Dunyo

Tarixiy nutq. “Gap imkon qadar ko‘proq vakolatlarni tortib olishda emas, siyosiy va iqtisodiy tizim barchaning manfaati yo‘lida samarali ishlashini ta’minlashda” — Vatslav Gavel

Gazeta tarixda muhim ahamiyat kasb etgan nutqlarni o‘zbek tilida berib boruvchi 'Tarixiy nutq' ruknini davom ettiradi. Ushbu sonda Chexiyaning ilk prezidenti Vatslav Gavelning 1990-yil 28-oktabrda Chexoslovakiya xalqiga qarata mamlakat birdamligini saqlab qolishga chaqiriq sifatida yangragan nutqini keltiramiz.

Tarixiy nutq. “Masala imkon qadar ko‘proq vakolatlarni tortib olishda emas, balki siyosiy va iqtisodiy tizim barchaning manfaati uchun samarali ishlashini ta’minlashda” — Vatslav Gavel

Kommunistik tuzum yillarida uning asarlari taqiqlangan, o‘zi esa bir necha bor qamoqqa olingan.

1989-yil noyabrida Chexoslovakiyada kommunistik hokimiyat tinch namoyishlar natijasida qulab tushdi. Bir tomchi qon to‘kilmagani uchun bu voqea “Baxmal inqilob” deb ataldi. O‘sha yilning 29-dekabrida Gavel mamlakat prezidenti etib saylandi.

Ammo inqilob shodiyonasi uzoq davom etmadi. 1918-yil 28-oktabrda Pragada tuzilgan mustaqil Chexoslovakiya davlati ikki xalq — chexlar va slovaklarni birlashtirgan edi. Kommunistlar davrida bosib kelingan o‘zaro norozilik erkinlik kelishi bilan yuzaga chiqdi. Slovaklar davlatda o‘zlarini ikkinchi darajali his qilishayotganini ochiq ayta boshladi.

1990-yil bahorida hatto mamlakat nomi ustida ham bahs boshlandi. Slovaklar nomni “Chexo-Slovakiya” tarzida, chiziqcha bilan yozishni talab qildi. Ular uchun bu chiziqcha ikki teng xalqning ramzi edi. Oxir-oqibat 23-aprelda davlat Chexiya va Slovakiya Federativ Respublikasi deb qayta nomlandi.

O‘sha yilning 28-oktabrida — mamlakat mustaqilligining 72 yilligi munosabati bilan Gavel minbardan bayram murojaatini yo‘llagan paytda mamlakatda millatchilik kayfiyati avjiga chiqqan edi. Gavelning nutqi faqat bayram tabrigi bilan cheklanib qolmadi. Bu ikki xalqqa qaratilgan o‘z vaqtida aytilgan ogohlantirish ham edi.

Tarix uning xavotiri asossiz emasligini ko‘rsatdi. 1992-yil iyulida Slovakiya parlamenti suverenitet deklaratsiyasini qabul qildi. Gavel davlatning bo‘linib ketishiga bosh bo‘lishni istamay, prezidentlikdan iste’foga chiqdi. 1993-yil 1-yanvarda Chexoslovakiya ikki mustaqil davlatga — Chexiya va Slovakiyaga bo‘lindi. Bu ajralish ham qonsiz kechdi va tarixga “baxmal ajrashuv” nomi bilan kirdi.

Bundan yetmish ikki yil muqaddam, taxminan ayni shu soatda, Milliy kengashda birlashgan xalqlarimiz vakillari Praganing Munitsipalitet saroyida Chexoslovakiya davlatini barpo etish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan edilar. Ushbu ilk qonunimizning birinchi jumlasidayoq “Mustaqil Chexoslovakiya davlati dunyoga keldi”, deb yozilgan.

1918-yil 28-oktabrda bu davlat chinakamiga dunyoga keldi.

