Boshqa

Tamg‘a

Yaqinda darvoza oldida sochlari oqarib ketgan, yelkalari biroz bukilgan kishi paydo bo‘ldi

**Tamg‘a**

Romitanning fasllari ham o‘ziga xos-da. Kuz kirgan bo‘lsa ham, ariqlarda suv shildirab oqadi, tutlar salobat bilan turadi, saharlari esa quyosh chiqmasidan oldin hovlilardan tandir tutuni ko‘tariladi...

Qishloqning eski ko‘chalarida hayot shoshilmayotgandek tuyuladi. Har bir eshik ortida bir umrga tatigulik hikoya, har bir qarovsiz devor bag‘rida bir alam, har bir cholning ko‘zida esa aytilsa ham tugamaydigan rivoyat yashaydi.

Bolaligimizdan beri ko‘z oldimda: 40 yillardan oshdi-yov... Qo‘shni Qumrabod qishlog‘ining bir chekkasida eski bir hovli bor edi. Darvozasi qiyshaygan, oshxona tomi eskirgan, o‘rtadagi tut daraxti esa necha yillardan beri hech kim suyanmagan odamdek bir tomonga egilib o‘sgandi.

Yaqinda shu darvoza oldida sochlari oqarib ketgan, yelkalari biroz bukilgan bir kishi ko‘rindi. Qo‘lida kichik jomadon. Cho‘ntagida bir dasta kalit. Ko‘nglida esa butun boshli qabristondek sukut. Bu Rahim ota edi. U bu hovlidan, adashmasam, 80-yillarda...

Uni ota-onasi, ayoli, yosh bolalari kuzatib qo‘yishgan. Ammo bugun uni kutib olishga ota-onasi yo‘q... Xotini ham yo‘q. Bolalari-chi? Rahim ota o‘zini xuddi devordagi mixga ilib qo‘yilgan eski chopondek his qildi. Har yoqqa alangladi. Dong qotdi.

— Bobojon, keldingizmi?

— Dadam suratlaringizni bizga ko‘p ko‘rsatganlar. Sizni o‘sha suratlardan taniymiz. Siz bizning bobomiz bo‘lasiz...

Rahim otaning qo‘lidagi jomadon yerga tushib ketayozdi. Qarshisida ikki bolakay turardi. Ular bobolarini hayotida ilk bor ko‘rib turishardi...

Rahim hali yigirma beshga ham to‘lmagan, yelkasi baquvvat, ko‘zlarida ishonch, qo‘llarida g‘ayrat jo‘sh urgan yigit edi. Otasi Abdunabi amaki umr bo‘yi kolxozda ishlagan, onasi Oygul opaning ham kuni dalada o‘tardi. Rahimning oilasi — rafiqasi Mehriniso va ikki jajji farzandi bor edi. O‘g‘li Ilhom hali maktab yoshiga yetmagan, qizi Zuhra esa onasining etagidan ajralmaydigan jajjigina qizcha edi.

Bu xonadonda qish kelsa, ko‘mir tejalib, hamma bir xonaga tiqilib olardi. Yoz kelsa, yana o‘sha qishning tashvishi boshlanardi. Rahimning ota-onasi kundan-kunga qarib borar, bolalari esa ulg‘ayayotgandi.

Bir kuni Rahim hovlida o‘tin taxlayotib, otasiga yaqinlashdi:

— Ota, Rossiyaga ketsammi deyapman. U yerda ish bor, deyishyapti. Pul topsam, uyni tiklasam, bolalarni o‘qitsam...

Abdunabi amaki uzoq sukut saqladi. U o‘g‘liga qarab, o‘z yoshligini esladi; bir paytlar o‘zi ham ro‘zg‘or yukini mana shunday yelkasiga olgandi.

— Oila, ro‘zg‘or yuki qiyin, bolam, — dedi ota nihoyat. — U yelkaga emas, ko‘proq yurakka og‘irlik qiladi. Nimayam derdim, borsang bor, bolam. Lekin unutma, pul topaman, deb odamiyligingni yo‘qotib qaytma.

