Tarixiy nutq. “Eng to‘g‘ri va haqiqiy tariqat — madaniyat tariqatidir” — Otaturk
Mustafo Kamol Otaturkning 1925-yilgi tarixiy nutqi Turkiyada modernizatsiya, libos tartibi, xonaqohlar faoliyati va xotin-qizlar huquqlariga oid tub islohotlarga zamin yaratgandi. Gazeta Turkiya Jumhuriyati kuni munosabati bilan ushbu nutq tarjimasini taqdim etadi.

Tarixiy nutq. “Eng to‘g‘ri va haqiqiy tariqat — madaniyat tariqatidir” — Otaturk
29-oktabr Turkiyada muhim milliy sanalardan biri bo‘lgan Jumhuriyat kuni sifatida nishonlanadi. 1923-yil 29-oktabrda Turkiya Buyuk Millat Majlisi mamlakat boshqaruv shaklini respublika deb e’lon qilgan edi. Shu davlatchilik bosqichining boshida yangi respublika asoschisi va uning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk turdi.
Birinchi jahon urushidan keyingi milliy harakatga boshchilik qilgan Otaturk yangi davlat tuzilishi bilan birga ijtimoiy va madaniy hayotni qayta tashkil etishga qaratilgan bir qator o‘zgarishlarni ilgari surdi.
Quyida berilayotgan matn Otaturkning 1925-yil avgust oyida Kastamonu va Inebolu hududiga qilgan tashrifi chog‘ida so‘zlagan nutqidan olingan. Ushbu chiqishida u jamiyat tuzilishi, urf-odatlar va fuqarolik qiyofasini zamonaviy mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqish haqidagi qarashlarini bayon etgan.
Mazkur nutq keyinchalik Turkiyaning huquqiy va ijtimoiy hayotini qamrab olgan qator muhim qarorlar uchun asos bo‘lib xizmat qildi, jumladan:
Janoblar!
Mushohadalarimning eng qimmatli jihati shuki, bu go‘zal o‘lkaning samimiy xalqi nihoyatda ma’rifatli, keng va yuksak tafakkurga ega. Tan olishim kerak, bu safarimdan oldingi tasavvurlarim hozir o‘zim ko‘rib chiqqan xulosalarimdan ancha farq qilardi. Agar muhtaram deputatlaringiz Ali Rizo Bey, Mehmet Fuat Bey kabi zotlar bo‘lmaganida, sizni aslingizga butkul teskari ko‘rsatishga urinayotgan kimsalar odamlar ongini chalg‘itishda kim biladi yana qanchalik ilgarilab ketishardi. Amaliy natijalarini mamnuniyat bilan ko‘rib turganim — sizning bu yuksak dunyoqarashingiz, tabiiyki, bir lahzada yoki bir kunda shakllanib qolgan emas. Bunday da’voni ilgari surish jaholatning o‘zginasi bo‘lardi yo‘qsa. Shubhasiz, bu hududning muhtaram xalqi azaldan madaniy taraqqiyotning tabiiy zanjiri bo‘ylab ildamlab kelayotgan edi. Ildamlamoqda ham. Bugun men ana shu taraqqiyotning tabiiy ifodasiga guvoh bo‘lib turganimdan baxtiyorman.
Bu haqiqatning aksini iddao qilib, taraqqiyot sari tashlagan qadamlarimizni falaj qilishga urinayotgan kimsalar o‘z hukmlarini chiqarishda yarim-yorti ilmlariga, chirigan mantiqlariga va ojiz aqllariga suyanishdi deb hisoblayman. Bu sho‘rlik xudbinlar shunday qilish o‘rniga xalqning sog‘lom aqliga, vijdoniga murojaat qilishganida, undan ilhom olishganida edi, bugun o‘zlarini ham kulgili, ham xijolatli ahvolga solgan bunday yoqimsiz xatolarga yo‘l qo‘yishmasdi. Biroq sog‘lom tafakkurning aql, mantiq va ilmdan-da ustun turuvchi ahamiyatini tan olish soxta olimlarning ishiga yaramaydi.
Do‘stlar!
Millatimiz bosh qahramoni bo‘lgan buyuk va amaliy voqea-hodisalardan so‘ng, uning mustahkam ong-shuurga ega ekaniga endi hech kimning shubha qilishga haqqi qolmadi.
Shuur har doim oldinga va yangilik sari yetaklaydi. Ortga chekinishni aslo qabul qilmaydigan xislat ekanini inobatga olsak, Turkiya Jumhuriyati xalqi ildam qadamlar bilan taraqqiyot va yangilanish sari yurishda davom etadi. Shuurga putur yetmas ekan, orqaga qaytish yoki to‘xtab qolish haqida o‘ylash ham mumkin emas. Asrlar davomida qilingan g‘arazli urinishlar vaqti-vaqti bilan millatni g‘aflat uyqusiga cho‘mdirgan bo‘lsa-da, uning shuurini falaj qilishga hech qachon erisha olmadi. Bu haqiqat millatning bugun ko‘rsatayotgan ongli sa’y-harakatlari bilan o‘z-o‘zidan isbotlanib turibdi. Agar bu ong zaiflashgan yoki xastalangan bo‘lganida edi, uni bugungidek jonli va tetik holatda qayta tiklashga hatto eng buyuk qudrat ham ojizlik qilardi.