Masarik, Shtefanik va Benesh boshchiligidagi xorijdagi qarshilik harakatimiz hamda mamlakat ichkarisidagi ko‘plab yetakchilarimizning ko‘p yillik kurashi, o‘sha kuni butun xalqning ommaviy namoyishlar orqali ko‘rsatgan qo‘llab-quvvatlovi bilan g‘alabaga erishdi. Qulagan Avstriya-Vengriya monarxiyasi vayronalari ustida, uning urushdagi mag‘lubiyati manzarasida nafaqat bizning zamonaviy mustaqil davlatimiz, balki xalqlarimizning butun uzoq tarixi davomida zaminimizdagi ilk demokratik davlat ham qad rostladi.

28-oktabr haqli ravishda eng ulug‘ davlat bayramimiz hisoblanadi. Bugun mazkur ayyom biz uchun har qachongidan ham o‘zgacha bayramona shukuh kasb etmoqda: uzoq yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor 1918-yil 28-oktabr haqida bor haqiqatni ochiq aytish va ushbu sanaga uning asl ma’nosini qaytarish imkoniga egamiz. Ko‘p o‘n yilliklardan keyin birinchi marta gapni aylantirmasdan, hech qanday ikkilanishlarsiz, bu kun bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan g‘oyalarni — erkinlik, siyosiy plyuralizm, chinakam demokratiya, fuqarolik tengligi, ijtimoiy adolat, insonparvarlik va eng asosiysi, to‘liq davlat mustaqilligi kabi ezgu maqsadlarni yana olqishlash imkoniga egamiz.

Bularning barchasi, shubhasiz, chin dildan quvonishga arziydi. Biroq bugungi qutlug‘ sanani faqat xursandchilik sababi deb bilsak, o‘zimizni xavfli tarzda aldagan bo‘lamiz.

Bu faqat bayram shodiyonasi emas. Bu kun, ayni paytda, bizni o‘zimiz haqida juda chuqur mushohada yuritishga undovchi jiddiy chaqiriq hamdir. Biz oldimizga behisob va xavotirli savollarni ko‘ndalang qo‘yayotgan bir zamonda yashayapmiz. Ularning zamirida esa bitta eng asosiy masala yotibdi: bundan deyarli bir yil muqaddam totalitar tuzumga qarshi bosh ko‘targanimizda bayroq qilib olgan qadriyatlarimizni qaror toptirishning hamda o‘shanda ochiq e’lon qilgan ezgu g‘oyalarimizni ro‘yobga chiqarishning uddasidan chiqa olamizmi va bunga qanday erishamiz?

Afsuski, ko‘ngilni to‘q tutish uchun asoslarimiz unchalik ko‘p emas. Hatto bir necha oy muqaddam erishish juda osondek tuyulgan ijtimoiy o‘zgarishlar ham g‘oyat sust va mashaqqat bilan kechmoqda. Odamlar orasida tobora kuchayib borayotgan g‘arazgo‘ylik bilan birga, xavotir, norozilik, murosasizlik va tushkunlik ham ortib bormoqda. Biz bo‘g‘iq bir muhitda yashayapmiz. Tezkor va tinch inqilobimiz tufayli xorijda qozongan ishonchimizni asta-sekin boy beryapmiz. Tashqi dunyo bizni tobora ko‘proq ikkilanish bilan kuzatmoqda, yangi tizimni barpo etish qobiliyatimiz eski tuzumni yakson qilishda namoyon etgan qobiliyatimizdan xatarli darajada ortda qolayotganidan tobora ko‘proq xavotir bildirmoqda.

Ishonchim komilki, oxir-oqibat hammasi yaxshilik bilan tugaydi. Biroq, shu bilan birga, agar chindan ham yakunda hammasi iziga tushib ketsa, bunga faqat bir narsa tufayli erishamiz: o‘zimizga, o‘tmishdagi barcha muvaffaqiyatsizliklarimiz va ularning haqiqiy sabablariga, jumladan, faqat o‘zimizga va qusurlarimizga borib taqaladigan sabablarga tik boqish uchun o‘zimizda kuch topa olganimiz tufayli.

Bugun biz tushib qolgan tang vaziyatni har tomonlama tahlil qilish mening vazifamga kirmaydi. Men faqat davlatimizning vujudga kelishi bilan bevosita va mazmunan bog‘liq bo‘lgan birgina mavzuga to‘xtalib o‘taman.