Rahim ota-onasining duosini oldi. «Sizlarni uyli-joyli qilaman, bolalarimni hech kimdan kam qilmayman, tez qaytaman», deya musofirlik to‘nini kiydi. Afsuski, o‘shanda u «tez qaytaman» degan so‘zi o‘z umri o‘lchovida qanchalar uzoq yillarga cho‘zilib ketishini xayoliga ham keltirmagandi.

Rahim poyezdda jo‘nab ketdi. Deraza ortida yurtining tuproq yo‘llari birin-ketin ortda qolaverdi. U rafiqasining «Kutaman, tez qayting!» degan so‘zlarini, ikki go‘dagining sho‘x ovozini-yu, ota-onasining duosini qalbining to‘riga xuddi durdek joylab ketdi.

Begona yurtda kimni ham to‘kis va farovon hayot kutib turibdiki, Rahimni quchoq ochib qarshilasa? Uni namgarchilik, muzdek baraklar, og‘ir qurilish maydonlari, yot til, begona odamlar va mehnat haqini bermay aldab ketuvchilar kutib oldi. Vatandan uzoqda bo‘lish ba’zan insonning o‘zinigina emas, ismini ham o‘zgartirib yuborarkan. Uni endi hech kim «Rahim» deb chaqirmasdi; u begonalar uchun shunchaki «o‘zbek», «gastarbayter» yoki «ey, sen»ga aylangandi. Topgan-tutganini tiyin-tiyinigacha ayoliga yuborar, xatlarida esa: «Pul jo‘natdim, bolalarga kiyim-kechak ol. Ota-onamga dori-darmon yetkaz. Men tez orada qaytaman», deb yozardi.

U har kuni ishdan horib-charchab qaytar, yerto‘laning namiqqan, zax burchagida jon saqlardi. Yeydigan luqmasini sheriklari bilan bo‘lishardi. Sovuqdan titragan qo‘llari bilan cho‘ntagidan bolalarining avaylab olib yuradigan suratini chiqarar, unga tikilib biroz isigandek bo‘lar va shirin xayollar og‘ushida uxlab qolardi. Bir kuni uning bu holatini kuzatib turgan hamrohi shunday dedi:

— Ey, jo‘ra, ko‘p o‘kinma... Inson Vatandan chiqib ketsa, yo‘li boshlanadi. Biroq ko‘ngil baribir u yerdan ketolmaydi. Chidamli bo‘l!

Rahim avvaliga hamrohining bu so‘zlari mag‘zini chaqolmadi. Keyinchalik tushunib yetdi... Biroq unda vaqt o‘tgan, hammasidan kech bo‘lgandi. Juda ham kech...

**Qozog‘iston chegarasidagi tun**

Oradan yillar o‘tib, Rahim ishlab topgan pullarining bir qismini yig‘di-da, yurtiga qaytishga qaror qildi. Afsuski, bu safar u o‘ylagandek oson kechmadi. Qozog‘iston chegarasi tomon yo‘l olgan transportlarni tinimsiz almashtirish, hujjat tekshiruvlari, uzoq kutishlar, mablag‘ning kamligi va odamlarning beparvoligi uni tobora holdan toydirdi.

U bir necha kun chegaraning izg‘irinli manzillarida boshpanasiz qolgan boshqa yo‘lovchilar qatori vokzalning sovuq bir burchagida tunab qoldi. Ichiga ayoz kirib ketganidan ko‘z yumolmadi. Chegaradan o‘tishdagi sarsonlik, yo‘ldagi doimiy xavotir, pulni tejash ilinjidagi ochlik uning ko‘ngliga og‘ir toshdek cho‘kdi.

Xullas, ming bir azob va qiyinchiliklar bilan Romitanga qaytib keldi. U jo‘natgan pullar evaziga keksa otasi hovlining u-bu yerini naridan-beri ta’mirlatib qo‘yganini ko‘rib, biroz ko‘ngli yorishdi. Biroq bolalari ancha ulg‘ayib qolgan, rafiqasi Mehriniso esa suyanchig‘i yo‘q daraxtdek toliqqan, to‘zib ketgandi.

Ko‘p o‘tmay, u yana yo‘lga taraddud ko‘ra boshladi:

— Yana ketmasam bo‘lmaydi, ota... — dedi u bir kuni tushkun ovozda.

