadlar qanchalik oliyjanob ko‘rinmasin, yovuzlik ularga erishish vositasi bo‘la olmasligini anglab yetish favqulodda muhim ahamiyatga ega. Tabiiyki, yovuzlik jazolanishi shart, men bu fikrga qo‘shilaman. Biroq hech qanday javob zarbalari terrorizmga qarshi to‘laqonli, qat’iy maqsadga yo‘naltirilgan va yaxshi muvofiqlashtirilgan kurashning o‘rnini bosa olmasligini ham tushunishimiz kerak. Bu borada men AQSh prezidentining fikrini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.
O‘ylaymanki, hamkorlarimizning o‘ylab topilgan emas, aynan real tahdidlarga qarshi kurashish uchun kuchlarni birlashtirishga tayyorligi ularning qanchalik jiddiy va ishonchli hamkor ekanini ko‘rsatib beradi. Ushbu tahdidlar qit’amizning olis sarhadlaridan to Yevropaning qoq markazigacha osongina yopirilib borishi mumkin. Men bu haqda bir necha bor gapirganman, AQShdagi voqealardan keyin esa endi hech narsani isbotlashga hojat qolmadi.
Xo‘sh, bugun samarali hamkorlik qilishimiz uchun bizga nima yetishmayapti?
O‘tgan o‘n yilliklar davomida erishilgan barcha ijobiy natijalarga qaramay, biz hali ham o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmini ishlab chiqa olmadik.
Shu paytgacha tuzilgan muvofiqlashtiruvchi tuzilmalar Rossiyaga qarorlarni tayyorlash va qabul qilish jarayonida ishtirok etish uchun real imkoniyat bermayapti. Bugun ko‘pincha qarorlar, asosan, bizning ishtirokimizsiz qabul qilinadi, keyin esa bizdan bu qarorlarni qo‘llab-quvvatlashni qat’iy talab qilishadi. Shundan so‘ng yana NATOga sodiqlik haqida gap ochishadi. Hatto Rossiyasiz bu qarorlarni ro‘yobga chiqarib bo‘lmaydi, deb ham qo‘yishadi. Keling, o‘zimizga savol beraylik: bu normal holatmi? Haqiqiy hamkorlik shunday bo‘ladimi?
To‘g‘ri, xalqaro munosabatlarda demokratik tamoyillarni qaror toptirish, to‘g‘ri yechim topa bilish va murosaga tayyor bo‘lish oson ish emas.
Biroq aynan yevropaliklar milliy xudbinlikni yengib, konsensusga asoslangan yechimlarni izlash naqadar muhimligini birinchilardan bo‘lib anglab yetganlar. Biz bunga to‘liq qo‘shilamiz! Bularning bari — yaxshi g‘oyalar. Biroq qabul qilinayotgan qarorlarning sifati, ularning samaradorligi va pirovardida butun Yevropa hamda xalqaro xavfsizlik bugun ushbu ochiq-oydin tamoyillarni amaliy siyosatda qay darajada aks ettira olishimizga bog‘liq.
Yaqin-yaqingacha qit’ada tez orada yevropaliklar sharqiy va g‘arbiy, shimoliy va janubiy deb ajratilmaydigan chinakam umumiy uy qad rostlaydigandek tuyulardi. Biroq bu “ayiruvchi chiziqlar” kelgusida ham saqlanib qoladigandek. Bunga, eng avvalo, “sovuq urush”ning ko‘plab stereotiplari va qoliplaridan hanuz to‘liq xalos bo‘la olmaganimiz sabab.
Bugun biz uzil-kesil e’lon qilishimiz lozim: “sovuq urush”ga chek qo‘yildi! Biz taraqqiyotning yangi bosqichidamiz. Zamonaviy, mustahkam va barqaror xavfsizlik arxitekturasi bo‘lmasa, qit’ada hech qachon ishonch muhitini qaror toptira olmasligimizni tushunib turibmiz.
Ishonch muhitisiz esa yagona Katta Yevropa bo‘lishi aslo mumkin emas!
Bugun biz o‘z stereotiplarimiz hamda xomxayollarimizdan voz kechishimizni va bundan buyon Yevropa hamda umuman butun dunyo aholisi xavfsizligini birgalikda ta’minlashimizni ochiq aytishimiz shart.
Aziz do‘stlar!