Chexoslovakiya bundan yetmish ikki yil muqaddam ikki xalqning eng ko‘zga ko‘ringan ziyolilari timsolidagi umumiy xohish-irodamiz asosida vujudga keldi. Xoh vatanimizda, xoh chet elda faoliyat yuritgan eng vijdonli chex va slovaklar biz uchun mustaqil davlatchilik va erkin milliy taraqqiyotning birdan-bir kafolati yagona davlat tarkibida birgalikda yashash ekanini bir ovozdan ma’qulladilar. Bu umumiy qat’iy ishonch hatto chex va slovak ajdodlarimizni ikki xalqimiz aslida yagona millatning ikki tarmog‘i, degan xulosaga olib keldi. Ma’lumki, bu masalada ular qattiq yanglishgan edilar, biroq ularning shunday fikrga borganining o‘ziyoq bir-birimizga chambarchas bog‘liq ekanimizga bo‘lgan ishonchi naqadar chuqur bo‘lganidan dalolat beradi.

O‘zingizga yaxshi ma’lumki, yagona davlatdagi umumiy hayotimiz shu kunlarda katta sinovdan o‘tmoqda. Biz qo‘lga kiritgan erkinlik oldimizga ota-bobolarimizning qarori ham erkin va to‘g‘ri bo‘lganmidi, degan o‘rinli savolni ko‘ndalang qo‘ymoqda.

Bu to‘g‘ri qaror bo‘lganiga chin dildan ishonaman. Shu bilan birga, bugun ushbu qarorni davr taqozosi bilan bog‘liq xomxayollardan xoli etib, unga yangi mazmun baxsh etishimiz kerakligiga ham ishonchim komil. Biz yagona Chexoslovakiya millati emas, balki teng darajada milliy o‘zlik va suverenitet huquqiga ega bo‘lgan ikki millatmiz. Ayni paytda, biz ko‘plab milliy ozchiliklar yashaydigan davlatmiz va ular ham o‘z huquqlariga ega. Bunday huquqlardan biri — federativ davlatimizning to‘laqonli fuqarosi bo‘lish huquqidir.

Biz davlatimizning federativ tuzilishini yangicha mazmun bilan boyitishga intilish orqali ajdodlarimiz qaroriga yangi ma’no va yangi hayot baxsh etmoqchimiz.

Biz haqiqiy federatsiya quryapmiz, deymiz. Bu g‘oyat murakkab va mashaqqatli jarayon bo‘lib, u son-sanoqsiz bahs-munozaralar, o‘zaro tushunmovchiliklar, kutilmagan holatlar va hatto noroziliklar bilan kechmoqda. Agar bu jarayonni farzand dunyoga keltirishga qiyoslaydigan bo‘lsam, bu shubhasiz og‘riqsiz kechadigan tug‘ruq emas, degan bo‘lardim. Xo‘sh, ushbu tug‘ruq muvaffaqiyatli o‘tishi, chinakam sog‘lom va yashab ketadigan chaqaloq dunyoga kelishi uchun nima zarur?

Mening nazarimda, buning uchun faqat bir narsa zarur: barchamiz o‘zimizda mas’uliyat hissini uyg‘otishimiz hamda sog‘lom aql, vaziyatga kengroq qaray bilish, amaliy yondashuv, bag‘rikenglik, haqiqatga tik boqish jasorati va o‘zgalarni tushunish kabi fazilatlarni ishga solishimiz lozim.

Shu bois men barcha chexlarni slovak xalqining qalbini anglashga intilishga hamda slovaklar bilan munosabatlarda yillar davomida kuzatib kelingan mensimaslik va o‘zini asossiz ustun qo‘yish kabi barcha sarqitlardan xalos bo‘lishga chaqiraman. Ulardan slovaklarning o‘ziga xosligini mustahkamlashga qaratilgan turli talablariga faqat nafratga to‘la istehzo yoki ularni tushunmaslik bilan javob qaytarmaslikni so‘rayman.

