Siyosat

Tarixiy nutq. “Maktablarda vatanparvarlik darslari joriy etila boshladimi — bu davlatda nimadir risoladagidek emas” — Lev Shlosberg

Gazeta insoniyat tarixida muhim ahamiyat kasb etgan chiqishlarni o‘zbek tilida berib boruvchi 'Tarixiy nutq' ruknini davom ettiradi. Navbatdagi sonda rossiyalik siyosatchi va jurnalist Lev Shlosbergning 'vatanparvarlik darslari' haqida deputatlar majlisida so‘zlagan mashhur nutqini e’tiboringizga havola etamiz.

**Tarixiy nutq: "Maktablarda vatanparvarlik darslari joriy etila boshladimi – bu davlatda nimadir risoladagidek emas" – Lev Shlosberg**

17-avgust kuni Rossiyaning Pskov viloyati Pskov shahar sudi "Yabloko" partiyasi raisi o‘rinbosari Lev Shlosbergni Rossiya armiyasini takroran "obro‘sizlantirish" va u haqida "feyk xabarlar" tarqatishda ayblab, 11 yilu bir oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi.

Siyosatchi Lev Shlosberg 2023-yilning iyunida "inoagent" ("xorijiy agent") deb e’lon qilingan va shu yilning o‘zida Rossiya armiyasini "obro‘sizlantirganlik" uchun ikki marta ma’muriy jarimaga tortilgan. Unga nisbatan birinchi jinoiy ish 2025-yilning iyunida Rossiya armiyasini takroran "obro‘sizlantirish" bo‘yicha ochilgan. Meduza nashrining yozishicha, bunga Shlosbergning "Odnoklassniki" tarmog‘iga joylashtirilgan munozara yozuvi sabab bo‘lgan. Ushbu munozarada siyosatchi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish zarurligini yoqlab chiqqan edi.

"Feyk xabarlar"ga taalluqli jinoiy ish esa 2025-yilning 3-dekabrida Shlosbergning o‘z Telegram kanalida 2022-yil 25-fevral kuni Britaniyaning Daily Mirror gazetasining Putin tasviri tushirilgan muqovasi aks etgan postni repost qilgani uchun qo‘zg‘atilgan. Shundan so‘ng – 5-dekabr kuni Lev Shlosberg qamoqqa olingan edi.

Lev Shlosberg ishini Pskov shahar sudi 14-avgust kuni ko‘rib chiqdi. Meduzaning ta’kidlashicha, sud majlisida muzokaralar siyosatchining har uchala advokati ishtirokisiz o‘tdi (ikkitasi boshqa sud jarayonlarida band edi, biri esa shifoxonada yotgandi). Sud majlisi boshqa kunga qoldirilmadi va Shlosbergning e’tirozlariga qaramay, unga davlat tomonidan advokat tayinlandi. Natijada siyosatchi muzokaralarda ishtirok etmadi, biroq jarayon so‘ngida sudga oxirgi so‘zi bilan murojaat qildi.

**"Yabloko" partiyasi Pskov viloyati bo‘limi.**

Shlosberg o‘zining hukumat buyurtmasi bilan noqonuniy ta’qib qilinayotganini, Rossiya jamiyati va sud esa uning aybsiz ekanini juda yaxshi tushunib turganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng "Yabloko" raisi o‘rinbosari uzoq nutq so‘zlab, urushni zudlik bilan to‘xtatishni va Ukraina bilan siyosiy muzokaralarni boshlashni talab qildi.

Shlosberg Ukrainadagi urush haqida gapirarkan, jumladan, XXI asrda yashayotgan mamlakat yana XX asrdagi keskin yo‘nalishga tushib qolganini, kelajak o‘rniga – o‘tmishga qarab ketayotganini ta’kidladi.

"2022-yil 24-fevralda mamlakatimizga Ikkinchi jahon urushidan keyin ilk bor urush davri qaytdi. Bu urush davri istisnosiz barcha Rossiya fuqarolarining hayotini o‘zgartirdi. Bu vaqt mobaynida minglab odamlarning umriga muddatidan avval zomin bo‘lindi. Ertami-kechmi, halok bo‘lganlarning nomlari bilan birga aniq va to‘liq soni e’lon qilinadi va butun mamlakat bu motamnoma ro‘yxatidan dahshatga tushadi", – dedi u.

Siyosatchi, shuningdek, har bir fuqaroning Rossiya Konstitutsiyasida kafolatlangan yashash huquqini eslatib o‘tdi. Unga ko‘ra, nafaqat yashash huquqi, balki har bir insonning munosib hayoti va erkin kamoloti uchun sharoit yaratishga qaratilgan davlat siyosati yuritilishi kafolatlangan.

"Munosib hayot – bu o‘zi, ota-onasi, farzandlari va nabiralari uchun qo‘rqmasdan yashash demakdir. Munosib hayot – bu insonning o‘z kelajagini va keyingi avlodlar, ham o‘z oilasi, ham butun jamiyat kelajagini anglab yetishidir. Inson uchun munosib hayot – bu urushsiz, har lahzada to‘satdan o‘lish xavfi bo‘lmagan hayotdir. Munosib hayot – mamlakatdagi fuqarolik muloqoti va fuqarolik tinchligidir. Munosib hayot faqat tinchlik sharoitidagina bo‘lishi mumkin. Tinchlik har bir inson hayotining shartidir", – dedi Lev Shlosberg.