— Odamning rizqi ham, sabri ham yerdan chiqadi, deyishadi, bolam, — dedi Abdunabi amaki og‘ir xo‘rsinib.

— Bu uy-joyni «odam» qilguncha, mening sabrim tugab bitsa kerak, ota.

— Sabrning tugashi emas, bolam... Uning qaysi tomonga burilib ketishi xavfli...

Otasining bu gaplari yuragini tirnagan bo‘lsa-da, Rahim o‘zi uchun sovuq o‘lkalarga qaytishdan o‘zga chora ko‘rmadi. Oilasini to‘kis qilish ilinjida, tag‘in «hayyo-huyt» degancha musofirlik yo‘liga tushdi...

**Uydagi sukut**

Rahim musofirlikda yurgan yillarda qishloqdagi hayot o‘z maromida davom etaverdi. Ota-onasi yanada qaridi. Mehriniso yolg‘izlikdan toliqdi. Ilhomning ko‘ylagi kichraydi, Zuhraning sochlari uzaydi... Rahim esa hanuz o‘sha bir xil mazmundagi maktubni yo‘llardi: «Pul jo‘natdim, bolalarga kiyim-kechak ol. Ota-onamga dori-darmon yetkaz. Men tez orada qaytaman».

— Qachon meni ham o‘ylaysiz, Rahim aka? — derdi xotini pochta orqali kelgan navbatdagi pul o‘tkazmasi va qisqa xatni olganda, ma’yus pichirlab.

Ammo bu «tez orada» degan va’da yillar davomida tinimsiz takrorlanaverdi... Va nihoyat, ayolning sabri tugadi. Avvaliga ro‘zg‘or kamchiliklariga ko‘maklashib yurgan, keyinchalik hol-ahvol so‘rab, xabar olib turgan qo‘shni yigit — Sobirga o‘zi bilmagan holda bog‘lanib qoldi. Vaqt o‘tishi bilan ularning munosabatlari chegaradan o‘tdi.

Endigina qashshoqlikdan xalos bo‘lib, poydevori yangilanayotgan imoratga xiyonat otlig‘ balo shovqinsiz, sukut ichida kirib keldi. Keksa ota-ona shaytonga hay berib, buni shunchaki odamlarning gap-so‘ziga yo‘yishga urinishar, o‘zlarini ovutib, xarobagina xonalariga kirib, ich-ichidan yig‘lashardi. Mehriniso garchi Rahimning ota-onasi va farzandlarini kaftida asrab, xizmatini qilib yurgan bo‘lsa-da, ularning pinhoniy savollariga faqat boshini egib, jimlik bilan javob berardi.

— Ba’zan sukut ham uyning tomidan suv o‘tkazib yuboradi, bolam... — dedi Abdunabi amaki og‘ir xo‘rsinib.

Rahimdan esa hanuz o‘sha bir xil xatlar kelar, u musofirchilikdagi tirikchilik, ish, hujjat va pul tashvishlari girdobida uyga qaytishni har gal keyinga suraverardi.

**Kechikkan pushaymon**

Abdunabi amaki bu og‘ir gap-so‘zlarni, el orasidagi pichir-pichirlarni ko‘tara olmadi. Bir kuni betob bo‘lib yiqildi-yu, qaytib turmadi. Oygul momo esa shunday og‘ir damda ham kelinini ayadi: undan hech qanday yomonlik ko‘rmagandek bag‘rikenglik qildi. Kelini bolalarini oq yuvib, oq taraganini, mehnatdan qochmaganini e’tirof etdi. Zero, oila mehrga zor bo‘lib qolgan og‘ir yillarda, ular o‘z o‘g‘liga emas, aynan mana shu keliniga suyanishgandi.

Yurtiga qaytishga taraddud ko‘ra boshlagan Rahim telefon orqali onasiga yo‘l harajati, hujjatlar va boshqa to‘siqlar sabab ushlanib qolayotganini, ammo har qanday vaziyatda ham yetib kelishini aytdi.