Bugun, shukrki, Yevropada Rossiya faqat oligarxlar, korrupsiya va mafiya bilan bog‘liq tarzda tilga olinmayapti. Shunday bo‘lsa-da, hanuzgacha Rossiya to‘g‘risida xolis axborot yetishmovchiligi sezilarli darajada saqlanib qolmoqda. Qat’iy ishonch bilan ayta olamanki, Rossiya ichki siyosatining bosh maqsadi — eng avvalo, o‘z xalqi uchun demokratik huquq va erkinliklarni, munosib turmush darajasi hamda xavfsizlikni ta’minlashdan iborat.
Biroq, hurmatli hamkasblar, keling, yaqin o‘tmish voqealariga bir nazar tashlaylik: Rossiya islohotlarning og‘riqli yo‘lini bosib o‘tdi. Biz hal etishimizga to‘g‘ri kelgan vazifalarning ko‘lami nuqtai nazaridan tarixda muqobili bo‘lmagan. Tabiiyki, xatolarga ham yo‘l qo‘yildi. Hamma muammolar ham hal etilgani yo‘q, lekin bugungi kunda Rossiya Yevropa qit’asining ancha jadal rivojlanayotgan qismini tashkil etadi. Qolaversa, nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy jihatdan ham jadal rivojlanmoqda, shunisi ayniqsa quvonarli.
Rossiyadagi siyosiy barqarorlik bir qator iqtisodiy omillar va xususan, dunyodagi eng liberal soliq tizimlaridan biri tufayli ta’minlanmoqda. Bizda daromad solig‘i 13 foizni, foyda solig‘i esa 24 foizni tashkil etadi. Haqiqatda shunday. O‘tgan yili iqtisodiy o‘sish 8 foizni, aniqrog‘i 8,3 foizni tashkil qildi. Bu yil atigi 4 foiz bilan cheklanish mo‘ljallangan edi, biroq, katta ehtimol bilan, bizda bu ko‘rsatkich qariyb 6 foiz atrofida bo‘ladi. Aytaylik, 5,5−5,7 foiz. Omon bo‘lsak, ko‘rarmiz.
Shu bilan birga, ishonchim komilki: faqat keng ko‘lamli va teng huquqli umumevropa hamkorligigina ishsizlik, atrof-muhitning ifloslanishi kabi va boshqa ko‘plab muammolarni hal etishda sifat jihatidan yangi siljishga erishish imkonini beradi.
Biz yaqin savdo-iqtisodiy hamkorlik tarafdorimiz. Eng yaqin fursatlarda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish niyatidamiz. Xalqaro tashkilotlar va Yevropa tashkilotlari bu borada bizni qo‘llab-quvvatlaydi, deb umid qilamiz.
Siz, parlament deputatlari sifatida, shubhasiz, yaxshiroq baholay oladigan va aslo targ‘ibot deb atab bo‘lmaydigan jihatlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Mohiyatan olganda, davlatimizda ustuvor yo‘nalishlar va qadriyatlar o‘zgardi.
2002-yilgi konsolidatsiyalashgan budjetda ijtimoiy soha xarajatlari birinchi o‘ringa qo‘yildi. Va shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Rossiya tarixida ilk bor ta’lim xarajatlari mudofaa xarajatlaridan oshib ketdi.
Hurmatli hamkasblar!
Rossiya-Germaniya munosabatlari haqida bir-ikki og‘iz so‘z aytishga ijozat bergaysiz. Ushbu masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Rossiya-Germaniya munosabatlarining yoshi mamlakatlarimizning yoshi bilan teng. Dastlabki german qabilalari Rossiya hududida birinchi asrning oxirlarida paydo bo‘lgan. O‘n to‘qqizinchi asr oxirida nemislar Rossiyada son jihatidan to‘qqizinchi o‘rindagi etnik guruh hisoblangan. Biroq bu o‘rinda nafaqat ularning soni, balki bu insonlarning mamlakat taraqqiyotida hamda Rossiya-Germaniya munosabatlarida o‘ynagan roli ham muhim. Ular dehqonlar, savdogarlar, ziyolilar, harbiylar va siyosatchilar edi.
Nemis tarixchisi Mixael Shtyurmer: “Rossiya va Amerikani okeanlar ajratib turadi, Rossiya va Germaniyani esa buyuk tarix ajratib turadi”, — deb yozgan edi. Men esa, tarix ham, xuddi okeanlar kabi, nafaqat ajratadi, balki birlashtiradi ham, degan bo‘lardim.
Muhimi — ushbu tarixni to‘g‘ri talqin qila bilishdir.
Yaxshi g‘arbiy qo‘shni sifatida Germaniya ruslar uchun ko‘pincha Yevropaning, Yevropa madaniyatining, texnik tafakkur va savdogarlik mahoratining timsoli bo‘lib kelgan. Rossiyada ilgari barcha yevropaliklarni nemislar deb atashgani, ularning Moskvadagi manzilgohini esa Nemis slobodasi deb yuritishgani bejiz emas.
