“Tarbiyalamoqchi edim”. Qashqadaryoda 400 ming so‘m uchun qizini o‘qlov bilan urib, o‘limiga sababchi bo‘lgan ota 5 yilga qamaldi

Qashqadaryo viloyatida 400 ming so‘m sabab 15 yoshli qizini o‘qlov bilan urib, o‘limiga olib kelgan ota 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Daryo” nashri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1982-yilda tug‘ilgan Q.J. Muborak tumanidagi harbiy qism tankchilar batalyonida mexanik-haydovchi sifatida 2005-yil 24-maydan 2025-yil 11-martgacha xizmat qilgan. Shartnomasi bekor qilinganidan so‘ng, Q.J. ijarada yashayotgan uyiga qaytib, buyumlarini yig‘ishtira boshlagan. 13-mart kuni harbiy qismga borib, hisobdan chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirgan, biroq ishlarni yakunlashga ulgurmay, soat 20:00 atrofida ijaradagi uyiga qaytgan.
Oilasi bilan ovqatlanganidan so‘ng, o‘g‘lining sochlarini olgan va u bilan Qarshi tumanidagi doimiy yashash joyiga borishni rejalashtirgan. Kiyinayotganida hamyonidagi 3 million so‘mni sanab ko‘rgan va 400 ming so‘m kamligini payqagan. Dastlab turmush o‘rtog‘idan pulni kim olganini so‘ragan, ammo ayoli bu haqda bilmasligini aytgan.
Soat 22:00 atrofida voyaga yetmagan qizi G.ni yoniga chaqirib, pulni olgan-olmaganini so‘ragan. Qizi pulni so‘ramasdan olganini tan olib, kechirim so‘ragan. Biroq Q.J. turmush o‘rtog‘i va boshqa farzandlarini xonadan chiqarib, o‘g‘liga oshxonadan taxminan bir metr uzunlikdagi o‘qlov olib kelishni buyurgan.
Ota o‘qlov bilan qizining qo‘llariga zarba berganida, yog‘och ikkiga bo‘linib ketgan. Shundan so‘ng u qiziga “nega o‘g‘rilik qilasan, meni sharmanda qilasan-ku”, deb, uning yuzi va og‘iz sohasiga bir necha marta shapaloq tushirgan.
Qiz boshqa bunday ish qilmasligini aytib yig‘lagan va otasidan urmaslikni iltimos qilgan. Ammo erkak o‘qlovning singan qismi bilan uning qo‘l va oyoqlariga zarba berishda davom etgan. Qizining baqirgan ovozini eshitgan onasi va ammasi xonaga kirib, erkakni to‘xtatishga uringan. Biroq ota ularni yana xonadan chiqarib yuborib, qizini urishda davom etgan. Qiz zarbalardan qochish uchun yelkasini burganida, o‘qlov uning orqa va kurak sohalariga bir necha marta tekkan.
G. yanada baland ovozda yig‘lagach, onasi ikkinchi marta xonaga kirib, eridan uni urmaslikni iltimos qilib yolvorgan. Shundan keyingina erkak qizini urishni to‘xtatgan.
Ona farzandini yuvinish xonasiga olib borib, yuzini yuvgan va kiyimlarini almashtirib, keyin boshqa xonaga olib kirgan. Oradan taxminan 10 daqiqa o‘tgach, qiz o‘zini yomon his qilib, hushini yo‘qotgan. Ayol va o‘g‘li Q.J.ga bu haqda aytgach, u qizini uyg‘otishga uringan, biroq G. harakatsiz yotgan. Shundan so‘ng uni boshqa xonaga ko‘tarib o‘tib, ko‘rpacha ustiga yotqizgan.
Q.J. soat 00:52 da 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, qizi talvasaga tushayotganini aytgan va tibbiy yordam so‘ragan. Tez yordam kechikayotgani sababli soat 01:00 atrofida tibbiyot sohasida ishlaydigan qo‘shni ayolga qo‘ng‘iroq qilgan. Ayol javob bermagach, uning uyiga borib uyg‘otgan va qiziga yordam berishini so‘ragan.
Qo‘shni ayol qizga birinchi yordam ko‘rsatishga uringan vaqtda tez yordam xodimlari yetib kelgan. Shifokorlar voyaga yetmagan qizni tekshirib, u taxminan yarim soat oldin vafot etganini bildirgan.
Tez yordam xodimlari voqea haqida ichki ishlar organlariga xabar berish kerakligini aytgan. Erkak esa ularga ketaverishlarini, ichki ishlarga o‘zi xabar berishini bildirgan. Oradan taxminan 15 daqiqa o‘tib, xonadonga ichki ishlar va prokuratura xodimlari kelgan.
Ular qizning tanasidagi ko‘karishlarni ko‘rib, shifokor va sud-tibbiyot ekspertini chaqirgan. Ko‘zdan kechirish jarayonida uning ikki qo‘li, oyoqlari, labi va ko‘kragining orqa qismida tan jarohatlari borligi aniqlangan.
Shunda erkak xodimlarga qizini o‘zi urganini tan olgan va jinoyat quroli bo‘lgan singan o‘qlovni topshirgan.
“Uni o‘ldirish niyatim bo‘lmagan, faqat boshqa o‘g‘rilik qilmasligi uchun tarbiyalamoqchi edim. Jahl ustida qilgan ishimdan pushaymonman”, deya ko‘rsatma bergan Q.J.
Sud-tibbiyot ekspertizasi marhumaning tanasida yopiq bosh miya va ko‘krak qafasi shikastlanishi, miya pardalari ostiga qon quyilishi, o‘pka to‘qimalari, qovurg‘alararo mushaklar va teri osti sohalarida katta hajmli qon quyilishlari mavjudligini aniqlagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi Q.J.ni Jinoyat kodeksi 104-moddasi 3-qismining “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan aybdor deb topgan. Unga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Avvalroq Toshkentda birga yashagan ayolining 5 oylik chaqalog‘ini urib o‘ldirgan erkak 16 yilga qamalgani xabar qilingandi. Samarqandda esa 2 yoshli bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan ona va o‘gay otaga sud hukmi o‘qilgandi.