Men barcha slovaklarni, ayniqsa slovak yoshlarini, milliy o‘ziga xoslik va g‘ururni qorong‘i o‘tmishga qaytish bilan barobar deb biladigan kimsalarning milliy safsatabozligiga uchmaslikka chaqiraman. Slovak xalqini go‘yoki tashlab qo‘yilgan, unutilgan va har tomonlama ezilgan qilib ko‘rsatuvchi hissiyotga to‘la tasavvurlar bu xalq uchun haqoratlidir. Bu kabi da’vatlar milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini shakllantirmaydi, aksincha, milliy nuqsonlilik hissini kuchaytirib, adovat qo‘zg‘aydi.

Men barcha slovaklarni o‘zlari erkin saylagan vakillari o‘rtasidagi sog‘lom hamjihatlikni hurmat qilish orqali o‘z siyosiy madaniyatlarini namoyon etishga chaqiraman. Yevropa xalqlari oilasidagi munosib o‘rin oqilona demokratik munozaralar orqali ta’minlanadi, shovinistik shiorlar esa, aksincha, ana shu mavqega tahdid soladi.

Shu bilan birga, men barcha chexlar va slovaklarni o‘z atroflarida yuzaga kelayotgan irqiy, milliy hamda siyosiy murosasizlik va nafratning har qanday ko‘rinishlariga, shuningdek, endigina shakllanayotgan demokratiyamizni izdan chiqarishga qaratilgan barcha ongli urinishlarga qat’iy qarshi turishga chaqiraman. Demokratiya darajasi nafaqat ko‘pchilikning ovozi, balki, eng avvalo, ushbu ko‘pchilikning barcha ozchilik vakillari fikrlari va huquqlarini qanchalik hurmat qilishi hamda qadrlashi bilan belgilanadi.

Men har uchala siyosiy bo‘g‘indagi — ikki respublika va federal darajadagi barcha vakillarni bundan buyon ham vazminlikni saqlashga hamda davlat boshqaruvida vakolatlarni eng maqbul tarzda taqsimlash masalasini jiddiy muhokama qilishda davom etishga chaqiraman. Zero, gap imkon qadar ko‘proq vakolatlarni tortib olish haqida emas, balki siyosiy va iqtisodiy tizimimizning barcha manfaati yo‘lida samarali ishlashini ta’minlash haqida bormoqda.

Va nihoyat, men chexlar, slovaklar, barcha milliy ozchilik va etnik guruh vakillarini federativ davlatimizni o‘zlarining mushtarak vazifasi hamda umumiy mulki sifatida qabul qilishga chaqiraman. O‘zimizni oilamiz, mehnat jamoamiz, partiyamiz, cherkovimiz va millatimizning bir bo‘lagi deb bilganimizdek, ajdodlarimizning g‘oyat oqilona, ma’naviy, madaniy va tarixiy jihatdan asosli, geosiyosiy nuqtai nazardan esa chinakam muqarrar qarori tufayli bunyod bo‘lgan ushbu umumiy davlatimizning fuqarolari sifatida ham his etishimiz lozim.

1918-yil 28-oktabri 1990-yil 28-oktabri bilan minglab rishtalar orqali bog‘langanki, ulardan biri men yuqorida tilga olgan masaladir. 1918-yil 28-oktabrda Chexoslovakiya davlati dunyoga keldi. 1990-yil 28-oktabri esa bu davlat oldiga u bizning aybimiz bilan zavol topadimi yoki unga qayta jon kirib, ikkinchi nafasini oladimi, degan savolni ko‘ndalang qo‘ymoqda.

Men uning ikkinchi nafasiga erishishiga ishonaman.

Ishonamanki, hozir davlatchiligimiz boshidan kechirayotgan sinovdan muvaffaqiyatli o‘tamiz. Ishonamanki, bizning aql-idrokimiz, birdamlik va sobitqadamlik tuyg‘umiz, mas’uliyatimiz, madaniyatimiz hamda o‘z-o‘zini saqlash instinktimiz ustun keladi va biz umumiy davlatimiz yaxlitligini saqlab qolish, u o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlar uchun javobgarlikni zimmasiga olish hamda, umuman, o‘z ishlarimizni o‘zimiz boshqara olish qobiliyatimizga shubha qilayotganlarning barchasini uyaltirib qo‘yamiz.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.