— Sen kelib nima ham qila olarding? Otangni qayta tiriltirarmiding?! O‘zingni qiynama, bolam... Yo‘l uzoq, havo sovuq... — dedi onaizor. Ammo u o‘g‘liga «uyimiz notinch, oilamiz barbod bo‘lyapti» deya olmadi.

Onasi bilan suhbatdan so‘ng Rahim turgan joyida tosh qotib qoldi. Otasining bir paytlar aytgan «odamiyligingni yo‘qotib qaytma» degan so‘zlari shu topda vijdonini ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi. Otasining janozasida qatnasholmagani tufayli o‘zini anchagacha kechirolmay yurgan Rahimga, oradan yarim yilcha o‘tar-o‘tmas, onasining ham vafot etgani haqida sovuq xabar yetib keldi.

— Onam meni qanchalar kutgan bo‘lsa-ya... Mudom darvozaga termulib, «bolam keladi» deb umid qilgandir... — Rahimni qamrab olgan iztirob va vijdon azobi uni suvdan olib o‘tga, o‘tdan olib suvga tashlardi...

**Manzili yo‘q dard**

2004 yil.

— Mana, qaytsam bo‘larkan-ku... — Rahim hali bitmagan hashamatli darvoza poyida o‘tirib qoldi.

U qishlog‘iga qaytganida bahor edi. Ammo ichini kuz yemirar, yuzlarini esa go‘yo qish izg‘irini tilardi. U avval otasining qabriga bordi. Qabr toshi oldida cho‘kkalab, o‘ksib yig‘ladi:

— Men keldim, ota... Juda kech qoldim, ota...

So‘ng onasining qabriga o‘tdi:

— Men keldim, onajon. Manzili yo‘q, vaqt sig‘dirolmagan bir dard bo‘lib keldim, onajon...

Uy ruhiga kirgandek hovlisiga qadam qo‘ydi. Hovlidagi tut daraxti yanada kattalashgan, bir paytlar nuragan va yemirilgan devorlar hashamatli devorlarga aylangandi. Bolalari ham endi bola emas, ulg‘ayib qolishgandi. Ularning ko‘zlarida otaga nisbatan sog‘inch uchqunlari yiltirab turardi-yu, biroq begonasirash tuyg‘usi ustunlik qilardi. Rahim ularni bag‘riga bosmoqchi bo‘ldi, ammo yillar ular orasiga ko‘rinmas, mustahkam bir devor qurib ulgurgandi.

Mehriniso esa undan tamoman sovigandi. Hatto shunchaki qo‘l berib ko‘rishishni ham istamayotganini sezdirib qo‘ydi. Ularning o‘rtasida bir zamonlar «oila» deb atalgan, bugun esa butunlay vayron bo‘lgan bir umrning xarobalari yotardi...

**Sir ochildi**

Shuncha yil davomida qahraton sovuqlaru izg‘irinli shamollarga chap berib, oromidan kechgancha o‘zga yurtlarda mehnat qilgan Rahim, aslida, shu vaqt ichida bor-yo‘g‘i bir martagina qishlog‘iga kelib-ketgan edi...

Xotini bilan qo‘shni yigit Sobirning o‘rtasidagi yashirin munosabatlarni eshitgach, dunyo ko‘ziga tor bo‘lib ketdi. Vujudini g‘azab o‘ti kuydirdi. Musofirlikda qalbida to‘planib qolgan alam va iztirob xuddi to‘g‘oni o‘pirilgan seldek toshib chiqdi.

U Sobir bilan yuzlashdi. Biroq u bilan gap talashib o‘tirmadi. Ortiqcha haqorat, hech qanday tortishuv bo‘lmadi... Rahim qo‘liga tushgan oshxona pichog‘i bilan Sobirning duch kelgan joyiga ketma-ket zarba berdi.

Sobirning ota-onasi dod-faryod qilib yetib kelishganda ham, u aqldan ozgandek edi... Ko‘zlari qonga to‘lgan Rahimni hech kim to‘xtata olmadi...