Siyosatchiga nisbatan ta’qib 2023-yildan boshlanganiga qaramay, unga qo‘yilgan ayblovlar zamirida uning 2017-yilgi mashhur nutqi ham bor. 2017-yilning 6-iyun kuni Lev Shlosberg Pskov viloyati deputatlar yig‘ilishida "vatanparvarlik darslari" haqida o‘qigan nutqi keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Bu nutq "yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha qo‘shimcha ta’lim dasturini ishlab chiqib, o‘quv muassasalarida joriy etish, keyinchalik dasturni Rossiya maktablari va universitetlariga tatbiq etish" tashabbusiga javoban yangragan. Gazeta ushbu nutqning tarjimasini keltiradi.

**Videodan kadr.**

Maktablarda davlat vatanparvarligi darslari joriy etila boshladimi, demak, bu davlatda nimadir risoladagidek emas. Bolalarga Vatanni sevishni o‘rgatishga to‘g‘ri kelayotgan ekan, demak, Vatan o‘z farzandlarini sevmaydi.

Vatanparvarlik bu – Vatanga muhabbat, shaxsga xos tuyg‘u, insonning shaxsiy kechinmasidir.

Vatan – davlat ham, hokimiyat ham emas.

Vatan – insonni hayotining ilk damlari bilan bog‘lab turuvchi "bir parcha yer".

Agar odamlarni bolalikdan davlatni, hokimiyatni sevishga o‘rgata boshlashsa, bu vatanparvarlik emas, balki ularda sadoqat va itoatgo‘ylikni tarbiyalash degani. Bunday tarbiya topgan odam Vatan taqdiri hal bo‘layotgan hal qiluvchi pallalarda Vatanga muhabbat va davlatga sadoqat o‘rtasida qolib, Vatanga xiyonat qilishi mumkin. Chunki Vatanga muhabbat ba’zan davlatga, hokimiyatga qarshi chiqishni talab qiladi.

Vatanparvarlikni ko‘pincha harbiy tarix, qon va qurbonlar tarixi bilan qorishtirib yuborishadi. Tirik hukmdorlar esa hech narsa deya olmaydigan marhumlar ortiga yashirinib oladi.

Bolalarga Fuqarolar urushi haqida so‘zlab berganda, bu qizillarning oqlar va yashillar ustidan qozongan g‘alabasi emas, balki umummilliy fojia bo‘lganini aytisharmikan?

Bolalarga vatanparvarlik haqida Ulug‘ Vatan urushi misolida so‘zlab berisharkan, bu g‘alabaga nimaning evaziga erishilganini ham aytisharmikan? Urush boshlanmasdanoq qirib tashlangan qo‘mondonlar va harbiy mutaxassislar, Molotov-Ribbentrop pakti, Stalinning mudhish xatolari, haligacha topilmagan va dafn etilmagan millionlab askarlar, G‘alabadan so‘ng konslagerlarga surgun qilingan g‘oliblar, chekka hududlarga berkitilgan nogironlar, urush bolalari, konslagerlardagi ommaviy qabrlar ustiga qurilgan ko‘p qavatli uylar haqida-chi?

Ularga millionlab chaquvlar, "qora qarg‘alar" (tunda hibsga olishga keladigan NKVD mashinasining xalq orasidagi nomi, tahr.), "uchliklar" (troyka – 1937−1938-yillardagi Katta terror davrida sudsiz hukm chiqargan NKVD organlari: mahalliy NKVD boshlig‘i, partiya kotibi va prokuror, tahr.), GULAG (lagerlar bosh boshqarmasi, tahr.), "uch boshoq qonuni", bolalarga 12 yoshdan o‘lim jazosi joriy etilgani haqida aytib berisharmikan? Bu ham vatanparvarlikning bir qismi, bunisi bilan ham faxrlanish kerak bo‘ladimi? Yoki – hech qachon qaytarilmasligi uchun – shunchaki xotirada saqlash kerakmi?

"Takrorlashimiz mumkin" ("Mojem povtorit") – shumi vatanparvarlik?

Gagarin koinotga uchishi uchun Korolyov mahkumlikda mo‘’jizaviy tarzda omon qolishiga to‘g‘ri kelgani haqida bolalarga aytib berishadimi?

Aleksandr Isayevich Soljenitsinning surgun qilinishi va qaytishi haqida bolalarga so‘zlab berishadimi? Varlam Tixonovich Shalamovning "Kolima hikoyalari" haqida-chi?

Bolalarga Andrey Dmitriyevich Saxarov, uning surgun qilinishi, yuksalishi va o‘limi haqida aytib berishadimi?