Tabiiyki, har ikki xalqning madaniy ta’siri ikki taraflama bo‘lgan. Nemislar va ruslarning ko‘plab avlodlari Gyote, Dostoyevskiy hamda Lev Tolstoy asarlarini mutolaa qilgan va bugungi kunda ham ularni katta qiziqish bilan o‘rganmoqda. Xalqlarimiz bir-birining ruhiyati va dunyoqarashini juda yaxshi tushunadi. Nemis mualliflari asarlarining rus tiliga qilingan ajoyib tarjimalari buning yaqqol dalilidir. Ular matnga juda yaqin tarzda mahorat bilan o‘girilgan bo‘lib, bayon ohangi, asl nusxaning kayfiyati va jozibasini to‘la saqlab qolgan. Bunga misol sifatida birgina Boris Pasternak tomonidan “Faust” asarining qilingan tarjimasini tilga olish kifoya.
Xonimlar va janoblar!
Umumiy tariximizda turli, ba’zan esa, ayniqsa, yigirmanchi asr haqida so‘z borganda, ancha og‘riqli sahifalar ham bor. Holbuki, ilgari biz ko‘p hollarda ittifoqchi bo‘lganmiz.
Yevropaning ushbu ikki xalqi o‘rtasidagi munosabatlar sulolalararo nikoh rishtalari orqali hamisha mustahkamlanib kelgan.
Umuman olganda, ayollar tariximizda alohida o‘rin tutgan. Masalan, Rossiyada knyaginya Yelizaveta nomi bilan tanilgan Gessen-Darmshtadt buyuk gersogi Lyudvig IV ning qizini eslaylik. U eri o‘ldirilganidan so‘ng ayollar monastiriga asos soldi, Birinchi jahon urushi yillarida esa yaradorlarga — ruslarga ham, nemislarga ham birdek g‘amxo‘rlik qildi. 1918-yilda u bolsheviklar tomonidan qatl etilgan edi, lekin yaqinda oqlanib, umumxalq e’zozi uchun avliyolar qatoriga qo‘shildi. Bugun uning haykali Moskva markazida qad rostlab turibdi. Malika Anxalt-Serbstskayani ham unutmaylik. Uning ismi Sofiya Frederika Avgusta bo‘lib, rus tarixiga beqiyos hissa qo‘shgan. Oddiy rus xalqi uni mehr bilan “onaxon” deb atagan. Biroq u tarixga Rossiya imperatori Buyuk Yekaterina nomi bilan kirdi.
Bugun Germaniya — Rossiyaning asosiy iqtisodiy hamkori, eng muhim kreditorimiz, asosiy investorlardan biri hamda tashqi siyosat masalalaridagi asosiy muloqotchimizdir.
Bir misol keltiraman: o‘tgan yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi rekord darajaga — 41,5 milliard markaga yetdi. Bu ko‘rsatkich Sovet Ittifoqining har ikki Germaniya davlati bilan amalga oshirgan jami tovar aylanmasiga teng. Xo‘sh, shu bilan kifoyalanib, erishilgan natijada to‘xtab qolish kerakmi? O‘ylaymanki, yo‘q. Rossiya-Germaniya hamkorligining rivojlanish salohiyati hali juda katta.
Ishonchim komilki, bugun biz ikki tomonlama munosabatlarimizda yangi sahifa ochyapmiz. Va shu tariqa umumevropa uyini barpo etishga o‘zimizning mushtarak hissamizni qo‘shamiz.
So‘zim oxirida o‘z vaqtida Germaniya va uning poytaxtiga nisbatan aytilgan o‘sha so‘zlarni tilga olmoqchiman. Men ushbu fikrni Rossiyaga ham tatbiq etib, shuni aytmoqchimanki, biz, albatta, demokratik jamiyat va bozor iqtisodiyotini barpo etish yo‘lining boshidamiz. Bu yo‘lda biz yengib o‘tishimiz zarur bo‘lgan to‘siq va g‘ovlar bor. Biroq obyektiv muammolar va vaqti-vaqti bilan ko‘zga tashlanib turadigan o‘z tajribasizligimizga ko‘z yumib qaraydigan bo‘lsak, Rossiyaning qudratli, jo‘shqin yuragi qanday urayotganini ko‘rishimiz mumkin. Va bu yurak chinakam hamkorlik va sheriklik uchun hamisha ochiq.