**Temir eshik ortidagi yillar**

Qonun uni o‘z domiga oldi. 2004 yil Rahim uchun taqvimdagi shunchaki bir sana emas, hayotini chil-chil qilib ikkiga bo‘lgan sovuq chiziqqa aylandi. Uning bir tomonida musofirlikdagi shirin orzular, ikkinchi tomonida esa qamoqxonaning temir eshiklari, cheksiz tunlar, bitmas-tuganmas pushaymonlik va uzoq yillik jazo muddati turardi.

— Tashqarida hayot qaynaydi... Bolalar bog‘chaga boradi, kimdir ishga, kimdir o‘qishga oshiqadi. Daraxtlar meva beradi, hosillar yig‘ib-terib olinadi. Yangi xonadonlar quriladi, kimdir to‘yga, kimdir bayramga shoshiladi. Ichkarida-chi? Bu yerda har bir kun faqat temir eshiklarning g‘ichirlab ochilib-yopilishi bilan o‘lchanadi. Hammada bir xil kiyim, bir xil soch turmagi. Faqat yuraklarda «Ozodlikka chiqa olamanmi? Tirik qolamanmi?» degan ovozsiz hayqiriq yashaydi... — dedi Rahim bir kuni yonidagi mahbusga hazin ohangda.

Rahim tutqunlikning dastlabki yillarini qattiq g‘azab va nafrat ichida o‘tkazdi. U hammani aybladi: taqdirni, qashshoqlikni, musofirchilikni, yolg‘izlikni, hatto o‘zini olis yurtlarga olib ketgan o‘sha mash’um poyezdni ham. Ammo yillar o‘tishi bilan u bir haqiqatni anglab yetdi — o‘zgalarning xatosi uning qo‘li bilan sodir etilgan mudhish jinoyatni oqlay olmasdi.

Vaqt o‘tib, qamoqxonaga bolalaridan xatlar kela boshladi. Ular allaqachon ulg‘ayib, hayotda o‘z yo‘llarini topishgan, ishli bo‘lishgandi. O‘g‘li hatto uylanishga ham ulgurgandi. Xatlarning birida shunday yozilgandi: «Singlimni o‘qitdim. Yaqinda to‘yi. To‘g‘ri, siz yonimizda bo‘lolmaysiz, ammo duoda bo‘ling, ota...». O‘g‘lidan kelgan bu so‘zlarni o‘qigan Rahim o‘kirib yig‘lab yubordi.

«Agar bir kun ozodlikka qaytsam, bolalarim oldidagi gunohlarimni yuvish uchun, faqat kechirim so‘rab yashayman. Hech bo‘lmasa, kimningdir og‘irini yengil qilaman!» — deya qaror qildi u.

Farzand bo‘lib — ota-onasini so‘nggi manzilga kuzata olmadi. Ota bo‘lib — farzandlarining to‘yida bosh-qosh bo‘lolmadi. U o‘zini bolaligidagi o‘sha olis hovlida o‘sgan, shox-shabbalari ayovsiz kesib tashlangan mayib tut daraxtiga o‘xshatardi...

**Qaytish**

Yillar o‘tib, Rahim jazo muddatini to‘liq o‘tab, nihoyat ozodlikka chiqdi. U temir panjaralar ortini tark etarkan, kichik jomadoniga bir-ikki qavat kiyim, sarg‘aygan eski suratlar va uzoq yillar davomida qalb iztiroblari muhrlangan kundalik daftarini joyladi.

Tashqaridagi havo unga butkul o‘zgacha tuyuldi. U to‘g‘ri qadrdon qishlog‘i sari yo‘l oldi. Yo‘l-yo‘lakay hamma manzilda katta o‘zgarish, yangilanishni ko‘rdi. Ko‘chalar o‘zgargan, yo‘llar keng va ravon edi. Hatto uni eski hovlisiga boshlaydigan o‘sha tanish qumloq yo‘lga ham asfalt yotqizilgandi. Rahim ota darvozasi oldida vujudi qaltirab, taqqa to‘xtadi. Sekin ichkariga mo‘raladi. Hovli o‘rtasidagi o‘sha ko‘hna tut daraxti haliyam mag‘rur turardi.

Shu payt ro‘parasida ikki bolakay paydo bo‘ldi. Ular Rahim otani suratlardan tanib, quchoq ochib kutib olishdi:

— Bobojon, siz keldingizmi? — dedi ulardan biri ko‘zlari quvonchdan porlab.