Bolalarga 6-rotaning halokati to‘g‘risida so‘zlab berisharkan, ularga fojia sabablarini ham aytishadimi? Pastkashlik va xiyonat, qo‘rqoqlik va yolg‘on haqida-chi? Hech qanday javobgarlikka tortilmaganlar to‘g‘risida-chi?

Bolalarga "Kursk", "Nord-ost", "Beslan" haqida so‘zlab berishadimi? Halok bo‘lganlarning barchasi – kattalaru bolalar – azob chekkani va qo‘rqqani, lekin davlat ularni qutqara olmagani haqida-chi? Qahramonlar haqida gapirib, ularning qurbon bo‘lganini aytmaslik vatanparvarlikdanmi?

Bolalarga XXI asrdagi Qrim Respublikasi tarixi haqida so‘zlab berisharkan, ularga parlamentning qurol bilan egallab olingani, qrim-tatarlar, Donbass, e’lon qilinmagan birodarkushlik urushida halok bo‘lganlarning shu kungacha maxfiy saqlanayotgan ro‘yxatlari, "ix tam net" ("u yerda bizning qo‘shinlarimiz yo‘q") degan gaplar, Boeing’ning tolesiz yo‘lovchilari haqida ham so‘zlab berishadimi?

Xalqning azob-uqubatlari haqidagi achchiq haqiqat davlat vatanparvarligi darsliklariga kiritiladimi?

Nima uchun mamlakatimizda vatanparvarlik tarbiyasi birinchi navbatda harbiy-vatanparvarlik ruhida? Nega tinchlikparvar vatanparvarlik emas? Zo‘ravonlik va qon to‘kishni olqishlaydigan vatanparvarlik kimni tarbiyalashi kerak? Bunday saboq olgan bolalar nimaga tayyor bo‘lishi lozim? Ular shaxsan qotillik qilishga tayyor turishi kerakmi?

Biz bolalarni urushga tayyorlamoqchimizmi yoki tinchlikka? Ularga nafrat va adovatni o‘rgatmoqchimizmi yoki hamdardlik va muhabbatnimi?

Mamlakatimizga nafrat ustiga qurilgan vatanparvarlik kerakmi yoki mehr-muhabbatga asoslangan vatanparvarlik?

Biz bolalarni inson hayotini qadrlashga o‘rgatishni istaymizmi?

"Xalqning mehru e’zozin toabad qozonganman –

Sozim-la yuraklarda ezgu hislar qo‘zg‘atdim.

Men Erkni ulug‘ladim shu qabih zamonamda,

Mazlumlarga shafqat hissin uyg‘otdi..." (rus tilidan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi)

Bugun Rossiya rahbarlaridan qaysi biri Aleksandr Sergeyevich Pushkin ortidan bu so‘zlarni takrorlashga tayyor? Davlat vatanparvarligining ustunlaridan qaysi biri urushlarni to‘xtatish, ozodlik va tinchlik o‘rnatish yo‘lida jonini fido qilishga hozir?

Hukmron shaxsni tirikligida ulug‘lash – vatanparvarlikmi yoki mansabparastlik va laganbardorlik?

Vatanga muhabbat davlatning cho‘pchagu afsonalarini olqishlash emas. Agar vatanparvarlik istalgan zamondagi hukmron partiya tarixidan kelib chiqib o‘rgatilsa, insonning shaxsiy tarixi bilan davlatning rasmiy tarixi bir-biriga mos kelmay qoladi. Shu nuqtadan boshlab inson davlatning soxtaligi va dabdabali ikkiyuzlamachiligidan o‘zini chetga tortadi, shu nuqtadan boshlab davlat u uchun begona bo‘lib qoladi.

Vatanparvarlikni majburan singdirish – har qanday davrda, har qanday mamlakatda davlatning siyosiy xonavayronlik yoqasida ekanidan dalolatdir.

Agar xalq davlatni sevishi uchun biror sabab bo‘lmasa, uni davlatni sevishga majburlash haqida o‘ylash kerakmi yoki davlatning odamlarga nisbatan siyosatini o‘zgartirish to‘g‘risidami? Zo‘ravonlik orqali erishilgan muhabbat insonda mehr va insonparvarlikni paydo qila oladimi?

Vatanga muhabbat bu – o‘ta shaxsiy tuyg‘u, u darsliklar, prezidentlar, parlamentlar va hukumatlar qarorlari yoki partiya qurultoylari bilan targ‘ib qilinmaydi.

Vatanparvarlik ozodlikdan, inson huquq va erkinliklaridan, to‘kinlik va farovonlikdan, yaqin-u uzoqdagi insonlarga bo‘lgan muhabbatdan bunyod bo‘ladi. Vatanparvarlik kambag‘allik va muhtojlikdan, kamsitish va haqoratlardan, insonga bepisandlikdan, yolg‘on va riyodan unib chiqmaydi.

Davlat odamlarga vatanparvarlikdan dars berishi mumkin: yolg‘onni bas qilish va xalqqa xizmat qilishni boshlash bilan. Shunda maktablarda davlat vatanparvarligi darslarini o‘tish hech kimning xayoliga ham kelmaydi, chunki bolalar Vatan ularni sevishini shundoq ham bilib turadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.