Janoblar!
Biz millatning asl xohish-irodasiga zid gumon va vasvasalarga berilganlarga e’tibor qilmadik. Bundan, ayniqsa, bugun juda ham mamnunman va faxrlanaman. Qarorimiz naqadar to‘g‘ri bo‘lganining sirini ochiqlash uchun darhol shuni bildirishim kerakki: bizning ilhom manbaimiz to‘g‘ridan to‘g‘ri butun turk millatining vijdoni bo‘lgan va har doim shunday bo‘lib qoladi.
Barcha shijoat, baraka va kuch-quvvatni milliy vijdondan olar ekanmiz hamda bu sa’y-harakatlarimizda millatning sog‘lom aql-idrokini yo‘lboshchi deb bilar ekanmiz, shu paytgacha bo‘lganidek, bundan keyin ham millatni to‘g‘ri maqsadlarga erishtirishimizga ishonchimiz komil.
Haqiqiy inqilobchilar — taraqqiyot va yangilanish sari yetaklamoqchi bo‘lgan insonlarining ruhi va vijdonidagi asl intilishlarga yo‘l topa biladigan kishilardir. Shu munosabat bilan shuni ham ta’kidlab o‘tayki: turk millatining so‘nggi yillarda ko‘rsatgan mo‘’jizalari, amalga oshirgan siyosiy va ijtimoiy inqiloblarining asl egasi uning o‘zidir, ya’ni sizsiz. Agar millatimizda taraqqiyotga nisbatan mana shunday iqtidor va salohiyat bo‘lmaganida, buni yaratishga hech qanday kuch va qudrat kifoya qilmasdi. Muayyan rivojlanish bosqichida bo‘lgan biron-bir jamiyatni o‘z holatidan olib, hech qanday tayyorgarliksiz, tomdan tushgandek birdaniga taraqqiyot darajasiga ko‘tarib qo‘yish tabiatan imkonsiz ekanini tushuntirib o‘tirishga hojat yo‘q.
…Janoblar! Qilgan va qilayotgan inqiloblarimizning g‘oyasi — Turkiya Jumhuriyati xalqini to‘liq zamonaviy hamda barcha ma’no va ko‘rinishi bilan madaniy bir ijtimoiy jamiyatga aylantirishdir. Inqiloblarimizning bosh tamoyili shudir… Bu haqiqatni qabul qila olmaydigan dunyoqarashlarni tor-mor qilish zarur. Shu kungacha bu millatning zehnini zanglatgan, uni karaxt qilganlar ana shunday tushunchadagi kimsalar bo‘lib keldi. Nima bo‘lganda ham, zehnlardagi mavjud xurofotlar butkul chiqariladi. Ular chiqarib tashlanmas ekan, ongga haqiqat nurlarini singdirishning iloji yo‘q.
Mozorlardan, soxta avliyolardan, o‘liklardan madad tilash madaniy jamiyat uchun isnoddir.
…Mavjud tariqatlarning maqsadi o‘z ergashuvchilarini dunyoviy va ma’naviy hayotda saodatga yetkazishdan boshqa nima ham bo‘lishi mumkin? Bugun ilm-fan qamrovi va madaniyatning porloq shu’lasi qarshisida u yoki bu shayxning ko‘rsatmasi bilan moddiy va ma’naviy baxt qidiradigan darajada ibtidoiy insonlarning Turkiyaning madaniy jamiyatida bo‘lishini aslo qabul qilmayman.
Janoblar va ey millat! Yaxshilab bilib olingki, Turkiya Jumhuriyati shayxlar, darvishlar, muridlar va mansublar mamlakati bo‘lolmaydi.
Eng to‘g‘ri va haqiqiy tariqat — madaniyat tariqatidir.
Madaniyat nimani amr va talab qilsa, shuni bajarish inson bo‘lish uchun kifoyadir. Tariqat rahbarlari men aytgan bu haqiqatni bor ochiqligi bilan anglab yetadi, o‘z ixtiyorlari bilan darhol dargohlarini yopadi va muridlarining ortiq aqllanganini, albatta, tan oladi. Do‘stlar, huzuringizda, butun millat ro‘parasida tashakkur bildirar ekanman, his qilgan va ko‘rganlarimni boricha aytishni tarix va vijdon oldidagi qarzim deb bilaman.
Jumhuriyatimiz hukumatida Diyonat ishlari boshqarmasi bor. Bu mahkamaga qarashli muftiy, voiz, imom kabi ko‘plab rasmiy xizmatchi xodimlar bor. Bu mas’ul shaxslarning ilmi va fazilati qay darajada ekani barchaga ayon. Biroq bu sohada hech qanday rasmiy vazifasi bo‘lmagan ko‘plab kimsalarning ham xuddi shunday libosda yurishni davom ettirayotganini ko‘ryapman. Bundaylar orasida nihoyatda johil, hatto savodsizlariga ham duch keldim. Ayniqsa, bunday nodonlar ayrim joylarda o‘zlarini xuddi xalqning vakilidek ko‘rsatib, elning oldiga tushib olmoqda. Ular hukumatning xalq bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotiga go‘yoki bir g‘ov bo‘lish payida yuribdi.