— Men Ilhomning o‘g‘liman!

— Qani, bobojon, jomadoningizni men ko‘taraman! — deya ikkinchisi qo‘l cho‘zdi.

Rahim otaning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. Ikki nevarasi uni qo‘ltig‘idan olib, hovliga boshlashdi. Ota qadamlarini zo‘rg‘a bosib, ota-onasi yashagan o‘sha huv burchakdagi xonaga kirdi. Xona bo‘m-bo‘sh edi... Faqat devordagi eski mixlarda onasining tandir tutuni isi kelib turadigan ko‘ylagi-yu, otasining eski yaktagi hanuz osig‘liq turardi. Burchakda eski-tuski bo‘g‘chalar qalashib yotar, o‘rtada esa o‘tmish yillardan qolgan siniq kursi omonatgina turardi. Kursi tepasidagi devordan ota-onasining surati unga boqib turardi...

Xona ostonasida mung‘ayib, xayolga cho‘mgan chol eshikning mayin g‘ichirlashidan sergak tortdi. Ortiga o‘girildi... Qarshisida uning ko‘zlariga boqib, yillar sog‘inchi bilan o‘g‘li Ilhom turardi...

**Eng og‘ir jazo: odamlar xotirasi**

Rahim otani oldinda hali yana katta sinovlar kutib turardi. Qishloq aholisi uni qanday qabul qiladi? Endilikda kimdir u bilan ochiq chehra bilan salomlashar, kimdir esa jirkanib yuzini burar, o‘zini ko‘rmaganga olib o‘tib ketardi. U qishloqqa shunchaki qaytishning o‘zi yetarli emasligini, qalblardagi muzlarni eritish kerakligini anglab yetdi. Jim o‘tirishdan foyda yo‘qligini bilib, ish boshlashga qaror qildi — kichik bir ustaxona ochdi. Musofirchilik olovida toblangani, yillar davomida majburlikdan turli hunarlarni o‘rgangani endi unga asqota boshladi. Ustaxonasiga dastlab uch kishini, keyinchalik besh kishini ishga oldi. Asta-sekin ish hajmi kengayib bordi.

Oradan ko‘p o‘tmay, bu kichik maskan qurilish materiallari ishlab chiqaradigan yashnab turgan korxonaga aylandi. Yangi-yangi ishchilar keldi, qishloqning bir nechta kambag‘al oilasi shu yerdan muqim daromad topa boshladi.

Bir kuni yosh ishchilardan biri undan so‘rab qoldi:

— Rahim ota, nega siz har doim ishchilarning haqini vaqtida berishni hamma narsadan ustun qo‘yasiz?

— Bilasanmi, bolam... Hayot menga bu dunyodagi eng og‘ir narsa intizor bo‘lib kutish ekanini, kuttirishning kechikishi esa eng mudhish adolatsizlik ekanini o‘rgatdi, — dedi Rahim ota og‘ir xo‘rsinib. — Bir paytlar men ham yaqinlarimning umidli kutishlarini yillarga kechiktirganman.

U boshqa gapirmadi. Ko‘nglidagi o‘tmish yuklari hanuz ichida tirik edi.

Rahim ota qishloqda juda ko‘p xayrli amallarni bajardi. Mahalla-ko‘yga ko‘mak berdi, muhtojlarga madad bo‘ldi. Ayniqsa, xorijga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lgan qishloqdoshlariga o‘z o‘tmishi saboq bo‘lishini istab, erinmay har biri bilan alohida-alohida suhbatlashdi. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatdi, yurtida qolib ishlashlari uchun ish o‘rinlari yaratdi.

Shunga qaramay, orqavarotdan aytiladigan gaplar to‘xtamasdi. «U puldor bo‘lib ketgan, yaxshi ishbilarmon, ammo baribir odam o‘ldirgan-ku, qotil, qamalib chiqqan», degan sovuq so‘zlar uning yelkasiga xuddi ko‘rinmas changdek yopishib qolgandi.

