Mahalliy

Sirdaryoda eridan o‘ch olish uchun ikki farzandini o‘ldirgan ayol 13 yildan ko‘proqqa qamaldi

Sirdaryoda eridan o‘ch olish niyatida ikki farzandini o‘ldirgan ayol 13 yildan ortiq muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturi xabar berdi.

Voqea 2024-yil 1-fevral kuni Guliston tumanidagi ijaraga olingan xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. 32 yoshli ayol turmush o‘rtog‘i bilan kelishmovchilikdan so‘ng undan qasos olishga qaror qilgan. U avval 6 yoshli, keyin esa qo‘shni xonada bo‘lgan 4 yoshli o‘g‘lini bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Jinoyatni yashirish maqsadida ayol bolalarning jasadlarini yonma-yon yotqizib, gaz plitasi va jo‘mraklarni ochib qo‘ygan. U bolalar is gazidan zaharlangandek taassurot qoldirishga uringan. Shuningdek, u eriga xat qoldirib, o‘z joniga qasd qilishga harakat qilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli uning hayoti saqlab qolingan.

Tungi payt uyga qaytgan ota bu dahshatli holatga guvoh bo‘lgan. Sud-tibbiy ekspertizasi bolalar is gazidan emas, balki mexanik asfiksiya (bo‘g‘ilish) natijasida vafot etganini tasdiqlagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudida ushbu ish ko‘rib chiqildi. Ayol Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlarida (ikki yoki undan ortiq shaxsni; ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsni qasddan o‘ldirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, unga nisbatan 13 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ayol jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Avvalroq Toshkentda birga yashagan ayolining 5 oylik chaqalog‘ini urib o‘ldirgan erkak 16 yilga qamalgan edi. Boshqa bir holatda esa Samarqandda onasini do‘pposlagan o‘g‘ilga sud hukmi o‘qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.