Dunyo

Putin Gʻarbni yana yadroviy qurol bilan qoʻrqitdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Valday» klubi yigʻilishida yadroviy qurol qoʻllanmasligiga ishonch yoʻqligini bildirib, vaziyat keskinlashsa, dunyoda «maktab darsliklari ham, ularni oʻqiydiganlar ham qolmasligi» haqida gapirdi. U Ukrainadagi urush uchun Gʻarbni yana aybladi.

Putin Gʻarbni yana yadroviy qurol bilan qoʻrqitdi

DW xabariga koʻra, Putin 1-oktabr, payshanba kuni kechqurun «Valday» xalqaro munozara klubining yalpi majlisida dunyo uchun «halokatli oqibatlar» keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan ssenariy haqida gapirgan.

Rossiya rahbari bir qator mamlakatlar ixtiyorida «barcha tirik mavjudotni yoʻq qilishga qodir» qurol borligini eslatdi. U bunday qurol ishlatilmasligiga ishonch bormi, degan savolni oʻzi qoʻyib, oʻzi unga salbiy javob berdi.

Putin yadroviy qurolni teatr sahnasida osilib turgan va janr qonuniyatlariga koʻra, bir payt kelib otilishi kerak boʻlgan miltiqqa qiyosladi.

«Yashab qolish uchun kurash qonunlari nafaqat tirik tabiatda, balki ijtimoiy hamjamiyatlarda ham amal qiladi», - dedi u. Shu orqali Putin Rossiya keskin choralar koʻrishga majbur boʻlishi mumkinligiga ishora qildi.

Shu bilan birga, u «bu miltiq» otilmasligi uchun harakat qilish kerakligini ham qoʻshimcha qildi.

«Agar yashashni istasak - yashashni esa hamma istaydi - keling, ahil yashaylik», - dedi Rossiya prezidenti.

Uning aytishicha, vaziyat yanada keskinlashsa, «maktab darsliklari ham, ular boʻyicha taʼlim oladiganlar ham boʻlmaydi». Shu tariqa Putin dunyo miqyosidagi yadroviy falokat ehtimolini yana tilga oldi.

Rossiyaning Ukrainada beshinchi yil davom etayotgan urushi haqida soʻz yuritar ekan, Putin Moskva goʻyoki «urushni boshlamagani»ni yana daʼvo qildi. U Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishini NATO va Kiyevning harakatlariga javob sifatida koʻrsatishga urindi.

«Haqiqat shundaki, urushishni biz istamaganmiz va biz boshlamaganmiz, aksincha, bizga qarshi urush boshlashgan», - dedi u.

Putinning talqiniga koʻra, Gʻarb yillar davomida Ukrainada «tajovuzkor millatchilik va rusofobiya»ni ragʻbatlantirib, mamlakatni Rossiyaga qarshi «qurol»ga aylantirishga harakat qilgan. U, shuningdek, Kiyevdagi «radikallar» davlat toʻntarishiga undash orqali qoʻllab-quvvatlanganini, NATO esa Rossiyaning «tarixiy hududlari» deb atagan joylarda oʻz bazalarini joylashtirmoqchi boʻlganini daʼvo qildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.