— Men bir umr uy qurishni, hashamatda yashashni orzu qildim, — dedi u bir kuni o‘g‘li Ilhomga ichini bo‘shatib. — Ammo uyning tosh devorini tiklash oson ekan... Uning ichidagi boy berilgan ishonchni saqlab qolish ham, qayta tiklash ham juda qiyin ekan, bolam...

Rahim otaning qalbida yillar davomida bitta umid va istak yashab keldi. U buni qamoqxonaning sovuq devorlari orasida ham his qilgandi. Nima bo‘lgan taqdirda ham Sobirning oilasidan kechirim so‘rashni qattiq istadi. Mudom o‘z-o‘ziga savol berardi: tiz cho‘kib kechirim so‘ragani bilan bir insonning barvaqt xazon bo‘lgan umrini ortga qaytara olarmidi?

U Sobirning xonadoniga bordi va ularning qarshisida boshini egdi:

— O‘zimni aslo oqlamayman... Musofirlikdagi iztiroblarim ham, alamim ham, ayolimning xiyonati ham qilgan mudhish qilmishimga bahona bo‘lolmaydi. Men bir insonning hayotiga nuqta qo‘ydim. Bu gunohning jazosini yillar davomida qamoqda ham o‘tay olmadim. Bu sovuq va og‘ir yukni hanuz yuragimda ko‘tarib yuribman. Meni kechiringlar...

— Siz kechirim so‘rayapsiz, lekin biz uning ovozini boshqa hech qachon eshitolmaymiz! — Sobirning ayoli chinqirib, ich-ichidan yig‘lab yubordi. — Uning sochlarini siypalab, bag‘rimizga bosolmaymiz. Har safar sovuq va sho‘r tuproqni quchoqlab qaytamiz... Buning qanchalar dahshatli og‘riq ekanini siz his qila olasizmi?!

Rahim ota uyiga qadamlarini zo‘rg‘a bosib, og‘ir xayollar bilan qaytdi. Keksaygan sari u qalbidagi dardlarini oq qog‘ozga tushirishga — kundalik yozishga odatlangandi. Kundaligining so‘nggi sahifalaridan birida shunday alamli so‘zlar muhrlangandi:

«Men yigirma besh yoshimda pul topish ilinjida uydan chiqib ketdim.

Yillar davomida bir-ikki martagina ko‘rinish berdim-u, tag‘in ortimga qaytdim. O‘ttizdan oshganimda esa, o‘z hovlimga xuddi begonadek qadam qo‘ydim. Ko‘zlarimni g‘azab ko‘r qilib sodir etgan o‘sha xatoim meni butun umrlik xotirjamlikdan mahrum etdi. Qo‘llarimni qonga belladim. Navqiron yoshligim temir panjaralar ortida keksaydi. Bugun men o‘sha temir panjaralarning ichkarisida emas, tashqarisidaman. Afsuski, qilayotgan hech bir xayrli va savobli ishim o‘sha bevaqt o‘lgan insonning umrini qaytarib berolmasligini yaxshi bilaman. Ko‘cha-ko‘yda meni haliyam

«qotil» deb barmoq bilan ko‘rsatishadi. Bolalar ma’nosini anglamay, orqamdan

«tyuremshik» deb masxaralashadi... Axir bir paytlar men ota-onasining qarg‘ishini emas, oq duosini olgan sodiq o‘g‘il edim-ku. Farzandlarini sog‘ingan mushfiq ota edim-ku...»

Rahim ota hovlisining o‘rtasida turgan o‘sha ko‘hna tut daraxti soyasiga keldi. Tiz cho‘kkancha, titroq qo‘llarini duoga ochib, so‘nggi bor iltijo qildi:

— Ey, Parvardigorim... Mening qilgan mudhish xatoimdan boshqalarga saboq ber. O‘lgan insonning haqini, uning yaqinlarining qalbidagi alam va iztiroblarini, mayli, menga unuttirma. Faqat bolalarimga sabr-bardosh ber... Nevaralarimni g‘azab va nafrat balosidan asra...

Ertasi kuni erta tongda qishloq bo‘ylab sovuq bir xabar tarqaldi:

«Ana u qotil bor-ku, qamalib chiqqan Rahim ota... Peshin namozidan keyin o‘shaning janozasi ekan...»

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.