Bunday kimsalardan so‘ramoqchiman: bu maqom va vakolatni ular kimdan, qayerdan olishgan? Ma’lumki, millatning haqiqiy vakillari — xalq saylagan deputatlar va ulardan tashkil topgan Turkiya Buyuk Millat Majlisi hamda Majlisning ishonchiga sazovor bo‘lgan Jumhuriyat Hukumatidir. Shuningdek, mahalliy darajadagi hokimiyatlar va ularning hay’atlari bor. Millatga eslatib qo‘ymoqchiman: bunday beboshlik va pala-partishlikka yo‘l qo‘yish aslo joiz emas. Nima bo‘lganda ham, hech qanday vakolatga ega bo‘lmagan bunday kishilarning rasmiy vazifador xodimlar bilan bir xil maxsus libosni kiyib yurishidagi zararni men shaxsan hukumatning diqqat-e’tiboriga havola qilaman.
…Ineboluda va boshqa ayrim joylarda ham aytdim. Bugunning dolzarb masalasi deb qaralgani bois, bu yerda ham to‘xtalib o‘tmoqchiman. Har bir millatda bo‘lgani kabi, bizning ham bir milliy libosimiz bo‘lgan, biroq rad etib bo‘lmaydigan haqiqat shuki, hozir kiyib yurgan kiyimimiz o‘sha milliy libos emas. Hatto milliy libosimiz nima ekanini oramizda biladiganlar juda oz.
Masalan, ro‘paramdagi olomon orasida bir kishini ko‘rib turibman: boshida feska, feskaning ustidan yashil salla, egnida ko‘ylak, uning ustidan esa xuddi menikidek pidjak kiyib olgan, pastki qismini esa ko‘rolmayapman. Xo‘sh, bu qanday kiyinish? Madaniy inson shunaqa qiyofaga kirib, butun dunyoni o‘zining ustidan kuldiradimi?
…Davlat xizmatchilari ham, butun millat ham kiyinishini tartibga soladi. Ilm-fan, salomatlik va qulaylik nuqtai nazaridan, har jihatdan sinovdan o‘tgan zamonaviy madaniy libos tanlanadi. Bu borada ikkilanishga o‘rin yo‘q. Asrlar davomida cho‘zilgan g‘aflatning achchiq saboqlarini yana takrorlashga sabrimiz ham, toqatimiz ham qolmadi. Odam ekanimizni, madaniy inson ekanimizni isbotlab ko‘rsatish uchun lozim bo‘lgan qadamlarni qo‘yishda o‘jarlik va qaysarlik qilish komil insonlikka sira to‘g‘ri kelmaydi.
Do‘stlar, turk millati boshdan kechirgan ulkan voqealari bilan isbotladiki, u yangilikka intiluvchan va inqilobchi millatdir. Millatimiz so‘nggi yillardan avval ham yangilanish yo‘lidan borishga, ijtimoiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga intilmagan emas. Biroq kutilgan haqiqiy natijalar ko‘rinmadi. Buning sababi nimadaligi haqida o‘ylab ko‘rdingizmi?
Menimcha, bunga asosiy sabab — ishning asl poydevoridan boshlanmaganidir. Bu xususda ochiq aytay. Jamiyat, ya’ni millat erkak va ayol deb atalmish ikki jinsdagi insonlardan tashkil topgan. Jamiyatning bir qismini rivojlantirib, ikkinchi qismiga e’tiborsiz qarab, xalqning yaxlit holda taraqqiy etishiga erishish mumkinmi?
Bir jamoaning yarmi zanjirband holda yerda qolsa-yu, ikkinchi yarmi samolarga parvoz qila olishi mumkinmi?
Shubhasiz, taraqqiyot qadamlari men tilga olgan har ikki jins vakillari tomonidan yonma-yon, birdamlikda tashlanishi, rivojlanish va yangilanish bosqichlari birgalikda bosib o‘tilishi shart. Shundagina inqilob muvaffaqiyatli yakun topadi. Bugungi yurishimiz ana shu hayotiy zaruriyatga yaqinlashayotganini mamnuniyat bilan kuzatyapmiz. Qanday bo‘lmasin, bu yo‘lda yanada jasoratliroq bo‘lish zarurligi kundek ravshan.
…Ayrim joylarda ayollarni ko‘ryapman: boshiga yemeni, peshband yoki shunga o‘xshash narsalarni tashlab olib, yuz-ko‘zini yashiradi; yonidan erkak kishi o‘tib qolsa, yo darhol orqasini o‘giradi, yoki yerga cho‘kkalab oladi. Bunday xatti-harakatning ma’no-mohiyati nimada? Janoblar, madaniy bir millatning onasi, millatning qizi shunday g‘alati qiyofaga, bunday yovvoyi holatga tushadimi? Bu ahvol millatni nihoyatda kulgili ko‘rsatadigan bir manzaradir. Buni darhol to‘g‘rilash shart!

